So’nggi yangiliklar

17:17"Жирона" "Ливерпуль" юлдузини сафига қўшиб олмоқчи 0 16:55Нурсултон Рўзибоев: «Ўзимнинг хатом билан рақиб курашга кирди» 0 16:32"Фьюри тўққизинчи раундда туриб бера олганидан ҳайрон қолдим" - Кличко 0 16:10Нурсултон Рўзибоев нима учун қисқа вақт орасида жангни қабул қилганини айтди 0 15:47Forbes. Роналду – энг сердаромад спортчи, Месси эса... 0 15:24Тайсон Фьюри Александр Усикка ноодатий таклиф берди 0 15:01Дмирий Бивол Саудия Арабистонига етиб борди 0 14:19Мухлислар ташрифи бўйича жорий мавсум рекорди Наманганда янгиланди 0 14:11UFC Нурсултонга: "Тезроқ жароҳатни тузат. Сен учун режамиз бор" 0 13:58Жон Жонс Миочич билан жангдан қанча пул ишлаб олишини очиқлади 0 13:37Нурхон Қурбонова Париж-2024 Паралимпия ўйинларига иккинчи лицензиясини қўлга киритди! 0 13:16"Бургут" хоккей клуби "Ҳумо"нинг менежерини трансфер қилди 0 12:55Хави 2023-2024 йилги мавсумни сарҳисоб қилди 0 12:34Усик ва Фьюри жангдан қанча пул ишлаб олишгани маълум бўлди 0 12:13Жамал Хилл иштирокидаги жанг бекор қилинди 0

20 avg 20:20
Yangiliklar

Boks/MMA, Qiziqarli!

Xabib, Konor, Islam va boshqalar. Superyulduzlarning UFC'dagi debyuti qanday bo'lgan?

UFC'ning eng yaxshi jangchilari tashkilotdagi debyutini qay tarzda o'tkazgan?

Xabib Nurmagomedov

Xabib UFC'dagi debyutini 2012 yilda qilgan. Uning raqibi Kamal SHalorus edi - 7-2-1 rekord. Xabibdan keyin SHalorus faqat Jim Millerga yutqazdi. Faqat MDHda jang qilgan Nurmagomedovni G'arb tomoshabinlari tanimas edi, shu bois uning debyutigacha hech qanday shov-shuv bo'lmagan. SHalorus 23 yoshli Nurmagomedov uchun qiyin raqibdek tuyuldi. Ammo jangda Xabib to'liq ustunlik qildi: u bir necha marta teykdaun amalga oshirdi, raqibni nokdaunga uchratdi va uchinchi raundda uni bo'g'ib qo'ydi.

Nurmagomedovning o'zi debyutidan mamnun emasdi. Nokdaunga qaramay, zarba juda xom edi. Parterda ishlash haqida ham savollar bor edi - Xabib hali graund-and-paund mashinasiga aylanmagan edi. Ikkinchi raundda u SHalorusni ikki marta yiqitdi, ammo faol harakatlar yo'qligi sababli hakam ularni to'xtatdi.

«Menga juda katta bosim bo'ldi, oldin hech qachon oktagonda jang qilmaganman va mashq qilmaganman, hatto uni jonli ko'rmaganman. Bungacha MDHda faqat gilamda yoki ringda chiqish qilganman. Esimda, debyut jangimdan so'ng uyga qaytib kelganimda otam menga: «Nima deb o'ylaganding, u erda senga oson bo'ladi debmi? Yoki u erda seni shuncha vaqt kutishgan deb o'yladingmi? Sen ushbu liga bilan shartnoma imzolagan 600 nafar jangchining birisan. Agar sen eng zo'r bo'lishni istasang, mashq qilishing, umid qilishing va chidashing kerak», - degan edi deya xotirlab yozdi Nurmagomedov ijtimoiy tarmoqlarda.

Islam Maxachev

Maxachev ham AQSHga kelguniga qadar oktagonda jang qilmagan. «Men hayotimda birinchi marta oktagonni ko'rishim edi. Dog'istonda oktagonlar yo'q, bizda faqat gilam bor. Va men Xabibdan so'radim: «Iltimos, Xaver Mendezga oktagonga kirishni xohlayotganimni ayta olasizmi, u erda bir necha raund qolish mumkinmi?» Xaver esa: «Ha, lekin bizda bitta yigit bor, ko'rinishi biroz katta, ajoyib pancher»,- dedi. Men shunchaki: «Mayli», - deb ketdim. Murabbiyim: «Unda juda yaxshi xay-kik bor, ehtiyot bo'l», - deb maslahat berdi. Biz Leon Edvards bilan sparring qildik: ajoyib raund o'tkazdik. O'sha paytda u kurashini yaxshilash uchun AKAda ishlayotgan edi», - dedi Maxachev.

U debyutini 2015 yilda Leo Kuncga qarshi o'tkazdi, bu esa promoushendagi birinchi jang edi. Ikkinchi raunddayoq Maxachev jangni yakunladi - u raqibini bo'g'ib qo'ydi. G'alabani nishonlash chog'ida Abdulmanap Nurmagomedov Rossiya bayrog'ini oktagonga olib chiqdi. O'sha jangdan keyin uning Amerika vizasi bekor qilingan. Nurmagomedov viza muammolari bevosita Rossiya ramzlari namoyishi bilan bog'liq deb hisoblagan.

Maxachev va Abdulmanap Nurmagomedov juda yaqin munosabatda bo'lgan. Xabib tez-tez Islam otasining eng sevimli shogirdi ekanligini aytardi. Nurmagomedovning murabbiylik faoliyatidagi eng hissiy epizod aynan Maxachev bilan bog'liq. 

«So'nggi yillarda sportdagi ko'z yoshlarim Amerikada Islam Maxachev va Martins o'rtasidagi bahsda oqdi. Jang masalasini kurashda hal qilish mumkin bo'lsada, zarbalar almashishda Islamga ruxsat berish borasida Xaver Mendes bilan kelishib oldim. Maxachev yiqildi, dahshatli zarbani o'tkazib yubordi. Faoliyatidagi yagona mag'lubiyat. Birinchi muvaffaqiyatsizlik. Bu mening murabbiylikdagi baxtsiz xatoim bo'ldi!» - dedi Abdulmanap Nurmagomedov.

Konor Makgregor

2013 yil 11 fevralda Dana Uayt birinchi marta MMAni butunlay o'zgartirgan odamning ismini eshitdi. Uayt Dublinga ish bilan keldi va u erda mahalliy barlardan birida UFC muxlislari bilan suhbat qurdi. «Bar odamlar bilan gavjum edi. Men tun bo'yi o'sha erda o'tirdim va bu vaqt davomida muxlislar faqat Konor Makgregor haqida gapirishdi», - deb eslaydi Uayt.

Las-Vegasga qaytayotgan Uayt matchmeyker SHon SHelbiga Makgregor bilan shartnoma imzolashni aytdi. Ikki oy o'tgach, Konor Markus Brimeyjga qarshi Stokgolmdagi turnirda debyut qildi. O'sha paytda Brimeyj istiqbolli jangchi hisoblanardi, faoliyatida faqat bitta mag'lubiyat, UFC'da esa - 3:0. Jangdan oldin Brimeyj shunday dedi: «Irlandiyada hamma Konorga xuddi Masih kabi ibodat qiladi. Uning avvalgi hamma raqiblari ruhiy jihatdan cingan holda jangga kirishgan. U meni navbatdagi «meshok» deb o'ylaydi - o'sha paytda men uni osmondan erga tushirib qo'yaman».

Ammo, bunday bo'lmadi. Makgregor 67 soniyada raqibini nokautga uchratdi, bu esa tribunada ajiotaj yuzaga kelishiga sabab bo'ldi. «Tariflashga til ojiz. Bu uning UFC'dagi debyuti, ammo u oktagonga kirdi, bu uning promoushendagi 100-jangidek harakat qildi. Jang boshidanoq Konorning harakatlari engil edi. Nokautdan keyin ham bu uning uchun odatdagi ishdek tuyuldi. U xotirjam edi, bu yigit haqiqiy monstr», - deya hayratda qoldi Uayt.

Makgregorga mag'lub bo'lganidan keyin Brimeyj yana ettita jang o'tkazdi va faqat bir marta g'alaba qozongan. U oxirgi marta 2022 yilda yostiq urishi turnirida qatnashgan.

