22 apr 15:04
Yangiliklar
APLda mo'jizaviy chempionlikka erishgan "Lester Siti" CHempionshipdan tushib ketdi
Gari Rouett shogirdlari CHempionshipning 44-turida "Xall Siti" bilan durang o'ynashdi va musobaqani tark etishi aniq bo'ldi.
Ayni damda "tulkilar" hisobida 42 ochko mavjud va ular turnir jadvalida 23-o'rinni egallab turishibdi. Mavsum yakunilanguniga qadar ikkita tur qolgan bir vaqtda, xavfsiz hudud (21-o'rin) bilan oradagi farq 7 ochkoni tashkil etmoqda. Bu esa "Lester" uchun nazariy jihatdan ham imkoniyat qolmaganini anglatadi.
Diqqatga sazovor jihati shundaki, "Lester" ketma-ket ikkinchi mavsumda pastki ligaga ravona bo'lmoqda. 2024/25 yilgi mavsumda jamoa APLda 18-o'rinni egallab, yuqori divizion bilan xayrlashgan edi. Endi esa jamoa Angliyaning uchinchi toifadagi ligasida ishtirok etadi.
Malumot uchun, "Lester" oxirgi marta 2008/09 yilgi mavsumda uchinchi divizionda o'ynagan. Jamoaning eng yuqori cho'qqisi esa 2015/16 yilgi mavsumga to'g'ri keladi — o'shanda "tulkilar" Klaudio Raneri boshchiligida Angliya chempioni bo'lib, tarixiy natija qayd etishgan edi. Oradan 10 yil o'tib, chempion jamoa uchinchi liga vakiliga aylandi.

Fikrlar