Bosh sahifa
02 iyu 22:52 Sport kurashlari

Abror Atabaev Qozog'istondagi reyting turniri g'olibi, qolganlarda bronza

Qozog'istonning Olma-Ota shahrida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo'yicha reyting turniri bo'lib o'tmoqda.

Bunday toifadagi turnirlar bir yilda to'rtta o'tkaziladi. Bugungi dastur doirasida yunon-rum kurashi bo'yicha beshta vazn toifasida g'olib va sovrindorlar nomi malum bo'ldi. Ravshan Ro'ziqulov bosh murabbiyligidagi yunon-rum kurashchilarimizdan besh nafari kechki dasturda medallar uchun gilamga chiqdi. 

Quvonarlisi, 67 kg vaznda yurtimiz sharafini himoya qilgan Abror Atabaev barcha raqiblarini mag'lub etib, reyting turniri g'olibiga aylandi. U 1/4 finalda qozog'istonlik Sultan Assetulini 9-0, 1/2 finalda eronlik amadagi jahon chempioni Meysam Dalxanini, oltin medal uchun kechgan bahsda esa gruziyalik Joni Xetsuriani 4-0 hisobida engdi. Atabaev sharafini qozoq zaminida O'zbekiston davlat madhiyasi yangradi.  

Etiborga molik jihati, bronza medali uchun kechgan bellashuvlarda qolgan barcha kurashchilarimiz zafar quchib, ular ham shohsupaga ko'tarilishdi. 60 kg vazn toifasida bir yo'la ikki nafar kurashchimiz Ilhom Bahromov va Muhammadqodir Yusupov ro'baro' kelishdi. O'ziga xos o'zbek derbisida Yusupov 2-1 hisobida g'alaba qozonib, bronza medali sohibiga aylandi. SHuningdek, Jalgasbay Berdimuratov, Rustam Assakalov va yarim finalda hakamlar qarori qurboniga aylangan Jasurbek Ortiqboev ham bronza medalini qo'lga kiritdi. 

SHu tariqa, O'zbekiston yunon-rum kurashi terma jamoasi nufuzli reyting turnirining birinchi kuni 1 ta oltin, 4 ta bronza medaliga ega chiqdi. Ertaga qolgan 5 ta vazn toifasida g'olib va sovrindorlar nomi malum bo'ladi.  

Medal uchun gilamga chiqqan kurashchilarimiz:

Oltin medal uchun

67 kg: Abror Atabaev - Joni Xetsuriani 4-0

Bronza medal uchun 

55 kg: Jasurbek Ortiqboev - Giorgi Toxadze (Gruziya) 14-5

60 kg: Muhammadqodir Yusupov - Ilhom Bahromov 2-1

87 kg: Jalgasbay Berdimuratov - Nursultan Tursinov (Qozog'iston) 3-1 

97 kg: Rustam Assakalov - Umalt Daudov (Qozog'iston) 10-2

Xabar yoqdimi? Birinchilardan bo'lib do'stlaringiz bilan o'rtoqlashing!
   
  0 

Fikrlar

O’xshash yangiliklar