18 jan 18:39
Yangiliklar
Bugun 54 yoshni qarshilagan Xosep Gvardiolaning hayotiy saboqlari
Mantiqiy fikrlashdan ko'ra ichki tuyg'ularimga ko'proq ishonaman. Bazida g'alabadan ko'ra mag'lubiyatdan ko'proq qoniqish hosil qilaman.
25 yoshimda murabbiylik haqida o'ylay boshladim. O'zimni doim jismoniy holatga ega emas deb hisoblab kelardim. SHuncha vaqt qanday bardosh berganimni o'zim ham bilmayman.
Murabbiy o'z nuqtai nazarini jurnalistlarga tushuntirib berishi lozim. Ertalabki gazetalarning sarlavhalari qanday bo'lishi shunga ham bog'liq.
Futbol aqlni shoshiradi. Mening bir tarafim, butun umrimni futbol bilan o'tkazishim kerak, desa, ikkinchi tarafim, futboldan qochishim kerak, deb maslahat beradi.
Bizni faqat g'alabalarimiz uchun eslab qolishadi. Agar g'olib bo'lmasang, shunchaki latifalardagi qahramonga aylanib qolasan.
O'yinchilarning istedodi va fidokorligi muvaffaqiyat garovidir. Ishonchim komilki, boshqa futbolchilar bilan chempionlikni qo'lga kirita olmasdik. Biroq boshqa murabbiy rahbarligida ular xuddi shunday yutuqlarga erishishlari mumkin edi.
G'alaba har doim hayotiy zaruriyatga aylanishi lozim - har qanday vaziyatda ham o'zingizga shunday yo'lni tanlashingiz kerak. Agar maydonga raqibingiz hech qanday ahamiyatga ega emas, degan fikr bilan chiqsangiz, albatta, mag'lub bo'lasiz.
Mening falsafam oddiy: to'p bo'lmasa - pas bo'lmaydi, pas bo'lmasa - nazorat bo'lmaydi, nazorat bo'lmasa - futbol bo'lmaydi. To'p harakatlanayotgan tezlikdan ildamroq yugurish imkonsiz.
Men tiki-takani yomon ko'raman. Tiki-taka bilan boshqa hech qanday ish qilishni xohlamayman. Tiki-taka - belkurakdagi axlat, shunchaki o'ylab topilgan atama.
Yomon mashq qilsangiz, yomon o'ynaysiz. Mashg'ulotlarda hayvondek ishlasangiz ham, baribir bir xil o'ynaysiz.
Video tomosha qilib o'tiribman. O'zim uchun nimalarnidir yozib olyapman. Mana shu paytda ilhom keladi - bu kasbimning mohiyati. Men qanday g'alaba qozonishni bilaman. Bu mening ishim haqiqiy mano kasb etadigan lahzadir. Jamoamiz har doim biz ishongan futbolni namoyish etishini istayman. Biz amal qiladigan o'yin uslubi - muxlislarga bo'lgan hurmatimizning namunasidir.
Biz 4:0 yoki 5:0 hisobida g'alaba qozonib, muxlislar uylariga baxtiyor holda qaytishsa, bu men uchun eng katta sovg'a bo'ladi.
6:0 hisobi bilan g'alaba qozonganda, biror narsani o'rganish qiyin bo'ladi.
Men insoniyatga juda qattiq ishonaman va uni himoya qilishga intilaman. Boshqa odamlar singari, futbolchilar ham o'z sohalarida yaxshi ekanliklarini bilishadi, ammo ularga buni eslatib turish zarur.
CHempionlar ligasi yaxshi restorandagi tansiq taomlarni eslatadi. Ammo har kuni sizga picca va gamburger tortiq etilsa, diqqatni jamlash oson bo'lmaydi.
Faqat mag'lubiyatlar va xatolar o'sishga zamin hozirlaydi.
Aytishlaricha, futboldagi jamoani o'zgartirishdan ko'ra xotin almashtirish osonroq ekan. Aslida ham shunday.
Finalda mag'lub bo'lsangiz ham, dunyodagi eng yaxshi jamoa bo'lib qolishingiz mumkin. Biroq faqat bosh sovringa ega chiqqaningizdagina abadiyatning bir qismiga aylanishingiz mumkin.
Futbol jamoasining muvaffaqiyat siri - barcha o'yinchilar o'z vazifalarini biladigan qoidalarda yashiringan.
Men futbolchilar bilan emas, insonlar bilan ish olib boraman. Ular muvaffaqiyatsizlikdan qo'rqishadi va tashvishlanishadi, 80 000 kishi oldida o'zlarini ahmoq qilib ko'rsatishni istashmaydi. Men ularga bir-birisiz hech kim emasliklarini anglatishim kerak.
Biz futbolchilarni halok qilmoqdamiz va ulardan haddan tashqari ko'p narsa talab etmoqdamiz. O'yinchilarga nafas rostlash uchun vaqt zarur. Har uch kunda bir xil odamlarning maydonga chiqishi mumkin emas.
Butun qalbim bilan Messining karerasini "Barselona"da yakunlashini istardim. U er Leo uchun eng munosib joy.
Yosh avlodga hamisha Andres Inestani namuna qilib ko'rsataman. U mohirona o'yin namoyish etadi, buning uchun unga tatuirovka ham, bo'yalgan soch ham kerak emasdi.
Men bilan ishlagan ko'pchilik odamlar hozir men haqimda yomon fikrda. Men har doim bor kuch-g'ayratim bilan harakat qilganman deb o'ylayman.
O'yinchilar soni qancha kam bo'lsa, muammolar ham shuncha kam bo'ladi.
Lam - men o'z murabbiylik faoliyatim davomida shug'ullantirgan futbolchilar orasida eng aqllisi.
Men Mourinyuga "sen" deb murojaat qilaman, chunki u meni Pep deb ataydi. Xo'sh, sen kimsan, Joze? Biz sen bilan o'yin paytida uchrashamiz. Maydondan tashqarida u turli-tuman gaplar ustasidir. Men o'zaro gap talashishni xohlamayman, chunki bu juda uzoq davom etadi. Ammo shuni aytishim kerakki, u buzg'unchi boshqaruvchi.
Men tamomila "Barselona"ga boshqa murabbiylik qilishni xohlamayman. Hayot davrlardan iborat va mening "Kamp Nou"dagi davrim allaqachon tugagan.
"Barselona"dagi paytimga nisbatan qanday o'zgardim? Qaridim. Agar "Barselona"ga qaytayotganimni ko'rsangiz, boshimga bolg'a bilan uring.
Uzoq vaqt davomida bir klubda ishlaganingizda, shunday payt keladiki, futbolchilar murabbiydan, murabbiy ham futbolchilardan charchaydi. SHunchaki bir kuni ertalab uyg'onasiz-u, ketish vaqti kelganini tushunib qolasiz.
Hakamlik masalasini muhokama qilishni yoqtirmayman. Bu vaqtni behuda sarflashdir. Hakamlar ham oddiy insonlar, shuning uchun ular ham boshqalar singari xatolarga yo'l qo'yishi mumkin.
Bir paytlar shunday ajoyib futbolchim bor edi, u hech qachon gol ura olmasdi. Bir kuni qahvaxonaga borib, futbol haqida emas, hayot to'g'risida suhbatlashdik. Keyingi o'yinda u to'rtta goldan ikkitasini urdi. U o'zini sevishlarini his qilgani uchun o'ziga xosligini angladi.
G'alaba qozonishning sehrli formulasi yo'q. Agar shunday bo'lganida, futbol supermarketga borib xarid qilishdan farq qilmagan bo'lardi: kelarding, eng yaxshisini tanlab, chiqib ketarding.
Kechirasiz, lekin dunyodagi eng yaxshi murabbiy bo'lish - ahmoqlik.
Men Garri Potter emas, shunchaki murabbiyman. Biroq maydonni murabbiylar emas, to'p boshqaradi.
Menga Angliyada ishlash juda qiyin, juda mashaqqatli deb aytishdi. Bazilar esa Pep bunday sharoitga moslasha olmaydi deyishdi. Aynan shu sababdan men bu erdaman, buni uddalashga harakat qilaman. Xullas, bazi odamlar ishlarim yaxshi ketishiga ishonishsa, boshqalari, hatto Germaniyadagilar ham, siz qo'llayotgan uslub Angliya Premer-ligasida o'tmaydi deyishadi. SHunda men o'zimga o'zim nega bo'lmas ekan? dedim, nega u erga borib, sinab ko'rmaymas ekanman?
Yangi nimadir yaratish - eng qiyin jarayon. Uni qurish, bunyod etish va unga hammani ergashtirishni-ku, aytmay qo'yavering. Dahshat!
Manchesterdagi har bir kundan zavq olaman. Odamlarni bizdan faxrlanishga majbur qiladigan qadamni olg'a tashlashimizga ishonchim komil.
"Manchester Siti", shubhasiz, dunyodagi eng yaxshi klublardan biri. Men bu jamoani judayam yaxshi ko'raman.
Mening futbol borasidagi fikrlarim o'zgacha, boshqalarnikidan yaxshiroq degani emas. Men o'z futbolim, o'z g'oyalarim bor, boshqa murabbiylarning qarashlari hech narsa emas, demoqchi emasman. Bu shunchaki men ishongan yo'l. Men boshqacha inson emasman.
Biz istagan narsa juda oddiy: raqib to'pni egallaganida, uni imkon qadar tezroq qaytarib olish. To'p bizda bo'lganida esa, iloji boricha tezroq harakatlanib, imkon qadar ko'proq gol urish imkoniyatlarini yaratish. Hammasi shu. Va, albatta, mustahkam jamoaviy ruhiyat bo'lishini xohlaymiz.
Futbolda eng yomon narsa bahonalardir. Bahonalar rivojlanishingiz yoki olg'a intilishingizga to'sqinlik qilishni anglatadi.
Manchesterda deyarli har kuni yomg'ir yog'adi. Kunlarning birida quyosh chiqishi ob-havoning o'zgarishini anglatmaydi. Oldinda shunchaki bitta o'yin bor, ammo kelajakda nima bo'lishini vaqt ko'rsatadi.
Natija ahamiyatsiz narsa. Buning oqibatida men keyingi ikki kun davomida xursand bo'laman, chunki tanqidlar kamayadi va jamoamni rivojlantirish uchun ko'proq vaqtim bo'ladi. Biroq ishimda meni eng ko'p qoniqtiradigan narsa - bu his-tuyg'ularni boshdan kechirish va jamoamizning o'yin uslubi.
"Barselona"ning asosi kataloniyalik o'yinchilardan iborat edi, "Bavariya"da esa nemis futbolchilari asosiy vazifani bajaradi. Men bu erda ham ingliz o'yinchilari bilan ishlashni istardim, biroq ular juda qimmat turarkan!
Bizning muvaffaqiyatlar muxlislarimiznikidir, sababi klub xalqqa tegishli hisoblanadi.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.
Fikrlar