Makgregor ikonaga aylandi: «Men bu sportni deb aqldan ozganman, xuddi, hayotini sanatga bag'ishlagan va bu yo'lda aqlini yo'qotgan van Gog kabi. Men bilan ham shunday bo'ldi. CHempionlik kamari belimda bo'lsa, onam katta qasrga, qizim o'zi istagan mashinaga, hatto, bolalarimning bolalari ham xohlagan narsasiga ega bo'ladi, shunda hammasi o'zini oqlaydi. Men bu sport uchun borimni berganimdan baxtiyor bo'laman.».

Jon Jons

Jons o'zining professional MMAdagi birinchi jangini 2008 yil aprel oyida o'tkazdi va avgust oyida UFC'da debyut qildi. Promoushendagi ilk bahsga qadar yani uch oy ichida 6:0 hisobidagi rekordga ega bo'ldi. Ilk jangdagi raqib MMAda hali mag'lub bo'lmagan, UFC'da debyut qilayotgan Andre Gusmao edi (5:0). Ajablanarlisi shundaki, Jons bu kurashga kamtarona yondashdi. «Menimcha, bu men uchun yaxshi. Men Nyu-Yorklik oddiy yigitman, bu haqda juda kam odam biladi», - dedi Jons. O'shanda u mag'lubiyatdan qo'rqmasligiga ishontirdi: «Dunyoning barcha buyuk jangchilari o'z faoliyatida bir marta bo'lsa ham mag'lubiyatga uchragan. Agar yutqazsam, bu mening o'sishimga, yanada ko'proq ishlashim va ko'p narsalarni o'rganishimga yordam beradi».

Jangda Jons ajoyib arsenal namoyish etdi: aylanma zarbalar, tizza zarbalari, kurash, tay klinchi. Jang yakunlanganidan so'ng Andre qo'llarini ko'tarib, g'alaba qozondim deb o'ylagan bo'lsada, Jons unga hech qanday imkoniyat qoldirmagandi. Buni kuzatgan sharhlovchi Jo Rogan shunday dedi: «Gusmao qaysi jangni tomosha qilganini bilmayman, lekin bu oktagonda u aniq yutqazdi». Va shunday bo'ldi - Jon Jons bir ovozdan g'alaba qozondi. Keyin nima bo'lganini o'zingiz bilasiz: Jons UFC tarixidagi eng yosh chempion bo'ldi. Avvaliga yarimog'ir vazn toifasida, keyin esa og'ir vazn toifasidagi kamarga ega chiqdi..

Aleks Volkanovski

UFC'dan oldin Volkanovski 13-1 rekordiga ega edi, lekin eng muhimi, uni qo'llab-quvvatlaydigan xotini va ikkita kichik farzandi bor edi. Kundalik mashg'ulotlar ishlash uchun vaqt qoldirmasdi. Mintaqaviy ligalardagi janglar  uchun beriladigan gonorarlar juda kam edi, shuning uchun u oilasi bilan onasining uyida yashadi.

«Men UFC'ga kirish orzuim yo'lida hayotimni chetga surib qo'ydim», - dedi Volkanovski. Hatto uning do'stlari ijtimoiy tarmoqlarda signVolkanovski heshtegni ham boshladilar. Bu yordam berdi - UFC shartnoma taklif qildi va matchmeyker Jo Silva unga o'zining vatani Avstraliyada debyut jangini tashkil etishga vada berdi.

Volkanovski quyidagi voqeani bilguniga qadar jangga tayyorgarlik ko'rayotgan edi: «O'sha paytdagi menejerlik kompaniyam to'satdan men boshqa promoushenda jang qilish uchun ro'yxatdan o'tganimni elon qildi. Ular meni UFC'da debyut qilish imkoniyatidan mahrum qilishdi. Malum bo'lishicha, ular buni Avstraliyadagi kardga boshqa jangchini tiqish uchun qasddan uyushtirgan».

Ammo Volkanovskining UFC bilan kelishuvida tashkilot bilan qayta shartnoma qilish imkonini beruvchi band borligi malum bo'ldi. Lekin vaqt yo'qotilganligi sababli Avstraliya kardi allaqachon to'lgandi. «Bu og'ir zarba bo'ldi, lekin men ijobiy fikrlashga harakat qildim. O'sha raqib (Aleks hech qachon ismini oshkor qilmagan) men uchun qiyin ekanligini, yutqazib qo'yib UFC'ni tark etishim mumkinligini aytib o'zimni ovitardim».

Keyinroq UFC yana Avstraliyada ivent uyushtirdi. Volkanovski o'zining orzusidagi debyutini engil vaznda Yusuki Kasuiga qarshi o'tkazdi. Birinchi raund teng kurashlar ostida kechdi. Ikkinchisida Volkanovski raqibini yiqitdi va yuqoridan kuchli zarbalar bilan raqibining himoyasini buzib tashladi.

Jangdan keyin Volkanovski shunday dedi: «Men bu onlarni qancha vaqt kutgandim! Hamma biladi, men UFC'da ancha oldinroq bo'lishim kerak edi. Men engil vazn toifasida eng kichigiman. Agar promoushen menga yarim engil vaznga tushishim kerakligini aytsa, men pastga tushaman. Agar ular menga o'rta vaznga o'tishni aytishsa, men yuqoriga ko'tarilaman, menga farqi yo'q».

Volkanovskiyning keyingi janglari yarim engil vazn toifasida bo'lib, 2023 yilda u yana engil vazn toifasiga ko'tarilib, Islam Maxachevga faoliyatidagi eng qiyin jangini taqdim etdi.

Israel Adesanya

Adesanya UFC'ga juda taniqli jangchi sifatida kelgan. 2010 yilda debyut qilib, kikboksing, boks va MMA bo'yicha 100 ga yaqin jang o'tkazgan. Adesanya boksda katta muvaffaqiyatlarga erishmagan bo'lsada, kikboksingda o'rta vazn toifasida GLORY chempionligi uchun kurashgan. Adesanya MMA bo'yicha ketma-ket 11 g'alabadan iborat ajoyib rekordga ega bo'ldi, barchasi nokaut bilan. Hech bir jang ikki raunddan ortiq davom etmadi. UFC'da uzoq kutilgan debyut 2018 yilda avstraliyalik Rob Uilkinsonga qarshi bo'lgandi.

«Biz UFC bilan shartnoma imzolashga shoshilmadik. Kuchli 10, kuchli beshlikdagi yigitlar bilan jang qilishga tayyor edik. Buning uchun men shu yillar davomida ishladim. Debyut jang uchun yig'in sakkiz hafta emas, balki men MMA bo'yicha mashg'ulot o'tkazgan sakkiz yil davomida o'tdi», - dedi Adesanya.

Jangda Uilkinson Adesanya bilan stoykada jang qilmaslikka qaror qildi, shuning uchun u birinchi raunddanoq bahsni parterga tushirishga harakat qildi. Adesanya teykdaunlardan himoyalanish uchun etarli fizika va texnikaga ega ekanligini ko'rsatdi. Ikkinchi raundda u raqibini nokautga uchratib, nafaqat UFC'dagi birinchi g'alabasini, balki oqshomning eng yaxshi jangi uchun bonusni ham qo'lga kiritdi.

Dastin Pore

Pore dastlab WEC (World Extreme Cagefighting) jangchisi edi. Ushbu tashkilotda u atigi ikki marta (1:1) - 2010 yilda UFC WECni o'ziga qo'shib olmagunicha jang qildi. SHu tariqa, u yangi promoushenga o'tdi. Undan oldin 145 funtda WEC chempioni Joze Aldo edi. Joze kamarni o'zida saqlab qoldi va avtomatik ravishda yarim engil vazn toifasida birinchi UFC chempioniga aylandi (bundan oldin tashkilotda bunday divizion yo'q edi). Birinchi himoyani Josh Grispiga qarshi o'tkazish rejalashtirilgan, biroq jangdan bir oy oldin Aldo bo'ynidagi jarohat tufayli jang qila olmadi. O'rniga Dastin Pore keldi. 14 ta g'alaba va atigi bitta mag'lubiyatdan iborat ajoyib rekordga ega bo'lgan Josh Grispi mantiqan bu kamarga davogar sanalardi. Pore endigina 21 yoshda - hech qanday statusga ega emasdi.

Jang 2011 yil 1 yanvarda bo'lib o'tdi. Pore bahsda o'ziga xos boks va jiu-jitsu mahoratini namoyish etdi, bu esa Grispining kurashini neytrallashtirdi. Dastin bir ovozdan g'alaba qozondi va bu oqshomning eng kutilmagan voqeasiga aylandi.

«Jangda men kuchli hayajonlandim, texnikani unutib qo'ydim. Bir vaziyatda men uni jarohatladim deb o'yladim va nokaut qilish uchun shoshildim, lekin xotirjam bo'lib, zarbalarni nishonga aniq yo'llashim kerak edi. Agar o'sha paytda u menga qarshi hujum qilganida, meni nokautga uchratgan bo'lardi, chunki qo'llarim pastga tushgan edi», - dedi Dastin jangdan keyin.

