So’nggi yangiliklar

16:10Нурсултон Рўзибоев нима учун қисқа вақт орасида жангни қабул қилганини айтди 0 15:47Forbes. Роналду – энг сердаромад спортчи, Месси эса... 0 15:24Тайсон Фьюри Александр Усикка ноодатий таклиф берди 0 15:01Дмирий Бивол Саудия Арабистонига етиб борди 0 14:19Мухлислар ташрифи бўйича жорий мавсум рекорди Наманганда янгиланди 0 14:11UFC Нурсултонга: "Тезроқ жароҳатни тузат. Сен учун режамиз бор" 0 13:58Жон Жонс Миочич билан жангдан қанча пул ишлаб олишини очиқлади 0 13:37Нурхон Қурбонова Париж-2024 Паралимпия ўйинларига иккинчи лицензиясини қўлга киритди! 0 13:16"Бургут" хоккей клуби "Ҳумо"нинг менежерини трансфер қилди 0 12:55Хави 2023-2024 йилги мавсумни сарҳисоб қилди 0 12:34Усик ва Фьюри жангдан қанча пул ишлаб олишгани маълум бўлди 0 12:13Жамал Хилл иштирокидаги жанг бекор қилинди 0 11:52Хабиб Нурмагомедов Ислам Махачевнинг машғулот йиғинига қўшилди + ФОТО 0 11:31Суперлига. Бугун 8-тур баҳслари давом эттирилади 0 11:10Рим "Мастерс" турнирида чемпион аниқланди 0

14 iyu 16:29
Yangiliklar

Sambo

Rahim Masharipov: Pahlavon Mahmud izdoshi ekanligimdan faxrlanaman

Mubolag'a emas, kurash ilmi xorazmliklarning qon-qoniga singib ketganki, bu azal-azaldan avloddan avlodga o'tib kelmoqda.

Bugungi kunda ushbu ananani davom ettirayotgan voha polvonlari nafaqat milliy kurash, yakkakurashning boshqa turlarida ham nom qozonib, el nazariga tushmoqda.

SHubhasiz, Rahim Masharipov ana shunday insonlar sirasiga kiradi. Uning sambo maydonida bel olishganini ko'rganlar yana bir bor muxlislik qilsam edi, deydi. Negaki, uning mahorati gilamga chiqqanida o'z aksini topardi. 

Bizning malumot: Rahim Masharipov. Urganch shahrida tug'ilgan, hozir 57 yoshda.    Sambo  bo'yicha xalqaro toifadagi sport ustasi.

Toshkent jismoniy tarbiya institutini(hozirgi O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti) tomomlagan. 

Bir necha marta O'zbekiston chempioni. 

Sobiq ittifoq chempioni (1989 yil) va kubogi (1990 yil) sohibi.

1989 yili AQSHning Nyu-Jersi shtatida o'tkazilgan jahon chempionati va 1991 yili Isroil davlatida uyushtirilgan Evropa chempionatining   kumush medali egasi.        Trenerlik faoliyati mobaynida  10 nafar xalqaro toifadagi sport ustasi, 50 nafar sport ustasi, ko'plab ommaviy toifadagi sportchilarni tarbiyalab, voyaga etkazgan.

Ko'p yillar viloyat 1-son bolalar-o'smirlar sport maktabida trenerlik qildi. 

2009 yildan buyon Urganch ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati tarbiyalanuvchilariga sambo bo'yicha saboq berib kelayotir. 


Yaqinda Xorazm vohasi  sporti, xususan, sambo rivojiga munosib ulushini qo'shayotgan  Rahim Masharipov bilan suhbatlashdik.

- Rahim aka, musohabamiz avvalida sportga kirib kelishingiz haqida malumot bersangiz...

- Yoshligimdan sportga juda qiziqqanman. Qator yillar futbol va boks bilan  shug'ullandim. Maktabning  7-sinfida o'qib yurgan kezlarim edi. Bir kuni do'stlarimni  mashg'ulotini kuzatish uchun sport maktabi  sambo zaliga keldim-u, u erga “bog'lanib” qoldim. Samboning maftunkor usullari sehrlab qo'ygandi. Oxir-oqibat, mazkur sport turi hayotimning mazmuniga aylandi. 

- Birinchi ustozingiz kim bo'lgan?

- Rustam Yo'ldoshev. Mehridaryo bu insondan  samboning dastlabki sir-sinoatlarini o'rgandim. Keyinchalik  institutda Omon Taymurodov qo'l ostida shug'ullandim. Sportda nimagaki erishgan bo'lsam, barchasida ularning xizmatlari beqiyosdir. Ustozlarimdan juda minnatdorman.

- SHogirdlaringizning yutuqlari haqida so'zlab bersangiz?

- Dastlab ham sportchilik, ham trenerlik faoliyati bilan shug'ullanayotgan Zafar Ollaberganov to'g'risida so'z yuritsam.  Bu shogirdim jahon kubogi hamda Osiyo chempionatining g'olib va sovrindorlari safidan joy olgan.  2017 yili Turkmaniston poytaxti Ashxabad shahrida Jang sanati va yopiq inshootlardagi V Osiyo o'yinlarida zafar quchdi.   Rossiyaning Irkutsk shahrida jangovar sambo bo'yicha “Baykal kubogi-2019” III-xalqaro turnirida birinchi o'rinni egalladi. Joriy yili esa sambo va jangovar sambo bo'yicha  Belorus Prezidenti sovrini  uchun   uyushtirilgan XXIV xalqaro turnirdan bronza medali bilan qaytdi. Hali undan umidim katta. SHuningdek,  Vali Iskandarov, Ibodulla Otaboev,  Jamshid Boboxonov, Jahongir Rahimov, Saidali Rahimov, Nilufar Davletova singari iqtidorli shogirdlarim borki, ular turli yosh toifasidagi O'zbekiston terma jamoalari tarkibida nufuzli xalqaro musobaqalarning shohsupasiga ko'tarilishgan. Maktab-internatimizda shug'ullanayotgan yosh shogirdlarim ham o'ziga yarasha natijalarni qayd qilishyapti. Bundan faxrlansam arziydi, albatta.

- Sportchilik davringizdagi eng yorqin voqeani eslay olasizmi?

- Ushbu voqeaga o'ttiz yildan oshibdi. 1989 yili xorazmlik sambochilar orasida birinchi bo'lib sobiq ittifoq chempionatida g'alaba qozonib, chempionlik shohsupasiga ko'tarilganimni hech unuta olmayman. O'shanda  ustozim Rustam aka  ko'zida sevinch yoshlari bilan “sen polvonlar piri Pahlavon Mahmudning haqiqiy izdoshi ekanligingni isbotlading, barakalla” deb bag'riga bosgani  kechagidek yodimda.

- Trenerlik  vaqtingizda-chi...  

- Bu o'tgan yili Rossiya Federaciyasining poytaxti Moskva shahrida o'tkazilgan jahon kubogida ro'y bergandi. Zafar Ollaberganov barcha raqiblarini engib, shohsupaning “oltin” pog'onasiga ko'tarilganida quvonganimdan samoda parvoz qilayotgandek sezgandim, o'zimni. Negaki, bu shogirdlarim orasida qayd etilgan eng yuksak ko'rsatkich edi.

- Bilishimcha, siz O'zbekiston sambo associaciyasining Xorazm viloyati bo'limi rahbari sifatida ham faoliyat yuritmoqdasiz. SHu xususda muxtasar to'xtalib o'tsangiz?

- Mubolag'a emas, vohamiz sportchilari respublikamizda etakchilardan sanaladi. Vakillarimiz g'olib va sovrindor bo'lmagan O'zbekiston chempionati yoki birinchiligi yo'q. 25 nafardan ziyod sambo ustasi turli yosh toifasidagi mamlakatimiz terma jamoalariga azo hisoblanadi. Buni bo'limimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning ijobiy samarasi deyish mumkin.

- Kelgusidagi rejalaringiz qanday?

- Hozircha, trener sifatida zabt etmagan bitta dovonim qolgan. U ham bo'lsa, jahon chempioni tayyorlash. Bu orzu-umidimga aylangan. Zero, “yaxshi niyat-yarim davlat” deb bejizga aytmagan dono xalqimiz. SHunday ekan, ko'zlagan niyatimning ushalishi yo'lida kuch-g'ayratimni ayamayman.

Darhaqiqat, har bir inson o'z oldiga yuksak maqsadlarni qo'yib umrguzaronlik qiladi. Ularning ijobat bo'lishi uchun  charchoq nimaligini bilmaydi, mehnati natijasini ko'rib rohatlanadi. 

Rahim Masharipovning sport sohasidagi ko'p yillik samarali mehnatlari “O'zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 1 yil” esdalik nishoni va “Jismoniy tarbiya va sport alochisi” ko'krak nishoniga loyiq ko'rilgan, diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. 

Ikrom XUDOYBERGANOV suhbatlashdi

Reyting:    

Fikrlar

   
15 iyu 08:58:18
Judo 1
Ko'plab jahon chempionlarini yetishtirib chiqishlariga tilakdoahmiz!
< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing