20 sen 14:14
Yangiliklar
Intervyu. O'zbek MMAchisi Nursulton Ro'ziboev qayta ko'rilgan natija, promoushenlar va boshqalar haqida
Uning Qirg'izistondagi muvaffaqiyati, o'ziga xos janglari muxlislarda katta qiziqish uyg'otayotgani ham sir emas. Lekin uning xavaskor sportdagi natijalari, shaxsiy hayoti, umuman aytganda faoliyati borasidagi malumotlar baribir kamroq yoritilgandek nazarimizda, biz ushbu masalada mukammal tasavvurga ega bo'lish uchun, sportchimiz bilan bog'lanib, Olamsport.com sayti uchun maxsus suxbat uyushtirdik.
-Nursulton umuman o'zingiz haqingizdagi malumotlar muxlislar uchun qiziq ekanligi tabiiy...
-Qiziq bo'lsa aytganim bo'lsin. 1993 yil 17-noyabrda Andijon viloyati SHahrixon tumanida tavallud topganman. Oilada, 4 farzandmiz. Akam, opam, ukam va kamina. Ukam ikkalamiz sport yo'nalishini tanlaganmiz.
-Aynan bu yo'nalishni tanlaganingizga nima yoki kim sababchi bo'lgan?
-Yoshlikdan qiziqishim kuchli bo'lgan. Bolalikda do'stlarimiz bilan urishib, talashib katta bo'lganmiz. Qaysidir manoda, ushbu omillar ham sabab bo'lgan deb ayta olaman. Qolaversa, xavaskor sportda aytarli natijalarga erisha olmaganimdan so'ng, prof yo'nalishida jiddiy faoliyat olib borishni maqsad qilgan edim.
-Yakkakurash sport turlaridan qay biri sizning kuchli tarafingiz hisoblanadi?
-Endi, yoshligimdan jangovar sambo, qo'l jangi, universal jang bilan shug'ullanganman, xavaskor sportda ham ushbu yo'nalishlarda ishtirok etganman. Balki, kuchli jihatlarim aynan shu sport turlari bilan bog'liq bo'lsa kerak.
-Ushbu darajaga etishishda albatta murabbiylaringizni o'rni bor. Ular haqida to'xtalib o'tsangiz?
-Albatta, dastlab 7-8 yoshimda karatega qatnaganman. O'shanda murabbiyim Ahmadjon aka edi hozir familiyasini eslay olmadim. Birinchi murabbiyim ushbu inson bo'ladi. Keyin, Bekzod Jiyanov bilan mashg'ulotlar olib bordim. Xavaskor yo'nalishda u qadar katta natija qayd eta olmaganimizdan so'ng, o'zining ustozi Nodir aka Qodirovning oldiga olib bordilar. Adashmasam olti yil avval edi. SHundan buyon Nodir aka bilan birgamiz va birgalikda professional yo'nalishida salmoqli natijalarni qayd etib kelayapmiz. SHu o'rinda ustozlarimga o'z minnatdorchiligimni bildirib qolaman!
-Umuman olganda MMA yo'nalishida necha marotaba jang o'tkazgansiz va natijalar qanday?
- Aslida, 20 dan ortiq jangda ishtirok etdim. Lekin bularning bari, mazkur yo'nalishdagi reyting “SHerdok” dan o'rin olmagan. Bu reytinga ko'ra, 13-10-3 ta jang olib borganligim ko'rsatilgan.
-"Axmat" promoturlik klubi bilan shartnomaga egasiz. Bunga qanday erishgansiz va shartnomadagi bandlar nimadan iborat?
-Barchaga malumki, ustozim, promouterim Nodir Qodirov mazkur promoushenni Osiyo qitasi prezidenti hisoblanadi. Ushbu insonning yordami bilan bu klub bilan shartnoma imzolaganman. Bunda xech qanday sir yo'q. O'ziga yarasha gonararlarga egaman. SHunchaki legioner sifatida ushbu klubda ishtirok etaman. Bazi, sportdan umuman xabari bo'lmagan insonlar fikr yuritib qoladiyu, sotilibdi, Rossiya nomidan urishar ekan deb, o'shalarga aytar so'zim, men har doim vatanim sharafini himoya qilaman! Biror bir fikr yuritishdan avval, sport haqida biroz malumotga ega bo'lishga harakat qilsanglar yaxshi bo'lardi...
-Yana qanday promoushenlardan jiddiy takliflar bo'lgan yoki bo'lmoqda?
-Yurtimizda birinchilardan bo'lib, “Absolute Championship Berkut (ACB)”, “Fingt-Nignt” yo'nalishlarida jang qilganman. Juda ko'p takliflar bo'lgan va bo'lmoqda ham. Kechagina “M-1 Challenge” yo'nalishidan taklif bo'ldi. Lekin buni xali qabul qilganim yo'q. Qozog'istonning “Alash pride”, “Jekma-jek” promoushenlari jiddiy qiziqish bildiradi.
