14 jan 16:18
Yangiliklar

Australian Open-2018 uchun maxsus: Istominning bo'lajak raqiblari, taxminiy juftliklar va boshqalar
Musobaqani asosiy to'rda 128 nafar ishtirokchi boshlaydi. Qura natijalarini biroz tahlil qilsak. Yani nimchorak finalda uchrashishi mumkin bo'lgan 8 ta eng kuchli juftliklar haqida gaplashishni lozim deb topdik.
Bir boshdan boshlasak. Musobaqada Rafael Nadal birinchi saralangan tennischi sifatida qura savatchasining eng yuqori qismidan joy oldi. U ilk davrada Dominikan Respublikasi vakili Viktor Estrella bilan uchrashadi. Viktor 37 yoshdaligini va reytingdagi o'rnini hisobga olsak Nadalda muammolar bo'lmasligi kerak. Ikkinchi davradagi raqibi argentinalik Leonardo Mayer hamda CHili vakili Nikolas Jerrilar o'rtasidagi bahsda aniqlanadi. Demak, ispaniyalik tennischining ikkinchi davrada ham u darajada qiynalmasligi oydinlashadi. Uchinchi davrada Nadalga musobaqaning 28-saralangan tennischisi - bosniyalik Damir Jumxur raqib bo'lishi mumkin. Buning uchun Jumxur ilk davrada italiyalik Pablo Lorensi to'sig'idan, ikkinchi davrada esa Millan/CHorich to'sig'idan o'tishi lozim. Yosh va istedodli bo'lgan Borna CHorich haqida ham unutmaslik lozim. Nadalning jarohati bezovta qilmasa, to'rtinchi bosqichgacha unga qiyin bo'lmasa kerak. Agar jarohat sabab ishtirokini to'xtatsa, u holda Borna CHorich hamda Damir Jumxurlar to'rtinchi davraga chiqish uchun asosiy nomzodlar hisoblanadi. Endi Rafael Nadalning nimchorak finaldagi taxminiy raqibi haqida. Bu erda turnirning 16-saralangan tennischisi Jon Isner (AQSH) bo'lish ehtimoli yuqori. Unga bu yo'lda argentinalik Diego SHvarcman qarshilik qilishi mumkin. Ukrainalik Aleksandr Dolgapolov haqida ham unutmaslik lozim. Birinchi nimchorakdagi taxminiy juftlik Rafael Nadal - Jon Isner.
Keyingi juftlikka nazar solamiz. Bu erda o'ninchi saralangan ispaniyalik Karreno-Busta va oltinchi raqam ostida musobaqalarga qo'yilgan xorvatiyalik Marin CHilichlar o'rin olgan. Karreno-Busta besh oydan buyon jarohati sabab rasmiy musobaqalarda ishtirok etmasligini, ilk davradagi raqibi mezbonlar vakili Jason Kubler esa o'tgan haftada o'z yurtida o'tkazilgan "Pleyford CHellenjer"da g'alaba qozonganligini inobatga olsak, ilk davrada ispaniyalik tennischi anchagina ter to'kishiga to'g'ri keladi. Karreno-Bustaga ikkinchi davrada katta ehtimol bilan franciyalik Jil Simon qarshilik ko'rsatadi. Jil Simonning ilk raqibi Mariush Kopil bo'ladi. 23-saralangan lyuksemburglik Jil Myuller haqida ham unutmaslik lozim. Cilich ilk davrada Tayvan vakili Lu Yon Sunni imtihondan o'tkazadi. Unga qarshilik ko'rsatishi mumkin bo'lganlar orasida Pablo Kuevas bo'lishi mumkin. Hozirda yaxshigina o'yin namoyish etayotgan AQSH vakili Rayan Harrison ham bor. Demak, ikkinchi taxminiy juftlik Karreno-Busta - Marin CHilich.
