So’nggi yangiliklar

17:17"Жирона" "Ливерпуль" юлдузини сафига қўшиб олмоқчи 0 16:55Нурсултон Рўзибоев: «Ўзимнинг хатом билан рақиб курашга кирди» 0 16:32"Фьюри тўққизинчи раундда туриб бера олганидан ҳайрон қолдим" - Кличко 0 16:10Нурсултон Рўзибоев нима учун қисқа вақт орасида жангни қабул қилганини айтди 0 15:47Forbes. Роналду – энг сердаромад спортчи, Месси эса... 0 15:24Тайсон Фьюри Александр Усикка ноодатий таклиф берди 0 15:01Дмирий Бивол Саудия Арабистонига етиб борди 0 14:19Мухлислар ташрифи бўйича жорий мавсум рекорди Наманганда янгиланди 0 14:11UFC Нурсултонга: "Тезроқ жароҳатни тузат. Сен учун режамиз бор" 0 13:58Жон Жонс Миочич билан жангдан қанча пул ишлаб олишини очиқлади 0 13:37Нурхон Қурбонова Париж-2024 Паралимпия ўйинларига иккинчи лицензиясини қўлга киритди! 0 13:16"Бургут" хоккей клуби "Ҳумо"нинг менежерини трансфер қилди 0 12:55Хави 2023-2024 йилги мавсумни сарҳисоб қилди 0 12:34Усик ва Фьюри жангдан қанча пул ишлаб олишгани маълум бўлди 0 12:13Жамал Хилл иштирокидаги жанг бекор қилинди 0

31 may 19:51
Yangiliklar

Boks/MMA, Qiziqarli!

O'zbek MMAsi inqiroz ko'chasidami? Yoki...

Kecha tojikistonlik yana bir aralash yakkakurash ustasi UFC bilan shartnoma imzolaganidan xabaringiz bo'lsa kerak.

Umuman olganda, UFC bu MMA sporti uchun etalon. Gonorar borasida ham, auditoriya masalasida ham Dana Uayt tashkilotiga teng keladigani hozircha yo'q. Qiziq, bugungi kunda ushbu tashkilotda Markaziy osiyoliklar soni qanchani tashkil etyapti ekan?

O'zbekiston — 1

Qirg'iziston — 3

Qozog'iston — 7

Tojikiston — 4.

Ha, dunyoning eng yaxshi MMA promoushenida Markaziy Osiyo vakillari soni oydan-oyga oshib bormoqda. Yomon tomoni esa, undagi o'zbekistonlik jangchilar soni aksincha kamayib boryapti. Bugunga kelib so'nggi vakilimiz o'zining oxirgi imkoniyati qarshisida turibdi.



Bu yil tojikistonlik jangchilarning "oshig'i olchi" bo'ldi, deyishingiz mumkin. Fikringizga to'liq qo'shilaman, ularning deyarli yarmi zaxira jangchisi sifatida "o'yinga kirdi". Ammo bir narsani unutmaslik lozim, ularning barchasi UFC bilan shartnoma imzolashiga qadar chet eldagi yirik ligalarda jang qilgan, Amerikada "katta bo'lgan" yigitlardir.


Qozog'istonlik yigitlarga ham tan bermay iloj yo'q. Yarimo'rta vazn toifasidagi SHavkat Rahmonov reytingda oltinchi pog'onada bormoqda, chempionlik kamari uchun asosiy davogarlardan hisoblanadi u. Engil vazn toifasidagi Damir Ismagulov esa promoushendagi beshta g'alabasi orqali o'n ikkinchi o'ringa chiqib oldi. SHuningdek, eng engil vaznda Sergey Morozov yaxshilab "o'rnashib olishga" harakat qilyapti. Qizig'i, UFC'da oltita jang o'tkazib, ularning beshtasida mag'lub bo'lgan qozoq — Jalgas Jumagulov tashkilotdan ketib, yana qaytib kelishga ham ulgurdi. Yaqinda esa Qozog'istonning o'zida jang qilib, "ko'tarilgan" ikki yigit — Asu Almabaev va Azat Maksumlar ham UFC bilan shartnoma imzoladi. Tasavvur qilyapsizmi? Octagon League'da jang qilib yurgan yigit UFC bilan kelishuvga erishyapti. Buning sababi shundaki, Azat Maksumning menejeri chet el ligalari bilan yaxshi aloqada va u juda kuchli menejer.




Qirg'izistonda esa uch nafar aktiv jangchi bor: Rafael Fiziev, Valentina SHevchenko hamda Antonina SHevchenko. Fiziev va Valentinani ortiqchi tanishtirishga hojat yo'qdir. Biri yaqinda chempionlik uchun ehtimoliy davogarlik jangida, yana biri esa titul himoyasi yo'lida jang qilib, mag'lub bo'ldi. Antonina esa o'rtacha tempdagi jangchi. Ataman Fizievning bir vaqtning o'zida Ozarbayjon bayrog'i ostida ham oktagonga chiqayotganini qo'shimcha qilish joiz bo'lsa kerak.




Turkmanistonda esa havo harorati -0 daraja:)

Endi o'zimizning "qorako'zlar" haqida

UFC'da ayni paytda bir nafar aktiv jangchimiz bor - Mahmud Muradov! Boshlanishida ham faqat u bor edi. Orada Zarruh Adashev, Liliya SHakirova hamda Saidyoqub Qahramonovlar katta ligani "ziyorat" qilishdi. Aslida jangchilarimizda hammasi yaxshi ketayotgan edi.

Muradovga kelsak, unda start juda zo'r bo'lgandi. Birin-ketin uchta g'alaba orqali Kevin Xolland bilan jang qilishi mumkin edi o'shanda. Keyin esa Myorshartdan bo'g'ilib qoldi va shu bilan faoliyati ham bir muddat "bo'g'ildi". Mahmud ikki yildirki, hali o'sha bo'g'ilishdan o'ziga kela olmayapti... U iyul oyida o'zi bilan deyarli bir xil holatdagi Brayan Barbarena bilan jang qiladi. Bu unga so'nggi imkon bo'lishi ehtimoli yo'q emas.


Keyinroq qo'shilgan Zarruh Adashev esa UFC'da to'rtta jang o'tkazdi: 1 ta g'alaba, 3 ta mag'lubiyat. Zarruhni qaysidir tomonlama qozoqlarning Jalgas Jumaguloviga o'xshatish mumkin, faqat Adashev hozircha UFC'ga qaytmadi.


Liliya SHakirova bitta jang o'tkazdi. Yodingizda bo'lsa, o'shanda u qisqa muddatda jarohat olgan jangchining o'rniga oktagonga chiqqandi. Deyarli mashg'ulotsiz oktagonga chiqqan Liliya tajribali raqibasiga yutqazdi. Keyinchalik unda doping aniqlanib, ikki yilga chetlatildi. Diskvalifikaciya muddati tugaganidan so'ng undan qachon qaytishini so'raganimda, mavhum javob bergan edi. Buning sababi malum bo'ldi: UFC u bilan o'rtadagi shartnomani bekor qilgan.


Hammasi orqaga ketayotganda zaxira jangchisi sifatida o'yinga qo'shilgan Saidyoqub Qahramonov ham xafa qilib ketdi. Qahramonov promoushendagi dastlabki ikki jangida g'olib bo'lgan edi. Ammo uchinchi jangida Said Nurmagomedovga mag'lub bo'lganidan so'ng, u UFC bilan nizoga bordi. Buning oqibati esa ketish bilan tugadi. Tugadi:)


Hozir esa faqat Mahmud Muradov aktiv bo'lib turibdi. Abu-Dabida Kayo Borraloga mag'lub bo'lganidan so'ng, u ortiqcha hamma narsani deyarli yig'ishtirgandek: MPL, O'zbekistondagi tayyorgarliklar va kichik yig'inchalar, har xil tadbirlar va boshqalar. U oxirgi paytda bor etiborini CHexiya va Polshada jangga tayyorlanishga qaratgan.

Xo'sh, nega jangchilarimizning UFC bilan shartnoma imzolashi tobora kamayib ketmoqda?

Birinchi navbatda menejerlarning tajribasizligi. Buni prof boks misolida ham olish mumkin.

CHet davlatda jang qilayotgan sportchilarimizning kamligi. Tailand hisob emas)

Hozirgi bazi "jangchilar"ni ko'rib, achinasan kishi... Biri raqibini sotib olishga urinadi. Yana bir "jangchi" esa yaqinda Instagram sahifasi orqali "bomba" yangilikni elon qilishini aytib, rosa kuttirdi. Nima ekan desam, yangi mashina sotib olibdi (endi esa giveaway o'tkazmoqchi ekan). Ana senga ahvol! To'g'ri, bu uning o'z ishi, ammo sportchining asosiy maqsadi esdan chiqib qolishi bu uning mag'lubiyati emasmi?

Yaxshi tarafi, yosh va ishonchli avlod ham etishib chiqmoqda. Misol uchun, Sanjar Zokirov, Ramazon Temirov, Boburjon Mashrapov, Jahongir Najmiddinov, Doston Bozorov, Avliyoxon Hamidov, Xotambek Boynazarov... Mana Saidyoqub ham UFC'ga qaytaman deb turibdi. Sanasak juda ko'p bunday jangchilarimiz. Ular bemalol jang qila oladi UFC'da ham, boshqa ligalarda ham. Ammo o'sha ergacha etib olish, mana shu eng katta muammoimiz bo'lib qolmoqda... Aynan shu sabab bilan Nursulton Ro'ziboev, Ilhom Nazimov, Ramazon Temirov va boshqa ko'zga ko'ringan jangchilarimiz boshqa promoushenlarda vaqtini ketkazmoqda, deyish mumkin. Balki ularga ham reklama uchun bu ligalar kerakdir. 

Xullas, O'zbek MMAsi hozirda inqiroz ko'chasida, ammo unda "dahshatli" avlod etishib chiqmoqda. Faqat ular to'g'ri yo'lga yo'naltirilsa bas...

Diyor Mavlonov tayyorladi



Reyting: +1   

Fikrlar

< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing