06 jan 08:10
Yangiliklar
13 yoshli grossmeysterimiz so'nggi turda g'alabaga erishdi
Ilk bor tashkil etilgan 1st ALAIN Juniors Chess Championship U20 turnirida hamyurtimiz shaxmat tarixida eng yosh ikkinchi grossmeysterga aylangan, ayni paytda dunyoning eng yosh grossmeysteri bo'lib turgan Nodirbek Abdusattorov ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Musobaqada 11 davlatdan jami 143 nafar shaxmatchi dona surdi. Ular orasida 2 nafar xalqaro grossmeyster va 7 xalqaro masterning borligi turnir nufuzidan darak berardi.
Nodirbek Abdusattorov so'nggi 9-turda o'zi singari 6 ochkoga ega bo'lib turgan hindistonlik Mishra SHanyaga qarshi qora donalarda bahs olib borib, chiroyli g'alabaga erishdi. Yakunda 7 ochko jamg'argan yosh grossmeysterimiz eronlik Aryan Golami bilan 3-4 o'rinlarni bo'lishib oldi.
O'n uch yoshli grossmeysterimiz uchun o'zidan 7 yosh kattalar o'rtasidagi ishtiroki yomon bo'lmadi. Etti yarim ochkodan to'plagan armanistonlik Tigran Xarutunyan hamda hindistonlik Diptayan Gosh birinchi va ikkinchi o'rinlarni bo'lishib olishdi. Qo'shimcha ko'rsatkichlarga ko'ra Tigran musobaqa g'olibi bo'ldi.
Fikrlar