18 okt 10:38
Yangiliklar
Diyar Nurgojay UFC'dagi keyingi jangini Qatarda o'tkazadi
U 21 noyabr kuni Qatar poytaxti Doxa shahrida o'tkaziladigan UFC Fight Night turnirida amerikalik Alik Lorencga qarshi oktagonga chiqadi. Bu haqda jurnalist Nolan King xabar berdi.
Lorenc UFC’dagi ilk rasmiy jangini aynan Nurgojayga qarshi o'tkazadi. U tashkilot bilan Dana White’s Contender Series’dagi muvaffaqiyatli chiqishidan so'ng shartnoma imzolagandi.
Qatardagi turnirning asosiy jangida UFC’ning sobiq yarim og'ir vazn chempioni Irji Proxazka mag'lubiyatsiz yangi zelandiyalik Navaxo Stirling bilan to'qnashadi.
29 yoshli Nurgojayning professional rekordida 12 ta g'alaba va 2 ta mag'lubiyat bor. U UFC’da to'rtta jang o'tkazib, ikkitasida g'alaba qozongan va ikkitasida mag'lub bo'lgan. 2025 yilda qozog'istonlik jangchi Brendson Ribeyro va Uran Satibaldievga yutqazgani yodimizda. 2026 yilda esa ketma-ket ikki g'alaba qayd etdi: avval Rafael Tobiasni hakamlarning yakdil qarori bilan mag'lub etdi, 8 avgustdagi so'nggi jangida esa Bruno Lopesni nokautga uchratdi.
29 yoshli Alik Lorenc AQSH vakili bo'lib, uning professional rekordida 8 ta g'alaba va 2 ta mag'lubiyat bor. Amerikalik atlet barcha sakkiz g'alabasini muddatidan oldin — ettitasini nokaut, bittasini bo'g'ish usuli bilan qo'lga kiritgan.
Lorenc Dana White’s Contender Series’da ikki marta ishtirok etgan. 2025 yil avgustda Abdul-Rahmon Yaxyaevga 30 soniyada texnik nokaut bilan mag'lub bo'lgan. SHundan keyin u ketma-ket ikki jangda g'alaba qozongan. 18 avgustdagi so'nggi jangida Lorenc Mahamed Alini birinchi raundning 2:23-daqiqasida nokautga uchratib, UFC bilan shartnoma tuzgan.

Fikrlar