Grand Chess Tour’ning yakuniy klassik bosqichi 29 avgustga qadar davom etadi va aylanma tizimda 9 turdan iborat bo'ladi. Ushbu bosqich GCT ochkolari uchun so'nggi imkoniyat hisoblanadi. Kechadan dunyoning ko'zga ko'ringan va reytingi yuqori bo'lgan 10 nafar grossmeysteri bosh sovrin uchun bahs olib bormoqda.
Nihoyat, ketma-ket ikki mag'lubiyatdan keyin Nodirbek Abdusattorov (2771) ilk ochkosini qo'lga kiritdi. Birinchi turda amerikalik Levon Aronyan, 2-turda amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaradjuga yutqazgan hamyurtimiz azaliy raqiblaridan yana biri hindistonlik grossmeyster Rameshbabu Praggnanandha (2779) bilan durangga imzo chekdi.
Taqqoslash uchun, Rameshbabu ilk turda vatandoshi Gukeshni mag'lubiyatga uchratib, 2-turda Fabiano Karuana bilan murosaga kelgandi. Uchinchi turda bitta g'alabali partiya qayd etildi. Unda Karuana franciyalik Alireza Firuzdjani mag'lub etishning uddasidan chiqdi. Qolgan partiyalarda tomonlar durangga rozi bo'lishdi.
Bugun Sinquefield Cup 2025 turnirida 4-tur uchrashuvlari o'tkaziladi. Bizning vaqt bilan soat 22:00da boshlanadigan turda Nodirbek Abdusattorov oq donalarda peshqadam Fabiano Karuanaga qarshi bahs olib boradi. Turnir jadvalida 4-tur oldidan Fabiano 2 ochko bilan qo'shimcha ko'rsatkichlarga ko'ra karvonboshilik qilmoqda. Levon Aronyan va Rameshbabu Praggnanandha hisobida ham 2 ochkodan bor. Yarim ochkoga ega Abdusattorov hozircha so'nggi 10-pog'onadan joy olgan.
Sinquefield Cup 2025. 3-tur natijalari:
Sem Sevian (AQSH) - Gukesh Dommaradju (Hindiston) 1/2-1/2
Nodirbek Abdusattorov (O'zbekiston) - Rameshbabu Praggnanadha (Hindiston) 1/2-1/2
Fabiano Karuana (AQSH) - Alireza Firuzdja (Franciya) 1-0
Maksim Vashe-Lagrav (Franciya) - Levon Aronyan (AQSH) 1/2-1/2
Yan-Krishtof Duda (Polsha) - Uesli So (AQSH) 1/2-1/2
Sinquefield Cup 2025. 4-tur juftliklari:
Uesli So (AQSH) - Alireza Firuzdja (Franciya)
Levon Aronyan (AQSH) - Yan-Krishtof Duda (Polsha)
Gukesh Dommaradju (Hindiston) - Maksim Vashe-Lagrav (Franciya)
Rameshbabu Praggnanadha (Hindiston) - Sem Sevian (AQSH)
Nodirbek Abdusattorov (O'zbekiston) - Fabiano Karuana (AQSH)