-Yaqinda qayta tekshiruvdan so'ng, sizga berilgan g'alaba borasida batafsil malumot bersangiz. Aslida nima bo'lgan edi?
-Fight Nights Global 73 turnirida raqibimni og'ritish uslubida ushlab tugan edim. Yana biroz harakat qilganimda qo'li sinib ketardi. Hakam vaqtida to'xtatib, g'alabani menga berishi kerak edi. Lekin jangni kelgan joyidan davom ettirish kerakligini ko'rsatdi. Mazkur xolat yuzasidan murabbiyim va “Axmat” promousheni mutassadillari etiroz bildirganidan so'ng, jang tekshirilib, Valeriy Zuev ikki yilga hakamlikdan chetlatildi va g'alaba qozonganimni etirof etishdi.
-Hozirgi kunda qanday titullarga egasiz?
-“Nomad MMA”, “WEF GLOBAL” yo'nalishlari bo'yicha jahon chempioniman, Xavaskor yo'nalishda MMA ittifoqining Osiyo chempioni hisoblanaman.
-Vazn toifangizda jang olib boradigan “UFC”, “Bellator” vakillarini kuzatib borasizmi? Sizning imkoniyatingiz qay birlari bilan jang olib borishga etadi deb o'ylaysiz?
- Albatta kuzatib boraman. Bu men uchun juda ham qiziq xolat. CHunki ular bilan qachondir to'qnash kelishimga ishonaman. O'zimga qolsa, hammasi bilan jang o'tkazishga aqlim etadi. Lekin murabbiyim shoshma “O'zingni er bilsang, o'zgani sher bil”, biz xali u darajaga etganimiz yo'q deb ogoxlantirib turadi.
-Sizning fikringiz bo'yicha MMA da faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimiz saloxiyati va kuchli jixatlari bo'yicha 1, 2, 3 o'ringa kimlarni qo'ygan bo'lardingiz?
-Afsuski, hozirgi kunda MMA da jiddiy va salmoqli natijalarni qayd eta olayotganlar kamchilikni tashkil qilmoqda. Lekin mamlakatimizda eng yosh sport turi hisoblanadi. O'ylaymanki, bizni oldinda yorqin keljak kutmoqda. Savolingizga kelsak, 1-o'rin Murod Xonto'raev, 2-o'rin Muzaffar Rajapov va Maxmud Murodov 3-o'ringa “kamina” Nursulton Ro'ziboev.
-Siz bilan to'qnash kelgan eng jiddiy va murakkab raqibingiz kim edi?
-Johar Duraev degan raqibimni aytib o'tgan bo'lardim. Aslida, u bilan bo'lgan jangda biroz o'zimga ishonib, raqibni imkoniyatlarini pastroq baxolagan ekanman. Yakunda ochkolar hisobiga mag'lubiyatga uchradim. O'ylaymanki, bunday xatoga endi yo'l qo'ymayman.
-Nursulton “black” Ro'ziboev deb elon qilishadi aynan “Black” nomini yoxud laqabini sizga kim bergan?
-Endi bilasizmi, buni albatta ustozlarim Bekzod Jiyanov va Nodir Qodirovlar berishgan. Nodir akam doim takidlab keladilar, rivoyatlarga ko'ra, insoniyatning otasi Odam Ato ham qorachadan kelgan sen ham bu nom bilan faxrlansang bo'ladi deya. Bu nomni olishimning kelib chiqish tarixi shundan iborat.
-Yurtimizda jang o'tkazish borasida qandaydir harakatlar bo'lmoqdami?
-Bu juda nozik masala, “Asian Fingt” bu borada dastlabki harakatlar bo'ldi desak yanglishmagan bo'lamiz. Aslida, bunday musobaqalarni o'tkazish borasida ustozim Nodir aka Qodirov katta tajribaga ega. Lekin qandaydir qarshiliklar yuzaga kelayotgandek chamamda. Bunday rejalar albatta bor!
-Aytaylik Fyodor Emelyanenko, Anderson Silva va Jo Jonsni qay bir tomonlarini o'zingizda bo'lishini xoxlardingiz?
-Barcha jihatlarini o'zlashtirgan bo'lardim. Ayniqsa, Jo Jonsni kumirim deb bilaman. U kabi jangchi bo'lish orzuyim hisoblanadi.
-Samimiy suxbat uchun tashakkur!
-Raxmat. Olamsport.com saytiga ham omad!
Ahmad Eshmatov suhbatlashdi
Fikrlar