Tartib bo'yicha uchinchi nimchorakdagi juftlik. Futbol tili bilan aytganda "o'lim guruhi". Bu erda uchinchi saralangan Grigor Dimitrovdan tashqari franciyalik o'n beshinchi Conga, mezbonlar vakili Nik Kirgios va rossiyalik yosh istedod sohibi Andrey Rublyov, ispaniyalik David Ferrerlar mavjud. Grigor Dimitrovning ilk davradagi raqibi saralashdan so'ng aniq bo'ladi. Ikkinchi davrada ham u ikki saralashdan chiqib kelgan tennischilardan biri bilan uchrashadi. Dimitrov uchun asosiy sinovlar uchinchi davradan boshlanadi. Bu erda unga Andrey Rublyov yoki David Ferrer qarshilik ko'rsatishi mumkin. Conga ilk davrada saralash vakillaridan birini imtihondan o'tkazadi. Ikkinchi davrada Cisipas/SHapovalov juftligi g'olibi bilan uchrashadi. Uchinchi davrada haqiqiy tennis jangini ko'rsak ajab emas. Mezbonlar vakili Nik Kirgios hamda Conga. Bu savatchadagi taxminiy juftlik Grigor Dimitrov - Nik Kirgios.
Hamyurtimiz Denis Istomin qatnashishi kutilayotgan to'rtinchi savatchada AQSH vakili, sakkizinchi saralangan Jek Sok, o'n birinchi saralangan Kevin Anderson, o'n sakkizinchi Lyuka Pue, yigirma ettinchi Filip Kolshrayberlar mavjud. Istomin ilk davrada franciyalik Per-Yug Erberga qarshi kortga chiqadi. Denis bu raqib qarshiligidan o'ta oladi. Ikkinchi davrada katta ehtimol bilan Kevin Andersonga to'qnash kelishi kerak. 2016 yilgi "Uimbldon"da ilk davrada hamyurtimiz Kevin Anderson ustidan besh setda g'alaba qozongan. O'ylaymizki Istomin ushbu ishini yana takrorlay oladi. Uchinchi davrada Denisga franciyalik yosh iqtidor egasi Lyuka Pue raqiblik qilish ehtimoli yuqori. AQSH vakili Jek Sok ilk davrada yaponiyalik Yuichi Sugitaga qarshi kortga chiqadi. Ikkinchi davrada katta ehtimol bilan Ivo Karlovich bilan to'qnash keladi. Agar hammasi yaxshi ketsa uchinchi davrada Filipp Kolshrayber bilan uchrashish ehtimoli baland. SHunday qilib, ushbu savatchada biz uchun eng maqul va barchamizga yoqayotgan juftlik Denis Istomin - Jek Sok bo'lmoqda.
Navbatdagi beshinchi savatcha. Bu erda jarohati sabab ishtiroki oxirgi kunlargacha nomalum bo'lgan va so'ngi pallada ishtirokini tasdiqlagan shveycariyalik Sten Vavrinka to'qqizinchi raqam ostida saralangan. Undan tashqari beshinchi raqamli Dominik Tim, bu haftada Oklendda g'alaba nashidasini surgan ispaniyalik Roberto Bautista-Agut va 26-raqamli Adrian Monnarinolarni ham unutmaslik lozim. Vavrinkaning ilk raqibi latviyalik Richard Berankis bo'ladi. Agar hammasi joyida bo'lsa, ikkinchi bosqichdagi raqib Jerimi SHardi bo'ladi. Uchinchi davrada Vavrinka/Bautista-Agut qarama-qarshiligiga guvoh bo'lishimiz mumkin. Dominik Timning dastlabki ikki raqibi unchalik ham kuchli tennischilar hisoblanmaydi. Avstriya vakiliga uchinchi davrada Adrian Monnarino (26) jiddiy qarshilik ko'rsatishi mumkin. Katta ehtimol bilan taxminiy juftlik Dominik Tim - Sten Vavrinka.
Keyingi savatchada to'rtinchi raqamli Aleksandr Zverev, anchadan buyon jarohatat sabab musobaqalarda ishtirok etmagan Novak Jokovich, Gael Monfis va Albert Ramoslar bor. Ulardan tashqari yosh istedod sohiblari Danil Medvedev, CHon Xyon va mezbonlar vakili Tanasi Kokkinakislar mavjud. Aleksandr Zverev ilk davrada italiyalik Tomas Fobbiano bilan, ikkinchi davrada katta ehtimol bilan qozog'istonlik Mixail Kukushkinga to'qnash keladi. Uchinchi davrada qiziq vaziyat: bir yo'la to'rt nafar tennischi bir hil imkoniyatga ega. Mezbonlar vakili Tanasi Kokkinakis, bu haftada Sidneydagi turnir g'olibiga aylangan Danil Medvedev, 32- saralangan Mixail Zverev hamda koreyalik CHon Xyonlardir. Bu erda katta ehtimol bilan (agar Jokovich jarohat sabab musobaqani tark etmasa) Aleksandr Zverev - Novak Jokovich to'qnashuviga guvoh bo'lishimiz mumkin bo'ladi.
Tartib bo'yicha ettinchi savatchada ettinchi saralangan belgiyalik David Goffin, o'n ikkinchi Del Potro, italiyalik Fabio Fonini, CHexiya vakili Tomash Berdixlar joy olgan. Undan tashqari yosh istedod egalari Karen Xachanov, oxirgi vaqtlar ajoyib o'yin namoyish etayotgan mezbon tennischi Aleks De Minaurlar ham mavjud. David Goffin ilk davrada saralashdan chiqqan tennischiga qarshi, ikkinchi davrada katta ehtimol bilan Julen Beneto bilan kurash olib boradi. Uchinchi davrada italiyalik Fabio Fonini bilan uchrashishi mumkin. Del Potro ilk bosqichda Fransis Tiafoni imtihondan o'tkazadi. Keyingi davrada Karen Xachanov raqib bo'lishi mumkin. Uchinchi davrada Tomash Berdix bilan haqiqiy kurash ko'rsak ajab emas. Bu erda taxminiy juftlik David Goffin - Xuan Martin Del Potro.
So'ngi sakkizinchi juflik. Quraning pastki qismida tennis afsonasi shveycariyalik Rojer Federer joylashgan. Undan tashqari jarohatdan qaytgan Milosh Raonich, Sem Kuerri, Rishar Gaskelar bor. Federerning dastlabki raqibi sloveniyalik Aliaj Bedene bo'ladi. Keyingi bosqichda katta ehtimol bilan Yan Lennard SHtruf to'qnash kelishi mumkin. Uchinchi davrada esa u Rishar Gaske bilan to'qnash kelishi kutilmoqda. Milosh Raonich bahslarni Lukas Lackoga qarshi boshlaydi. Raonichning keyingi davrada Nikolos Kiker hamda Jordon Tompson juftligi g'olibi bilab uchrashadi. Uchinchi davrada katta ehtimol bilan Sem Kuerriga qarshi kortga chiqadi. SHunday qilib so'nggi nimchorakdagi juftlik Rodjer Federer - Milosh Raonich.
Mana barcha nimchorakdagi taxminiy juftliklar bilan tanishib chiqdik. Bu juftliklarni tuzishda o'yinchilarning mahorati va reytingda egallab turgan o'rnini hisobga oldik xolos. Avstraliyalik bir fuqaro mezbon tennischi Nik Kirgiosga g'olib bo'lishi uchun bukmekerlik kontorasi orqali 30 ming AQSH dollari miqdorida pul tikkan. Agar Kirgios musobaqada g'olib chiqsa u 1 million dollarga yaqin pul ishlab oladi. Albatta hammaning o'zi muxlislik qiladigan tennischilari bor. Biz ham ushbu nufuzli turnirda yurtdoshimiz Denis Istominga muxlislik qilamiz. 15 yanvardan start oladigan tennis bayramida hamyurtimiz ishtirokida ko'proq mazmunli o'yinlarni kutib qolamiz.
Husniddin Mirzaliev tayyorladi
Fikrlar