So’nggi yangiliklar

16:55Нурсултон Рўзибоев: «Ўзимнинг хатом билан рақиб курашга кирди» 0 16:32"Фьюри тўққизинчи раундда туриб бера олганидан ҳайрон қолдим" - Кличко 0 16:10Нурсултон Рўзибоев нима учун қисқа вақт орасида жангни қабул қилганини айтди 0 15:47Forbes. Роналду – энг сердаромад спортчи, Месси эса... 0 15:24Тайсон Фьюри Александр Усикка ноодатий таклиф берди 0 15:01Дмирий Бивол Саудия Арабистонига етиб борди 0 14:19Мухлислар ташрифи бўйича жорий мавсум рекорди Наманганда янгиланди 0 14:11UFC Нурсултонга: "Тезроқ жароҳатни тузат. Сен учун режамиз бор" 0 13:58Жон Жонс Миочич билан жангдан қанча пул ишлаб олишини очиқлади 0 13:37Нурхон Қурбонова Париж-2024 Паралимпия ўйинларига иккинчи лицензиясини қўлга киритди! 0 13:16"Бургут" хоккей клуби "Ҳумо"нинг менежерини трансфер қилди 0 12:55Хави 2023-2024 йилги мавсумни сарҳисоб қилди 0 12:34Усик ва Фьюри жангдан қанча пул ишлаб олишгани маълум бўлди 0 12:13Жамал Хилл иштирокидаги жанг бекор қилинди 0 11:52Хабиб Нурмагомедов Ислам Махачевнинг машғулот йиғинига қўшилди + ФОТО 0

15 mar 07:23
Yangiliklar

Gimnastika

CHusovitinaning maktabini tashkil etish bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Teglar :  Oksana CHusovitina
Gimnastika bo'yicha Oksana CHusovitina sport mahorati maktabini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori elon qilindi.

Gimnastika bo'yicha Oksana CHusovitina sport mahorati maktabini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori


O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi “Sport-talim muassasalari faoliyatini 2025-yilgacha rivojlantirish dasturi to'g'risida”gi PQ-5280-son qaroriga muvofiq, shuningdek, sport gimnastikasi bo'yicha iqtidorli sportchilarni tayyorlash, Olimpiya o'yinlarida g'olib va sovrindor bo'lgan sportchilarimiz faoliyatini

keng targ'ib etish maqsadida:

1. Sportni rivojlantirish vazirligi tizimida Gimnastika bo'yicha Oksana CHusovitina sport mahorati maktabi (keyingi o'rinlarda – gimnastika maktabi) tashkil etilsin.

2. Quyidagilar gimnastika maktabining asosiy vazifalari etib belgilansin:

zarur sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan, zamonaviy xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-texnik hamda o'quv-mashg'ulot bazalarini yaratish va turli darajadagi xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda – Olimpiya va Osiyo o'yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, universiadalar hamda boshqalarda O'zbekistonning sharafini munosib himoya qilishga qodir bo'lgan xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlash;

sport gimnastikasi bo'yicha xalqaro darajadagi sportchilarni tayyorlash uchun yuqori malakali mutaxassis-trenerlar, psixologlar va uslubchilarni, shu jumladan, xorijiy mamlakatlardan etakchi mutaxassislarni keng jalb etish orqali trenerlar tarkibini mustahkamlash;

sportchilarning o'quv-mashg'ulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, ilg'or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, o'quv-mashq jarayonlariga eng yangi ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish yo'li bilan ularni nazariy va texnik-taktik jihatdan tayyorlash sifatini muntazam oshirib borish;

sportchilarning professional fazilatlarini rivojlantirish, shuningdek, sport gimnastikasini rivojlantirishning xalqaro talablariga muvofiq holda O'zbekiston milliy terma jamoalariga yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash;

yosh istiqbolli sportchilarni tanlash va tarbiyalash masalalari bo'yicha bolalar-o'smirlar sport maktablari, ixtisoslashtirilgan bolalar-o'smirlar sport maktablari, olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari, olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari, Gimnastika bo'yicha ixtisoslashtirilgan respublika bolalar-o'smirlar olimpiya zaxirasi sport maktabi, gimnastika bo'yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi va boshqa sport-talim muassasalari bilan uzluksiz hamkorlikni amalga oshirish;

sport gimnastikasi bo'yicha milliy terma jamoalar va ularning zaxiralari ishtirokida o'quv-mashq yig'inlari, respublika va mintaqaviy sport musobaqalarini tashkil etish hamda muntazam ravishda o'tkazib borish, trenerlar hamda sportchilarning kasb mahorati darajasini oshirish uchun tajriba almashish bo'yicha xorijiy sport maktablari, klublari va markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

3. Belgilab qo'yilsinki:

gimnastika maktabi o'z faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-iyundagi “Sport turlari bo'yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi 410-son qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiradi, shu jumladan, yuridik shaxs maqomiga ega bo'lgan ixtisoslashtirilgan umumtalim davlat sport-talim muassasasi hisoblanadi;

gimnastika maktabi o'z faoliyatini 2022/2023 o'quv yilidan boshlaydi;

gimnastika maktabi o'quvchilarining umumiy kontingenti jami 165 nafarni tashkil etib, ular 1-11-sinf o'quvchilaridan iborat bo'ladi;

gimnastika maktabi o'quvchilarini umumtalim dasturlari bo'yicha o'qitish ularga eng yaqin joylashgan umumiy o'rta talim maktablarida amalga oshiriladi;

gimnastika maktabi o'quvchilarini yashash uchun jihozlar, sutkalik oziq-ovqat normasi, sport kiyim-boshi va anjomlari, forma bilan taminlashda oliy mahorat sport maktablarining normativlari tatbiq etiladi;

gimnastika maktabi o'quvchilarini tekin (imtiyozli) ovqatlantirish xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar to'lovi undirilmaydi hamda o'quvchilar to'liq Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan oziq-ovqat bilan taminlanadi;

gimnastika maktabi direktori, uning o'rinbosarlari, trener-o'qituvchilar, yo'riqchi-uslubchilar, tarbiyachilar mehnatiga haq to'lash hamda maktab direktorining manaviy-marifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari va tarbiyachilar mehnatini rag'batlantirish Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Xalq talimi xodimlari mehnatiga haq to'lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to'g'risida”gi 275-son qaroriga muvofiq;

gimnastika maktabi direktori, uning o'quv va sport ishlari bo'yicha o'rinbosari, trener-o'qituvchilar, yo'riqchi-uslubchilar, tibbiyot xodimlari mehnatini rag'batlantirish Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentyabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag'batlantirish tizimini yana-da takomillashtirish to'g'risida”gi 211-son qaroriga muvofiq;

gimnastika maktabi tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to'lash Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi “Tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to'lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to'g'risida”gi 276-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

4. Quyidagilar gimnastika maktabini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Davlat byudjeti mablag'lari;

faoliyat ixtisosligi bo'yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizaciya qilishdan va maktabning ustavidagi vazifalarga muvofiq bo'lgan boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;

asosiy mashg'ulotlar o'tkazilmaydigan vaqtda bo'sh turgan mol-mulkni ijaraga berishdan tushgan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov):

a) uch oy muddatda:

gimnastika maktabining ustavini tasdiqlash, shuningdek, uni belgilangan tartibda davlat ro'yxatidan o'tkazish;

gimnastika maktabini zamonaviy pedagogik texnologiyalarni egallagan malakali pedagog kadrlar hamda trenerlar bilan bosqichma-bosqich to'ldirish choralarini ko'rsin;

b) O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi va O'zbekiston gimnastika federaciyasi bilan birgalikda gimnastika maktabida sportchilarni tayyorlash sifati yuzasidan doimiy davlat nazoratini amalga oshirsin;

v) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda gimnastika maktabining boshqaruv, texnik, xizmat ko'rsatuvchi va o'quv-yordamchi xodimlarining shtat jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

g) Xalq talimi vazirligi bilan birgalikda umumiy o'rta talim maktablarining o'quvchilarini gimnastika maktabida shug'ullanish uchun jalb etish choralarini ko'rsin.

6. Sportni rivojlantirish vazirligi, O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi, Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligi 2022-yil 1-avgustga qadar Toshkent shahar, Mirobod tumani, Sarako'l ko'chasi, 24 m-uy manzilida joylashgan 175-son umumiy o'rta talim maktabiga tutash hududda zamonaviy gimnastika maktabi tashkil etilishi va jihozlanishini taminlasin.

Gimnastika maktabini tashkil etish va jihozlash uchun Davlat byudjetidan jami 25 milliard so'm yo'naltirilsin.

Vazirlar Mahkamasi Cportni rivojlantirish, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish, Moliya vazirliklari bilan birgalikda mazkur band talablaridan kelib chiqib 2022-2024-yillarda O'zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining tegishli parametrlarini qayta ko'rib chiqsin.

7. Qurilish vazirligi (B.Zakirov) gimnastika maktabining loyiha hujjatlari ishlab chiqilishida eng maqbul memoriy hamda texnik echimlar qo'llanilishini, maktabni innovacion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan engil konstrukciya va materiallardan qurish, shinamlik va ekologik xavfsizlik talablariga muvofiqlik yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan o'tkazishni taminlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini o'rnatsin.

8. Moliya vazirligi gimnastika maktabi faoliyatini saqlash bilan bog'liq zarur mablag'larni 2022-yil respublika byudjetida ko'zda tutilgan mablag'lar doirasida, 2023-yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutishni taminlasin.

9. Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I.Ikramov hamda Toshkent shahar hokimi J.A.Artikxodjaev belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.


O'zbekiston Respublikasi Prezidenti    SH.MIRZIYOEV

Toshkent shahri, 2022 yil 14-mart

Reyting:    

Fikrlar

< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing