So’nggi yangiliklar

11:52Хабиб Нурмагомедов Ислам Махачевнинг машғулот йиғинига қўшилди + ФОТО 0 11:31Суперлига. Бугун 8-тур баҳслари давом эттирилади 0 11:10Рим "Мастерс" турнирида чемпион аниқанди 0 10:49Жаҳон чемпионатининг биринчи кунидан сўнг 107 давлат орасида нечанчи ўриндамиз? 0 10:28Нурсултон Рўзибоев: "Бу ҳақиқий жанг бўлади" 0 10:07"Барселона" Испания Суперкубоги 1/2 финалида "Атлетик" билан ўйнайди, "Реал" эса... 0 09:46Гусков Энтони Смит билан жанг қиладими? Богданнинг ўзи бунга ойдинлик киритди 0 09:25"Бургут" жамоаси Ўзбекистон хоккейи ёш юлдузини ўз сафига қўшиб олди 0 09:04Ричард Торрес профессионал боксдаги 10-жангини ўтказди 0 08:43"Ланс" сўнгги дақиқаларда Европа лигасидан қуруқ қолди 0 08:22Боксчиларимиз "Елорда кубоги"ни битта олтин медаль билан якунлашди 0 08:01Расман. "Ҳумо" бу мавсум қайси чемпионатда иштирок этишини эълон қилди 0 21:57Диёра Келдиёрова Жаҳон чемпионати шоҳсупасида! ФОТОГАЛЕРЕЯ 0 20:31"Мерседес" "Запорожец"ни чангида қолдириб кетди — футбол мураббийи бўлишдан бошқа ҳамма ишни қилишга рози банк мутахассиси ғолиб бўлган Европа чемпионатини ёдга оламиз 0 20:10"Реваншни сабрсизлик билан кутаман" - Собиқ UFC чемпиони Фьюри-Усик жанги ҳақида гапирди 0

29 mar 19:12
Yangiliklar

Qishki sport turlari, Qiziqarli!

15 yoshida Olimpiada chempioni bo'lgan maftunkor muz malikasi Alina Zagitova haqida

Teglar :  Alina Zagitova
Muz ustida aql bovar qilmas murakkab elementlarni o'ziga bo'ysundira olgan muz malikalari bilan tanishamiz.

Ilk qahramonimiz maftunkor Alina Zagitova

 

Alina Zagitova

Rossiyalik figurali uchuvchi Alina Ilnazovna Zagitova 2002 yil 18 may kuni Rossiya tarkibiga kiruvchi Udmurtiya poytaxti Ijevsk shahrida tavallud topgan. U erda ruslardan tashqari udmurt va tatar millati vakillari istiqomat qiladi. Millati tatar bo'lgan Zagitovaning ismini badiiy gimnastika bo'yicha Olimpiya chempioni Alina Kabaevaga havas ila Alina qo'yishgan.

Alinaning otasi xokkeychi va xokkey murabbiyi Ilnaz Zagitov, onasi Leysan tadbirkor ayol. Alinaning Sabina ismli singlisi bor, u ham bolaligidan figurali uchish bilan shug'ullanadi, ammo hali sezilarli yutuqlarga erishmagan.

Ilnaz Zagitovning aytishicha, agar u o'g'il bola bo'lib tug'ilganida xokkeychi bo'lardi. Ammo qizlarining taqdiri baribir konki bilan bog'liq bo'ldi. Biroq, Alina Zagitova bolaligida badiiy gimnastikaga qiziqqan. Uning singlisi esa figurali uchishdan tashqari, baletni yaxshi ko'radi.


Alina Zagitovaning figurali uchishga kirib kelishi qanday bo'lgan? 

2007 yilda Zagitovlar Almetevskga ko'chib o'tgan. SHahar sport saroyida figurali uchish bo'limi bo'lib, Alina mana shu erda birinchi marta to'rt yoshida figurali uchishdagi mashg'ulotlarini boshlagan. Uning birinchi murabbiyi Damira Pichugina hisoblanadi. 2008 yilda Zagitovlar Ijevskga qaytib kelishdi va Alina shu erda Natalya Antipina guruhidagi o'smirlar sport maktabida o'qishni boshladi. Keyinchalik Alina figurali uchishni bir necha bor tashladi. U hatto badiiy gimnastikaga ham bordi, lekin tez orada muzga qaytdi. 

Alina Zagitova ulkan yutuqlarni qo'lga kiritdi. Ammo agar afsonaviy Eteri Tutberidze unga ikkinchi imkoniyatni bermaganida, uning karerasi balki bu darajada bo'lmas edi

2015 yilda Alina Zagitova Moskvaga ko'chib o'tdi va Eteri Tutberizde bilan shug'ullana boshladi. Aynan Tutberizde qo'l ostida Alina kelajakdagi g'alabalar kaliti sirini o'rgandi. Bungacha esa Zagitova bir necha bor figurali uchishni tashlagan. Tutberizdening takidlashicha, dastlab qizaloq zaif edi. Lekin u juda qattiq harakat qila boshladi. Mashg'ulotlar boshlanganidan uch oy o'tgach, Zagitova dangasa bo'la boshladi va Alina Tutberidze guruhidan haydaldi. Bir muncha vaqt u Anna Careva bilan birga mashg'ulotlarni davom ettirdi. Bir nechta ruhiy zarbalardan so'ng, Zagitova o'zining sport karerasini yakunlash haqida o'ylay boshladi, u aslida boshlanmagan edi. Biroq, Tutberidze yosh figurali uchuvchiga ikkinchi imkoniyat berdi. Sababi murabbiy Alinada salohiyatni ko'ra oldi.

Bu vaqtda taslim bo'lmaslik uchun Alinaga buvisi yordam berdi. Muzga qaytib kelgach, Zagitova tez orada jarohat oldi - u qo'lini, keyin oyog'ini sindirib oldi va tom manoda yana yurishni, konkida uchishni va muz ustida yo'qotilgan vaqtni qoplashni o'rgandi. U Tutberidze qanoti ostida qaytishga va ulkan g'alabalarni qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi.

2016/17 yilgi mavsumda sportchi ilk bor Marselda o'tkazilgan o'smirlar o'rtasidagi Gran-prida ishtirok etdi. Birinchi bosqichda u birinchi o'rinni egalladi, ikkinchi bosqichda uchinchi o'rindan joy olgan Zagitova finalda qisqa dastur (70,92) va erkin dastur (136,51)dagi ochkolar yig'indisi bo'yicha uchta jahon rekordini o'rnatib, oltin medalni qo'lga kiritdi, umumiy ball - 207,43.

Gran-pridan so'ng Zagitova Sankt-Peterburgdagi o'smirlar o'rtasidagi Rossiya chempionati, Turkiyadagi Evropa yoshlar olimpiya festivali va Xitoyda o'tkazilgan o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionatida oltin medalni qo'lga kiritdi.

Alina Zagitova figurali uchish bo'yicha o'smirlar o'rtasidagi barcha unvonlarni o'ziniki qildi va beshta jahon rekordini o'rnatdi.

15 yoshida kattalar o'rtasidagi musobaqalarda debyut qilgan Zagitovaning natijalari qanday?

2016 yil dekabr oyining oxirida Alina Rossiya chempionatida ishtirok etdi va u Evgeniya Medvedevaga yutqazib, ikkinchi o'rinni egalladi. 2017 yil may oyidan boshlab Alina rasman kattalar jamoasiga o'tdi.

2017 yil sentyabr oyida Zagitova Lombardiya Kubogi turnirida birinchi o'rinni egalladi. 2017 yil dekabr oyida u Nagoyadagi Gran-pri finalida qatnashib chempionlikni qo'lga kiritdi. Xuddi shu yili figurali uchuvchi birinchi marta Rossiya chempioni degan nomga ham sazovor bo'ldi.

Yangi yildan boshlab Alina Zagitova o'zining g'alabalari va rekordlari seriyasini davom ettirdi: u Evropa chempionatida birinchi o'rinni egalladi va Pxyonchxangdagi Olimpiya o'yinlarida jamoaviy bahslarda kumush, yakkalikda oltin medalni qo'lga kiritdi. Bu vaqtda Alina 15 yoshu 255 kunlik edi va u Tara Lipinskidan keyin figurali uchish bo'yicha yakkalik bahslarida Olimpiya o'yinlarida chempion bo'lgan ikkinchi eng yosh figurali uchuvchiga aylandi.

Ammo shundan keyin u Milanda bo'lib o'tgan jahon chempionatida atigi beshinchi o'rinni egalladi.

2018/19 yilgi mavsumda Alina Rossiya chempionatida beshinchi va Minskdagi Evropa chempionatida ikkinchi o'rinni egalladi. 2019 yil mart oyida Sayamada jahon chempionati bo'lib o'tdi. Zagitova vanihoyat shohsupaning eng yuqori pog'onasidan joy oldi. Bu natija qo'lga kiritishi mumkin bo'lgan yutuqlari orasida etishmayotgan oxirgi mukofot edi. Alina Zagitova figurali uchish bo'yicha yutish mumkin bo'lgan barcha unvonlarning sohibasi. Bu ko'rsatkich bo'yicha u jahon figurali uchish tarixidagi ikkinchi (koreyalik Kim Yong Ahdan keyin) figurali uchuvchidir.

2019/20 yilgi mavsum Alina uchun unchalik muvaffaqiyatli bo'lmadi: Alina Franciya Gran-prisi bosqichida kumush, Yaponiya bosqichida bronza medaliga sazovor bo'ldi, ammo Gran-pri finalida u atigi oltinchi o'rinni egalladi. 2019 yil dekabr oyida Zagitova faoliyatini to'xtatganini elon qildi. Figurali uchuvchi mashg'ulotlarda davom etmoqda, ammo milliy yoki xalqaro musobaqalarda qatnashmaydi. Mutaxassislarning fikriga ko'ra, Zagitova katta sportga qaytish uchun motivaciyaga ega emas - u allaqachon figurali uchish bo'yicha eng nomdor rossiyalik ayol, Alina esa endi yosh figurali uchuvchilar bilan raqobatlasha olmasligi mumkin. 

Alina shu yilning fevral oyida Pekinda bo'lib o'tgan Olimpiya o'yinlarida delegaciya tarkibida Xitoyga bordi va O'yinlarni muxbir sifatida yoritdi. 


Alina Zagitova qancha maosh oladi?

Zagitovaning daromadi turli mamlakatlarda tashkillashtiriladigan shoularidagi pullar, shuningdek, Alina yuzi bo'lgan Puma va Shiseido brendlari bilan imzolangan shartnoma pullari orqali keladi. 

2020 yilda Alina Rossiya Federaciyasi Prezidenti huzuridagi Akademiyaning Davlat boshqaruvi institutida kunduzgi bo'lim talabasi bo'ldi. Parallel ravishda u Jismoniy tarbiya universitetiga ham o'qishga kirdi.

Faoliyatini to'xtatganidan so'ng, Zagitova ikki marta Aleksey Yagudinning «Muzlik davri» televizion loyihasida boshlovchilik qildi.

Alina Zagitovaning yutuqlari

Alina Zagitova 14 marotaba xalqaro musobaqalarda g'olib bo'lgan, jumladan, «CHellenjer», Gran-pri va o'smirlar o'rtasidagi chiqishlar. U figurali uchish bo'yicha «Oltin Dubulg'a» sohibasi, yani u barcha muhim turnirlarda chempionlik unvoniga ega: o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionati, kattalar o'rtasidagi jahon chempionati, Evropa chempionati, Gran-pri finali va Olimpiya o'yinlaridagi chempionlik. 

Bundan tashqari, Zagitova qisqa va erkin dasturda ballar yig'indisi bo'yicha bir necha bor jahon rekordlarini o'rnatgan.


Alina Zagitova va Evgeniya Medvedeva o'rtasidagi raqobat

Ikki istedodli figurali uchuvchi o'rtasidagi raqobat do'stlik tarifi bo'yicha bo'lishi mumkin emas, ammo aksariyat hollarda sportchilar hali ham neytral bo'lishni afzal ko'rishadi. Jiddiy istisno faqat 2000 yillarning boshidagi Yagudin va Plyushenko o'rtasidagi qarama-qarshilik deb hisoblanishi mumkin. Asosiy kelishmovchiliklar muxlislar o'rtasida bo'lib o'tadi.

Alina Zagitova Olimpiya o'yinlarida g'alaba qozonganidan so'ng, Tutberidzening yana bir shogirdi Evgeniya Medvedevaning muxlislari nafratiga duch keldi. O'yinlar paytida Medvedeva jarohat oldi, shuning uchun uni qo'llab-quvvatlayotgan muxlislar guruhi Alinani qoraladi. Aytilishicha, Alina raqibining jismoniy zaifligidan foydalangan va faqat «texnik sakrashchi» bo'lgani uchun chempion bo'lgan. Olimpiya o'yinlaridan bir yarim yil o'tgach, Evgeniya Medvedeva murabbiylar shtabidan shikoyati borligini aytdi va shundan so'ng unga imkoni boricha kuchliroq dastur berildi. Qizig'i shundaki, ikkala figurali uchuvchi ham to'g'ridan-to'g'ri mojaroda ishtirok etmaydi va hozirda bir-birlari bilan mutlaqo neytral tarzda muloqot qilishadi.

Alina Zagitovaning shaxsiy hayoti

Alina Zagitova turmushga chiqmagan. U Rossiya jurnallaridan biriga bergan intervyusida ziyofatlarga borish unga qiyin bo'lishini va shuning uchun u yaqinlari hamda qarindoshlari bilan muloqot qilishni afzal ko'rishini aytgan edi. Bundan tashqari, sportchi mashhurlik unga yuk bo'lganini ham tan olgan.

Zagitovaning aytishicha, chempion bo'lish istagi ota-onasini Ijevskdan Moskvaga olib ketish niyati bilan ham bog'liq. O'z navbatida Ilnaz Zagitov to'ng'ich qizini hayotning qiyin pallasida qo'llab-quvvatlash maqsadida Izevskdagi murabbiylik faoliyatini yakunlagan. Zagitovaning xokkeyga mehri bo'lak. Bu albatta, dadasining aynan shu sohada ekanligi bilan ham bog'liq. 


Alinaning yana bir muhim «oila azosi» Yaponiya Bosh vaziri tomonidan sovg'a qilingan Akita zotiga mansub Masaru ismli itdir. Alina u bilan juda ko'p vaktini birga o'tkazadi. Turli mamlakatlarga qiladigan sayohatlarida ham u "qadrdoni"ni birga olib ketadi.


Alina Zagitova ijtimoiy tarmoqlarda

Alina Zagitova Instagram sahifasini faol tarzda yuritib boradi. Uning Instagram'da 1,1 mln obunachisi bor. Alina sahifasiga turli mamlakatga uyushtirgan sayohatlaridan suratlar, shuningdek, fotosessiyadagi kadrlarni joylab boradi. SHuningdek, Zagitova yaqinda shaxsiy Telegram kanalini ishga tushirdi. Alina Tik-Tok'da ham faol. 

Olimpiada va jahon chempioni ikki marta Toshketga tashrif buyurgan 

2021 yilning 26 aprel sanasida poytaxtimizdagi "Humo Arena" muz saroyida Eteri Tutberidze boshchiligidagi figurali uchuvchilar jamoasining "CHempionlar muz ustida" nomli shousi tashkil etildi.  Ushbu shou doirasida Olimpiya o'yinlari, jahon va Evropa chempioni Alina Zagitova, Olimpiya o'yinlarining ikki karra kumush medali sohibasi, ikki karra jahon chempioni Evgeniya Medvedeva, jahon chempioni Anna SHerbakova muzda o'z chiqishlarini namoyish etishgan edi. 

Toshkentga ilk bor kelgan kuni: "Yomg'irli Moskvadan yozga tushib qolish naqadar ajoyib", - deya suratlar ostida izoh qoldirgandi Zagitova.

2021 dekabr oyida u yurtimizda ikkinchi bor mehmon bo'ldi. "Humo Arena" muz saroyida bo'lib o'tgan Rossiya chempioni Tatyana Navkaning loyihasi bo'lgan «Qizil gul» nomli musiqali shouda ishtirok etdi. Ushbu shouda asosiy rolni Olimpiada chempioni Alina Zagitova ijro etdi.

Alina yana bir bor O'zbekistonga tashrif buyuradi. 29 aprel kuni Eteri Tutberidze qo'l ostida ulkan yutuqlaga erishgan bir qator taniqli figurali uchuvchilar Toshkentda shou tashkil qiladi. SHou dasturida Alina Zagitova, Evgeniya Medvedeva, Anna SHerbakova, Kamila Valieva va Aleksandra Trusova kabi Olimpiya o'yinlariing chempion va sovrindorlari "Humo Arena"da "CHempionlar muz ustida" nomli shou dasturini taqdim etishadi. 

Olimpiada, jahon va Evropa chempionining muz ustidagi ajoyib harakatlariga guvoh bo'lmoqchi bo'lsangiz, 29 aprel kuni poytaxtimizda bo'lib o'tadigan shouga tashrif buyuring. 

Xurshida Abdikulova tayyorladi

Reyting: +2   

Fikrlar

   
30 mar 00:08:04
Умид Мамбетов
Жуда гузал нарса
< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing