19 okt 14:44
Yangiliklar
Diyora Keldiyorova: "Endi mutlaqo boshqa, yangi Diyoraman!"
Musobaqadan so'ng u sportga qaytishi, hozirgi holati va onalik haqida fikr bildirdi.
"Ochig'ini aytsam, Parij Olimpiadasidan oldingi sport formamga to'liq qaytdim deb ayta olmayman. O'shanda men boshqacha edim. Hozir men mutlaqo boshqa, yangi Diyoraman — ona sifatida yanada nazokatliman. SHunga qaramay, o'zimni juda yaxshi his qilyapman", — dedi Keldiyorova.
Sportchi hozir natijadan tashqari dzyudodan zavq olish ham muhim ekanini takidladi.
"SHunchaki dzyudodan zavq olishni istayman. Men dzyudoni yaxshi ko'raman, u bilan yashayman va o'z ishimdan qanchalik zavq olayotganim men uchun juda muhim", — dedi u.
Keldiyorova onalik hayotidagi o'zgarishlarga ham to'xtaldi.
"Qizim uchun eng muhimi — men uning yonida bo'lishim, uni bag'rimga bosishim. Unga faqat ona kerak. Hozircha u mening qanday sportchi ekanligimni tushunmaydi. Ehtimol, vaqti kelib bularning barchasini anglab etar", — deya qo'shimcha qildi dzyudochi.
17 oktyabr kuni Aqtau shahrida o'tkazilgan xalqaro turnirda -52 kg vazn toifasida qatnashgan Keldiyorova barcha raqiblarini ippon bahosi bilan mag'lub etdi. Finalda u ozarbayjonlik Farida Mirzaeva ustidan g'alaba qozondi. Oltin medal Keldiyorovaga jahon reytingi uchun 100 ochko taqdim etdi.
Dzyudochi 2024 yilgi Parij Olimpiadasida -52 kg vazn toifasida oltin medalni qo'lga kiritganidan so'ng farzandli bo'lgani sababli yirik turnirlarda ishtirok etmayotgan edi.

Fikrlar