06 dek 10:33
Yangiliklar
Ikki ochkolik farq bilan chempion bo'lgan Abdusattorov London Chess Classic turniridan qancha pul mukofoti ishlab oldi?
Mukofot jamg'armasi 50 000 funt sterlingni tashkil etuvchi ushbu nufuzli musobaqada dunyoning ko'zga ko'ringan 10 nafar shaxmatchisi qatori yosh grossmeysterimiz Nodirbek Abdusattorov ham muvaffaqiyatli qatnashdi. Hamyurtimiz muddatidan avval musobaqa chempionligini naqd qilgani haqida xabar bergan edik.

Abdusattorov so'nggi 9-turda oq donalarda ukrainalik grossmeyster Pavel Elyanovga qarshi bahs olib bordi va durang natija qayd etdi. So'nggi turning barcha uchrashuvlarida tomonlar murosaga kelishgan. Nodirbek turnirni mag'lubiyatsiz yakunladi - 6 g'alaba va 3 durang. To'qqiz imkoniyatdan 7,5 ochko jamg'argan shaxmatchimiz eng yaqin taqibchisi bilan o'rtadagi ikki ochkolik farqni saqlab qoldi.

Turnirda birinchi raqam ostida saralangan franciyalik Alireza Firuzdja 5,5 ochko bilan ikkinchi o'rinni egalladi. Besh ochkoga ega angliyalik Nikita Vityugov kuchli uchlikka yakun yasadi. Abdusattorov chempion uchun ajratilgan 25 000 funt sterling mukofot puliga ega bo'ldi. Alireza bu turnirdan 15, Nikita esa 10 ming funt sterling ishlab oldi.

Fikrlar