Uning so'zlariga ko'ra, jangning o'zi emas, tayyorgarlik ko'proq qiyinchiliklarni keltirib chiqargan: «Ular menga qo'ng'iroq qilib, jang taklif qilishganida, bu bir umrlik imkoniyat ekanini darhol angladim. Jang uchun vazn tashlash og'ir kechdi, chunki, tayyorgarlik uchun bir oy vaqt qolgandi. Bungacha men engil vaznda jang qilganim, keyin esa yarimengil vazn toifasiga o'tishga qaror qilganim ham murakkab jarayon. Gap shundaki, UFC'da engil vazn toifasidagilar juda katta, shuning uchun men 145 funtda o'zimni yaxshi his qilaman deb hisobladim».

Keyinchalik Pore yana engil vazn toifasiga o'tdi, chempionlik nomi va BMF kamari uchun kurashdi (muvaffaqiyatsiz). Endilikda u yarim o'rta vaznda o'zini sinab ko'rishi haqida mish-mishlar tarqalmoqda.

Petr Yan

Yan UFC bilan 2018 yilning yanvarida shartnoma imzolagan. UFC'dagi ilk mijozi Petr bo'lgan menejer Sayat Abdrahmonov shunday deb yozdi: «Ishonch uchun Petyaga katta rahmat! Biz uch yarim yil oldin uchrashganimizda, Petya hali birorta professional jang o'tkazmagan va men menejerlik faoliyati bilan shug'ullanmaganman. Ishonchim komilki, uch yildan keyin Petya allaqachon ushbu tashkilotning chempioni bo'ladi». Ammo Yan ikki yildan so'ng chempion bo'ldi. Yanning UFC'dagi birinchi raqibi Teruto Ishixara edi. O'sha vaqtga kelib Ishixara promoushenda ettita jang o'tkazgan edi (rekord - 3-1-3). U xavfli chap qo'l bilan ajoyib pancher hisoblanardi.

«Ushbu jang bilan men UFC'da «yurish» qilishga tayyor ekanligimni ko'rsatmoqchiman. Men sobiq ACB chempioniman, kuchli yigitlar bilan jang qildim va jahon darajasida raqobatlasha olaman deb o'ylayman. Bugun men eng yaxshi UFC jangchilari bilan bahslasha olaman va ularning ko'pchiligi jiddiy raqobatlasha oladi. Men bu erga shunchaki ishtirok etish uchun emas, balki o'zimni, mahoratimni, xarakterimni va Sibir kuchini ko'rsatish uchun keldim».

Debyut 2018 yil iyun oyida Cingapurda bo'lib o'tdi. Birinchi soniyadanoq Yanning stoykasi Ishixaradan bir necha pog'ona yuqori ekanligi ayon bo'ldi. U raqibini ilk raunddayoq nokautga uchratdi.

«Bu mening UFC'dagi debyut jangim edi, shuning uchun biroz asabiylashdim. Mening rejam: vaqtini poylab, raqibning ochilishini kutish va shundan keyingina hujum qilish edi. O'z vaziyatimni to'g'ri topdim va muddatidan avval g'alabaga erishdim», - dedi Yan.

SHundan so'ng u ettita g'alabali seriyaga erishdi. Bu ko'rsatgich chempionlik kamariga ega bo'lish va P4P reytingiga kirish shuning ham etarli bo'ldi. Keyin keskin pasayish boshlandi - ketma-ket uchta mag'lubiyat. Hozirda u engil vazn toifasida beshinchi o'rinni egallab turibdi.

Kamaru Usman

Kamaru Usmanning UFC debyutigacha bo'lgan yo'li The Ultimate Fighter shousi orqali o'tdi. 21-mavsumda Floridaning o'sha paytdagi ikkita asosiy MMA zali - American Top Team va Blackzilians raqobatlashdi. Usman dastlab TUF'da ishtirok etishni istamadi, ammo Blackzilians egasi Glen Robinson uni shouda g'alaba qozonishi mumkinligiga ishontirdi.  Usman ikki raqibidan o'tib, yarim o'rta vazn toifasida turnir finaliga chiqqanida Robinsonning ishonchi oqlandi. TUF'ni suratga olish chog'ida Usman kulgili epizodga duch keldi. Ko'rsatuvda mehmon sifatida ishtirok etgan Maykl Bisping hazil tariqasida Usmanning yuziga o't o'chirgich suvini sepdi. Oradan etti yil o'tgach, Bisping voqea uchun kechirim so'radi, ammo Kamaru uzrni qabul qilmadi. TUF finalida Usman yarim finalda Visente Luke ustidan g'alaba qozongan Xayder Hassan bilan to'qnash keldi. 

Usman: «Men uch yil davomida MMA bilan shug'ullandim va shu vaqt ichida Hascan haqida hech qachon eshitmaganman.  Ammo TUF'dagi birinchi jangdan so'ng men u bilan finalda jang qilishim kerakligini darhol angladim. U shou boshlanganidan beri tinimsiz gapiradi, shuning uchun uning ovozini o'chirib qo'ymoqchiman».

Final jangining birinchi raundida Xassan Usmanning oyoq zarbalaridan qo'rqib harakat qildi. Raqibning passivligi Kamaruga oktagon markazini olib, Xayderni oktagon panjaralariga siqib po'yish imkonini berdi. Ikkinchi raundda esa murabbiylar maslahatiga ko'ra, Xassan bosim o'tkaza boshladi va hatto Usman bir marta apperkot qabul qilib oldi. Lekin darhol vaziyatni qo'lga oldi. Kamaru Usman The Ultimate Fighter chempioni bo'ldi va oqshomning eng yaxshi jangi uchun 50 ming dollar bonus oldi, UFC esa jamoaviy g'alaba qozongani uchun Blackzilians'ga 300 ming dollar berdi. O'shanda ular American Top jamoasini taxtdan ag'darib, Florida qiroliga aylanganga o'xshardi, biroq 2015 yilda zal egasi Glen Robinsonning to'satdan vafot etishi Blackzilians'larga qattiq tasir qildi - sport zali ikki yildan so'ng yopildi.

Xamzat CHimaev

Tez ko'tarilganlarning yana bir misoli. 2020 yilning iyuligacha Xamzat CHimaev haqida deyarli hech kim bilmas edi. Asli chechen bo'lgan sportchi SHveciyadagi Allstars Training Center'da Aleksandr Gustafsson bilan birga shug'ullangan.  Mish-mishlarga ko'ra, UFC Gustafssonning homiyligi tufayligina CHimaev bilan shartnoma imzolagan.

«U nafaqat yaxshi kurashchi, balki hech kim Xamzatdek mashg'ulot qila olmaydi. Men dunyoni kezib, ko'plab jangchilarni mashq qilganini ko'rganman. CHimaev charchoq nimaligini bilmaydi, bu yigit og'riqni his qilmaydi», - deya maqtadi jamoadoshi Gustafsson. 

CHimaev Gustafsson haqida har doim iliq fikrlar bildiradi: «Ehtimol, agar Aleks SHveciyada bo'lmaganida, aralash yakkakurashlarni boshlamagan bo'lardim. Usiz men UFC'da bo'lmasligim mumkin edi. Jangga boradigan barcha shved yigitlari Aleksdan minnatdor. Garchi kamar qo'lga kiritmagan bo'lsada, u biz uchun haqiqiy chempion».

CHimaev 2020 yil - pandemiya vaqtida «Janglar oroli»da debyut qilgan. U Jon Fillips bilan kurashib, ikkinchi raundda raqibini bo'g'ib qo'ydi. 10 kundan so'ng CHimaev yana oktagonga chiqdi, Risa Makki uch daqiqada manziliga etib keldi. Bu yutuq Xamzatga UFC tomonidan yilning eng yaxshi debyuti sovrinini taqdim etdi.

Ideal debyut shaxsiy muammolar tufayli buzildi. «Yaqinda xolam vafot etdi. Undan oldin men onamga tez orada katta pul topishimni va hammasi yaxshi bo'lishini aytdim. Onam esa: »Qaniydi, bu pullar hozir bo'lganida» - dedi. Ammo xolam olamdan o'tdi. Mening maqsadim boshqa hech qachon pulimiz bo'lmaydigan vaziyat takrorlanishiga yo'l qo'ymaslik», - degan edi BORZ.


Xorijiy materiallar asosida Sarvinoz Raxmonqulova tayyorladi

Reyting:    

Fikrlar

< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing