So’nggi yangiliklar

18:24Эронда спорт тадбирлари бекор қилинди 0 18:01Нурсултон Рўзибоев: «Битта ғалабадан кейин Баклига «вызов» ташлайман 0 17:38Александр Зверев Борис Беккердан ўтиб кетди 0 17:17"Жирона" "Ливерпуль" юлдузини сафига қўшиб олмоқчи 0 16:55Нурсултон Рўзибоев: «Ўзимнинг хатом билан рақиб курашга кирди» 0 16:32"Фьюри тўққизинчи раундда туриб бера олганидан ҳайрон қолдим" - Кличко 0 16:10Нурсултон Рўзибоев нима учун қисқа вақт орасида жангни қабул қилганини айтди 0 15:47Forbes. Роналду – энг сердаромад спортчи, Месси эса... 0 15:24Тайсон Фьюри Александр Усикка ноодатий таклиф берди 0 15:01Дмирий Бивол Саудия Арабистонига етиб борди 0 14:19Мухлислар ташрифи бўйича жорий мавсум рекорди Наманганда янгиланди 0 14:11UFC Нурсултонга: "Тезроқ жароҳатни тузат. Сен учун режамиз бор" 0 13:58Жон Жонс Миочич билан жангдан қанча пул ишлаб олишини очиқлади 0 13:37Нурхон Қурбонова Париж-2024 Паралимпия ўйинларига иккинчи лицензиясини қўлга киритди! 0 13:16"Бургут" хоккей клуби "Ҳумо"нинг менежерини трансфер қилди 0

31 dek 15:50
Yangiliklar

Boks/MMA, Qiziqarli!

Tavsiya qilamiz: 2021 yilda sodir bo'lgan o'zbek boksiga oid eng muhim 10 ta voqea

Yakunlanayotgan yilda o'zbek boksiga oid qanday muhim voqealar bo'ldi?

2021 yil ham yakunlanmoqda. Tugayotgan yil o'zbek boksida intrigalarga boy bo'ldi. Havaskor bokschilarimiz dunyo birinchiligini boy berishgan bo'lsa, prof bokschilarimizda ham jiddiy mag'lubiyatlar bo'ldi. Tashkiliy tomonlama esa bizni quvontiradigan bir qator voqeliklar ham bo'ldi. Olamsport.com sayti mazkur yilda o'zbek boksida sodir bo'lgan muhim voqealar o'nligini tuzdi.

Demak, 10-o'rindan boshlaymiz.

10. Jahon chempionati mezbonligi qo'lga kiritildi!

3 apreldagi professional boks oqshomi munosabati bilan IBA prezidenti Umar Kremlyov Toshkentga tashrif buyurdi. 2 aprel kuni Milliy Olimpiya Qo'mitasida Kremlyov ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Tashkilot prezidenti 2023 yildagi jahon chempionati mezbonligi O'zbekistonga ishonib topshirilganligini malum qildi. Bu o'zbek boks jamoatchiligi uchun katta yangilik deyishimiz mumkin. CHempionatni qabul qilish uchun tashkiliy masalalardan ko'nglimiz to'q bo'lgan holda, "bokschilarimiz birinchilikni qaytarib oladimi?" degan savol barchamizni qiynaydi.


9. Nigina O'ktamova jahon chempioni bo'lgan ilk o'zbek qizi!

Aprel oyida Polshaning Kelce shahrida yoshlar o'rtasida jahon birinchiligi bo'lib o'tdi. Unda ishtirok etgan qizlar terma jamoamizning ikki nafar vakili finalga yo'l oldi. -54 kg vaznda yurtimiz sharafini himoya qilgan samarqandlik Nigina O'ktamova finalda ukrainalik Kristina Lakichukni mag'lub etib g'oliblikni qo'lga kiritdi. Bu orqali Nigina o'zbek bokschi qizlari ichida birinchi jahon chempioniga aylandi. 


8. Isroil Madrimov WBA yo'nalishida yakuniy eliminator jangida g'olib bo'ldi!

17 dekabr. Toshkentda ikkinchi katta professional boks oqshomi bo'lib o'tdi. Kechaning asosiy qahramoni Isroil Madrimov chempionlik kamari uchun ulkan qadam tashladi. Urilgan bongni eshitmagan referining xatosi ushbu jang atrofidagi intrigalarni yanada avj oldirdi. Dunyo boks hamjamiyatining ayrim taniqli vakillari Madrimovni diskvalifikaciya qilish, jangni qayta tashkil etish taklifini ham ilgari surdi. So'nggi kundagi malumotlarga ko'ra, Soro tomoni WBA'ga jangni qayta tashkil etish to'g'risida «protest» bergan. Isroilning o'zi esa saytimizga bergan intervyusida revansh berishga tayyorligi haqida gapirdi.  SHuningdek: «Yangi yildagi rejalarim har taraflama katta. In SHa Alloh, shaxsiy hayotimda ham, sportchilik faoliyatimda ham katta yangiliklar bo'ladi», - deya qo'shimcha qildi «The Dream».

Kelasi yil Madrimov uchun oson bo'lmasligi va albatta barchamizni quvontiradigan yangiliklarga to'la bo'lishi aniq.


7. Qudratillo Abduqahhorovning mag'lubiyati!

12 dekabr. Qudratillo Abduqahhorov kanadalik jiddiy raqib Kodi Krovliga imkoniyatni boy berib qo'ydi. Bu voqea reytingimizning yuqoriroq o'rnida turishi mumkin edi. Negaki, mag'lubiyatsiz odimlayotgan bokschimizning xuddi o'zi kabi natijaga ega raqibdan engilishi boks muxlislari ko'nglini ranjitdi.

«Qo'limdan kelganini qildim. Kuchli bo'lib qaytaman», - dedi bokschi jangdan so'ng saytimiz muxbiri bilan suhbatda. SHu darajaga sabr bilan etib kelgan sportchi bundan ko'prog'iga erishishiga shubha yo'q! Abduqahhorov hurmatga loyiq bokschi va inson. Bu bokschimiz mag'lub bo'lgan kuni ham ijtimoiy tarmoqlarda unga nisbatan birorta salbiy fikr bildirilmagani, barcha birdek qo'llab-quvvatlaganida yana bir bor isbotlandi. OAV etiboridan, turli intrigalardan va ortiqcha piardan o'zini biroz tortib yuradigan charm qo'lqop ustamiz bir necha kun avval Toshkentga qaytib keldi. Aeroportdan Abduqahhorov yolg'iz chiqayotgani, g'oliblikdagi tantanalarning yo'qligi yana ko'plab muhokamalarga sabab bo'ldi. Bokschi Instagram sahifasida jangdan videolavha joyladi va: ”Munosib mag'lubiyat shubhali g'alabadan yuz barobar qimmatroq”, - deya izoh qoldirdi. Ha, boksni hurmat qiladigan inson uchun ko'chadagi odam ham ura oladigan «bokschi»ni nokaut qilgandan ko'ra, munosib raqibga engilish afzal, aslida.


6. Jahon chempionatini oltinsiz yakunladik...

25 oktyabr – 6 noyabr kunlari Serbiya mezbonligida dunyoning eng kuchlilari aniqlandi. To'liq tarkib bilan ishtirok etgan terma jamoamiz yakunda oltinsiz qoldi. Bazi janglarda hakamlarning adolatsizligi pand bergan bo'lsa, ayrim janglarda aynan shu bahona bilan o'zimizni ovitdik, go'yo. Olimpiadadan keyin shundoq ham hafsalasi pir bo'lgan muxlislarning «nafasi ichiga tushib ketdi». Yodingizda bo'lsa, saytimizda Olimpiada yakuni haqida taxliliy maqola elon qilingan edi. O'sha materialda tarkib haqida gapirib, agar jahon chempionatida ham hech narsa o'zgarmasa, murabbiylarga istefo haqidagi savolni birinchilardan bo'lib o'zim beraman degandim. Murabbiylar tanqid qilingan bokschilarni emas, nisbatan muxlislar so'ragan tarkibni olib borganiga qaramay, jahon chempionatida natija yaxshilanmadi. Bu vaziyat kerakli shaxslar uchun kuchli signal bo'ldi, degan yaxshi gumondamiz. 

Madiyar Saidrahimovning bronzasini oltindek qabul qildik. 2020 yilgi respublika chempionatida yarim final oldidan Madiyar: ”Maqsadim - Sanjar Tursunovni engib, vaznimda birinchi ekanligimni isbotlash”, - deya intervyu bergandi. Ha, u Tursunov ustidan g'alaba qilsam asosiy tarkib bokschisi bo'laman, deb o'ylardi. Nima bo'lganda ham shuncha muddat katta ringlarda bo'y berishini kutgan bokschimiz medalsiz qaytmaganidan, o'zini birinchi ekanligini isbotlaganidan quvondik. 

Abdumalik Xalakov chempionat yakunlanganidan so'ng saytimizga katta intervyu berdi. Finaldagi mag'lubiyat vaqtida bo'lgan munosabatlar va kutib olish jarayoni haqida biroz xafa bo'lib gapirgan bokschimizdan faqatgina oltin medal kutgandik. Mag'lubiyat va intervyudan keyin qanday munosabatlar bo'lishiga qaramay, ishonamizki, Abdumalik bundan keyin ham nafaqat O'zbekistonda, balki jahon ringlarida ham kuchliligini, boks haqiqiy sanat ekanligini isbotlashda davom etadi.

«CHo'kayotgan odam hasga ham yopishadi» - Ishongan bokschilarimiz birin-ketin to'xtayotganini hazm qilolmayotgan boks jamotchiligi To'lqin Qilichevning murabbiylar shtabida bo'lmagani ham jamoa ruhiyatiga salbiy tasir o'tkazgani haqida gapirdi. Balki… Balkilarimiz ko'p. Jurnalistlar, muxlislar g'alabada sportchilarimizni ko'kka ko'taramiz. Engilganida tanqid qilamiz. Mag'lubiyat sabablarini yoki sababchilarini qidirishga urinamiz. Negaki, shu sabablar echim topib, bokschilarimizning joyi faqat shohsupada bo'lishini boshqalardan kam xohlamaymiz. Xullas, 2021 yil o'zbek havaskor boksi uchun «Hakamlar yili» bo'ldi.


5. Ilk bor og'ir vaznli bokschimiz Olimpiada chempioni bo'ldi!

8 avgust. Bahodir Jalolov Olimpiada chempioni! Boks terma jamoamizning Tokiodagi yagona medali qo'lga kiritildi. Bu tarixiy natija haqida ko'p gapirish shart emas. Bu shunchaki, Jalolovning uzoq yillik mehnatining mevasi. Haqiqiy chempionlar hech kimga so'z qoldirmay shohsupaga ko'tariladi. Ungacha hech kim og'ir vazn toifasida Olimpiada chempioni bo'lmagan. Prezident bilan uchrashuvda To'lqin Qilichev bu haqida faxr bilan gapirdi.


4. SHohjahon Ergashevning Salimu Jengo bilan shov-shuvli jangi!

11 iyun. Toshkent. Prof bokschimiz SHohjahon Ergashev ilk bor O'zbekistonda jang qildi. Afrikalik Salimu Jengo bilan uchrashuv referining noprofessionalligi tufayli ilk raunddayoq yakuniga etdi. Ergashev jangni davom ettirish niyatini bildirdi. Biroq, referi keyinroq bergan intervyusida «Jengoning ko'zlari ola-kula bo'lib qolgandi». Bokschilar uzoq muddat ringdan chiqishmadi, bu orada tomoshaga kelgan muxlislar Ergashevdan chipta pullarini qaytarib berishni talab qila boshlashdi. Haqoratli so'zlar uning ortidan esa ichimlik idishlari ringa tomon uloqtirildi. Ergashevning jamoasi muxlislarning «baklashka yomg'iri»dan himoyalash uchun bokschini o'rab olishdi. SHu orada muxlislar orasida janjal boshlanib ketdi. "Shohjahon Promotions"ning ilk boks oqshomi referi jangni to'xtatmagunicha ko'ngildagidek o'tayotgandi. Hamisha SHohjahon bilan solishtiriladigan SHahram G'iyosovning oqshomdagi ishtiroki intirgani yanada kuchaytirgandi. 

Ertasiga Ergashev Instagramda «Men referidan noroziman», - deya post qoldirdi. Jengo esa «Tasallidan boshqa hech narsa yo'q. Bu meni shu qadar qattiq azoblaydi», - deb yozdi. Ha, bu oqshom har ikki bokschi, qolaversa muxlislar uchun ham «minus» bo'ldi. SHohjahon Ergashevning muxlislar auditoriyasi kattaligi uchun ham mazkur jang katta shov-shuvlarga, tanqidlarga sabab bo'ldi. Oqshomga chipta sotib olgan tomoshabinlar uzoq muddat bu jang uchun Ergashev muxlislardan uzr so'rashi kerakligi haqida gapirib yurishdi. Biroq, boskchi bu gap-so'zlarga munosabat bildirmadi.


3. SHirin tushdan uyg'onganimiz – Olimpiadadagi mag'lubiyatlar!

So'nggi Olimpiada va jahon chempionatidagi birinchiligimizdan sarmast bo'lib, Tokiodan 3-4 ta oltin kutgandik. Mirzahalilovning qo'li ko'tarilmagani va Zoirovning mag'lubiyatidan keyin terma jamoamiz uchun ko'p narsa tugagani malum bo'ldi. Butun boks jamoatchiligining ustidan bir chelak sovuq suv quyib yuborilgandek edi. Natijalardan ranjib ayblanmagan odam ham, kimnidir aybdor qilmagan odam ham qolmadi. Tokiodagi mag'lubiyatlar haqida uzoq muddat kuyinib gapirish mumkin. Lekin hech narsa o'zgarmaydi. Va bir fikr qo'rqitadi: O'zbekiston boks terma jamoasi endi qaytib birinchi bo'la olmasachi?


2. O'zbekistonda ilk bor katta professional boks oqshomi o'tkazildi

Olimpiadadagi qoniqarsiz ishtirokni yodga olib ko'ngil biroz xira tortdi. Hozirgi pog'onada esa boksimizga oid yaxshi gaplar haqida so'z yuritamiz. Ilk bor yurtimizda yirik masshtabdagi prof boks oqshomi o'tkazildi. Undan tashqari boks ixlosmandlari anchadan buyon sevimlilari – SHahram G'iyosov, Isroil Madrimov, Murodjon Ahmadaliev, Bahodir Jalolov, Iqboljon Xoldarov kabi charm qo'lqop ustalarining janglarini bevosita tomosha qilmay qo'ygandilar. Oqshom har tomonlama yuqori maqomda edi. Murodjon Ahmadaliev ilk himoya jangini o'tkazdi. Madrimovning 12 raundlik jangi kechaning haqiqiy bezagiga aylandi. Ikki vakilimiz - Mirazizbek Mirzahalilov, Iqboljon Xoldarov professional ringda debyut qildi. SHou manzili sifatida «Humo Arena»ning tanlangani oqshom ko'rkiga ko'rk qo'shdi. Boks kechasidan oldingi tadbirlar ham yuqori saviyada tashkil etilganini alohida takidlash joiz. Mazkur turnir O'zbekistonga haqiqiy katta boks muhitini olib kirdi. Tomoshabinlar shunchaki mazza qilishdi. Xullas, bu oqshomda mehr va masuliyat bor edi.


1. Bektemir Meliqo'zievning nokautga uchrashi!

Vanihoyat birinchi o'rin! 

20 iyun. SHohjahon Ergashev jangining muhokamalari tugamasidan yangi mavzu paydo bo'ldi. Bektemir Meliqo'ziev AQSHda tajribali – Gabriel Rosadodan nokaut qabul qilib oldi. Nega mag'lubiyat birinchi pog'onada? Yakunlanayotgan yilda boks bilan bog'liq yaxshi voqealar ham bo'lgandi, deyishingiz mumkin. Hamma gap bu bokschi Bektemir Meliqo'ziev bo'lganligida. Hech kimga sir emas, kimgadir SHahram G'iyosov, kimgadir Bahodir Jalolov yoqadi. Bir necha bokschimiz borki, barchaga birdek sevimli. Meliqo'ziev shulardan biri bo'lgani uchun ham bu mag'lubiyat katta shov-shuv bo'ldi. Uning ustiga, hali hech bir taniqli prof bokschimiz nokautga uchramagandi. Xorij OAVning ushbu jang natijasini «Yil nokauti» deya bot-bot takrorlagani barchaga og'ir botgan bo'lsa kerak. CHempionlik kamari uchun tobora yaqinlashayotgan bir paytda nokautga uchrashi bokschini kamida bir yilga ortga qaytib, yanada qattiqroq mehnat qilishga majburlaydi. Bu jang bilan bog'liq bir narsa ko'ngilni ko'taradi: hamma bokschilarimiz Bektemirni qo'llab-quvvatlagani, muxlislarning Bek hali kuchli bo'lib qaytishiga bildirgan ishonchi!

Ijtimoiy tarmoqlarda u qadar ham faol bo'lmagan bokschimizning kayfiyati qandayligini bilish hammani o'ylantirayotgan vaqtda AQSHda bo'lib turgan Murodjon Ahmadaliev Bek haqidagi ilk malumotni berdi. Saytimiz orqali ushbu voqeaga boshqa bokschilarimiz qanday munosabat bildirgani haqida material ham elon qilgan edik. «Har yomonning bir yaxshisi bor» deyishadi. Bu mag'lubiyat qolgan bokschilarimizga ham dars bo'la olsa, mag'lubiyatdan erishilgan g'oliblik shu bo'ladi.

Umumiy qilib qaralsa, 2021 yil o'zbek havaskor boksi uchun ham, professional boksi uchun ham hakamlar katta saxnaga chiqqan yil bo'lib yodimizda qoladi. 2022 yilda esa bokschilarimiz bilan mag'lubiyatlar bo'lmasligiga umid qilamiz.

Qardli boks ihlosmandlari, bu reyting va fikrlar mutlaqo shaxsiydir. Sizning Top-10ligingiz qanday? Izohlarda yozib qoldiring!


Sarvinoz RAXMONQULOVA tayyorladi.

Reyting: +2   

Fikrlar

< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing