So’nggi yangiliklar

18:56Авазбек Холмирзаев ONE FC'да жанг қилиб, россиялик рақибини биринчи раунддаёқ таслим этди 0 18:39Олмалиқда туғилган Антон Вальдемар "Боруссия Д"га ўтишга яқин 0 18:17Том Аспиналл Алекс Перейра билан жанг қилиш истагида 0 17:55Топурия Холлоуэйга: "Данага қўнғироқ қил" 0 17:32"Бу жанг катта пул олиб келади" - Даниэль Кормье катта тўқнашув ҳақида гапирди 0 17:10Аббос Файзуллаев унинг Олимпиадага боришига розилик берган Марко Николичдан миннатдор 0 16:48Анкалаев Перейра билан жанг ҳақида: "Кураш бўлса Алексда имкон бўлмайди" 0 16:26UFC жангчиси Махачев - Царукян жанги учун тахминини айтди 0 16:03Бектемир Мелиқўзиев: "Сергей Деревянченко билан жанг қилишим мумкин эди" 0 15:41"Реал" Англия терма жамоаси ҳимоячисини сотиб олмоқчи 0 15:20Сауль Альварес билан жанг қилиш учун асосий даъвогар номи маълум қилинди 0 14:58Бектемир Мелиқўзиевнинг навбатдаги жанг санаси аниқ бўлди 0 14:37Президент қарорига мувофиқ Урганч дзюдо маҳорат мактаби қурилмоқда + ФОТО 0 14:16"Навбаҳор"нинг икки футболчиси жамоани тарк этди 0 13:55Хабиб Умар Нурмагомедовга мурожаат қилди 0

06 apr 18:30
Yangiliklar

Boks/MMA

Intervyu. Saken Polatov Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik, JCH-2019dagi rolik, yangi farmoyish va boshqa masalalar haqida

Yaxshi bilasiz, ayni paytda keng tarqalgan koronavirus sabab to'rt yillikning eng muhim musobaqasi - Olimpiya o'yinlari 2021 yilga qoldirildi.

Bu albatta o'z navbatida O'zbekiston boks federaciyasi rejalariga ham o'z tasirini ko'rsatmay qolmadi. SHu sababli O'zbekiston boks federaciyasi matbuot xizmati federaciya raisining birinchi o'rinbosari Saken Polatov bilan bir qator masalalar yuzasidan intervyu uyushtirdi. 

-Saken Djetibaevich, vaqt ajratib intervyu berishga rozi bo'lganligingiz uchun rahmat aytamiz. Ancha savollar yig'ilib qolgandi. Fursatdan foydalanib, Tokio Olimpiadasi uchun 7 ta licenziya qo'lga kiritilgani bilan muborakbod etamiz.

-Rahmat. Ha, Iordaniyada o'tkazilgan licenzion turnirdan 7 ta yo'llanma bilan qaytdik. Bu natijalarning zamirida juda ko'pchilikning mehnati yotibdi. Sportchilarimiz uddalashdi. 

Fursatdan foydalanib, O'zbekistonda boksni rivojlantirish uchun sharoit yaratib berayotgan muhtaram Prezidentimiz SHavkat Miromonovichga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Mamlakatimiz rahbarining sportga, hususan boksga bo'lgan qiziqishi bizni yanada ruxlantiradi. Yodingizda bo'lsa, 2019 yili Ekaterinburgda o'tkazilgan jahon chempionatidan so'ng yurtboshimiz bizni shaxsan o'zlari qabul qilgandilar. Nasib qilsa, yaqin kelajakda O'zbekistonda boksni rivojlantirishga oid farmoyish chiqadi. Bundan tashqari, musobaqalar, yig'inlar o'tkazish uchun sharoit yaratib berayotgan Milliy olimpiya qo'mitasi, O'zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga, shunindek, homiylarimiz - O'zbekiston temir yo'llari AJ, "PEPSI", "BUKA" va "Orient Finans Bank" kabi tashkilotlarga ham rahmat aytamiz. 


-Ayni paytda yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi tufayli barcha sport turlari, shu jumladan boks federaciyasi rejalariga ham o'zgartirish kiritilgan. Ushbu masala yuzasidan qanday malumot bera olasiz?

-Darhaqiqat, ushbu xavfli koronavirus sababli rejalarimiz o'zgarib ketdi. Yaxshi bilasiz, Ammanda o'tkazilgan licenzion turnirda Tokio Olimpiadasiga 7 ta yo'llanma qo'lga kiritgandik. Qolgan vaznlarda Parijda o'tkaziladigan licenzion musobaqa orqali Olimpiada chiptalariga ega chiqmoqchi edik. Bu borada Franciya poytaxtidagi musobaqa uchun jiddiy reja ishlab chiqilgandi. Bundan tashqari Tokio Olimpiadasi yo'llanmasini naqd qilib qo'ygan charm qo'lqop ustalarimizning tayyorgarlik rejasida ham o'zgarish bo'ldi. 


-Yigitlarimiz 8 ta vazn toifasida 6 ta licenziya qo'lga kiritishdi. Bu O'zbekistondek boks derjavasi uchun qoniqarlimi?

-To'g'ri, biz 8 ta vaznda licenziyani Osiyo kvalifikacion musobaqasidayoq qo'lga kiritmoqchi edik. Musobaqa boshlangunga qadar -75 kg vazn toifasida Bektemir Meliqo'ziev bahslarga tayyorlandi. Lekin, ayrim sabablarga ko'ra licenzion musobaqada Bektemir Meliqo'ziev ishtirok eta olmaydigan bo'lib qoldi. Uning o'rniga Ammandagi yig'inni yakunlab O'zbekistonga qaytib ketayotgan Fanat Qahramonov yarim yo'ldan, aniqrog'i Istanbuldan yana Iordaniyaga majburan chaqirib olindi. Afsuski, oldimizda shunday vaziyat yuzaga keldi. Fanat qaytganidan so'ng bir yarim kun ichida 6 kilogramm vazn haydashiga to'g'ri keldi. Sportchilar juda yaxshi bilishadi - bu oson ish emas. SHunday bo'lsada, u musobaqada ikki raqibini mag'lubiyatga uchratishga muvaffaq bo'ldi. Yakunda baribir ushbu jarayonlar bokschimizga o'z tasirini ko'rsatdi, u jismoniy tomonlama tiklana olmadi. Aslida yaxshi bilasiz, Qahramonov ham iqtidorli bokschi. 

Dilshod Ro'zmetov haqida gapiradigan bo'lsam, u juda ajoyib, istedodli sportchi. Yosh bo'lishiga qaramay, 2019 yilgi jahon chempionatida finalgacha etib borgandi. Dilshod Ammandagi musobaqada g'alaba qozonishni judayam istagandi. Judayam. Bu esa ruxiy tomonlama bokschimizga tasir qildi. Afsuski, u hakamlarning tushunarsiz qarori sabab yakunda yutqazib qo'ydi. U o'z ustida yana ishlaydi va ishonamizki jahon licenzion turnirida Tokio Olimpiadasi chiptalariga ega chiqadi. 


-Demak, jahon licenzion turnirida Dilshod Ro'zmetovga imkoniyat beriladi. -75 kg vazn toifasida musobaqada qaysi bokschi ishtirok etadi?

-Hozircha koronavirus sabab Parijdagi licenzion turnirning qachon o'tkazilishi aniq emas. Ushbu vazn toifasida qaysi bokschilar licenziya uchun kurash olib borishini murabbiylar shtabi hal qiladi. Lekin, sizga ishonch bilan ayta olamanki, bu borada ishlangan aniq rejamiz bor.



-Tokio Olimpiadasining qoldirilishi bokschilarimizga qanday tasir ko'rsatadi deb o'ylaysiz?

-Ayni paytda barcha mamlakat bokschilari biz bilan bir xil sharoitda. Bazi qitalarda esa hali licenziya qo'lga kiritgan bokschilar nomi ham aniq emas. Yaxshi bilasiz, Evropadagi licenzion musobaqa ayni o'tkazilayotgan paytida to'xtatildi. Endi oldimizda bir yildan ortiq vaqt bor. O'ylaymanki, ushbu muddat barcha bokschilar tayyorgarligi uchun etadi. Endi navbatdagi rejani vaziyatdan kelib chiqib, murabbiylar shtabi bilan birgalikda tuzamiz. Karantin yakunlanib, xalqaro musobaqalar boshlanganidan so'ng bokschilarimiz musobaqalarda ishtirok etishadi. Mana shunday kuchli turnirlar, yig'inlar orqali bokschilarimiz formasini ushlab turamiz. Umuman olganda, hozirda bokschilarimiz mashg'ulotlarni tashlab qo'yishgani yo'q. Ular nazoratda va o'z formalarini ushlab turishibdi. 


-Navbatdagi rejalar qanday?

-Yuqorida takidlaganimdek, karantin yakunlanganidan so'ng aniq bir rejamiz haqida malumot bera olaman. Xalqaro musobaqalar, yig'inlardan tashqari infrastrukturani rivojlantirish bo'yicha ham katta rejalarimiz bor. Toshkent viloyatidagi Yangiobod shaharchasida katta sport bazasi barpo etishni maqsad qilganmiz. Bundan tashqari, hozirgi bazamizni ham rekonstrukciya qilib, xalqaro standartlarga javob beradigan holatga olib kelmoqchimiz. 

SHuningdek, nafaqat yigitlarimizga, balki ayollar boksi, bolalar boksi kabi yo'nalishlarda ham biz "katta yo'l"ga chiqib ulgurdik. Bu yo'nalishda hali qilinadigan ishlar ko'p. O'zbekiston erkaklar terma jamoasining qanday kuchga ega ekanligini barcha biladi. Endi qizlarimizni ham shu saviyaga olib chiqmoqchimiz. 


-2019 yili Ekaterinburg mezbonlik qilgan jahon chempionati o'zbek boksi tarixida o'ziga xos iz qoldirdi. Bungacha O'zbekiston terma jamoasi JCHda uchta oltin medal qo'lga kirita olmagandi. Buning siri nimada deb o'ylaysiz?

-To'g'ri aytasiz. Biz ushbu musobaqa orqali o'zbek boksi tarixida yangi sahifa ochdik deb hisoblayman. Biz jahon birinchiligiga jiddiy tayyorgarlik ko'rgandik. Ekaterinburgdagi jahon chempionati haqida gap ketganida ajoyib xotiralar esga tushadi.

Ekaterinburg. 2019 yil, 8 sentyabr


Buning siri? (o'ylanib). Aytib o'tganimdek, biz jahon chempionatiga jiddiy, har tomonlama tayyorgarlik ko'rdik. Yigitlarimiz 40 kun oldin Rossiya hududida yig'in boshlashdi. Bu mahalliy iqlimga moslashish, adaptaciya uchun juda muhim hisoblanadi. Ular musobaqa boshlanishiga yaqin Ekaterinburg shahriga etib borishdi. O'z navbatida biz ham chempionat boshlanishi oldidan Oybek Kasimov va SHerzod Toshmatov bilan birga bokschilarimizni qo'llab-quvvatlash uchun Ekaterinburgga bordik.

2019 yil, 8 sentyabr. Ekaterinburg


U erda bokschilarimiz istiqomat qilayotgan mehmonxonada terma jamoa azolari bilan uchrashdik, ular bilan suhbatlashdik. 

Ekaterinburg. 2019 yil, 8 sentyabr. Bokschilarimiz bilan uchrashuv chog'ida


Ularga ajoyib, motivacion rolik qo'yib berdik. O'sha rolikda 8 nafar bokschimizning oila azolari ham ishtirok etishgan va farzandlariga o'z tilaklarini bildirishgandi. Maxsus ijodiy guruh viloyatlarga borib, bokschilarimizning xonadonida bo'lishdi, ularning ota-onalari, yaqinlaridan duo olishdi, bokschilarimizning ruxini ko'taruvchi lavhalar ishlandi. Bundan bokschilarimizning xabari yo'q edi. Qolaversa, biz O'zbekistondan Samarqand nonlarini bokschilarimiz uchun olib bordik. Ishonasizmi, o'sha rolikni ko'rib bokschilarimiz ko'zlariga yosh olishdi. 

Bokschilarimiz o'sha rolikni tomosha qilishmoqda


Tasavvur qilyapsizmi, 1 oydan ortiq vaqt davomida oila, vatan sog'inchida chetda yurgan inson uchun bu qanday tasir qiladi? Ortlarida kimlar turganini yana bir karra his qilishdi. Ushbu holatni ko'rib, hattoki o'zimizning ko'zimizga ham yosh keldi. Aniqroq aytadigan bo'lsam, bu yigitlar uchun psixologik tomonlama juda yaxshi tasir qildi. Aynan mana shunday jihatlar ham terma jamoaning musobaqalarga tayyorgarligi jarayonida muhim rol o'ynaydi.

Samarqandlik Fanat Qahramonovning buvisi tomonidan yopilgan nonlarning olib borilgani yigitlarga o'zgacha tasir qildi. SHu kungacha rolik ommaga ko'rsatilmagandi. Bugun mazkur videorolikni muxlislarimizga ham namoyish etsak bo'ladi.

VIDEONI TOMOSHA QILISH


Bu esa siz yuqoridagi videoda ko'rgan lavhada yopilgan Samarqand nonlari.      
         Ekaterinburg shahri
.


-Infratuzilmani rivojlantirish masalasida batafsil gapirib bera olasizmi?

-Hozirda bizda Yangioboddagi bazamizda ikkita sport zalimiz bor. Lekin u erda o'zimizning yotoqxona yo'q. Hozirgi bazamiz Milliy olimpiya qo'mitasi yordamida qayta tamirdan chiqarildi. Lekin, buni etarli darajada deya olmayman. SHu sababdan ham biz zamonaviy sport zali, yotoqxona, oshxona, reabilitaciya markaziga ega bo'lgan katta baza barpo etish niyatidamiz. Ishonamanki, yangi quriladigan sport bazasi uzoq yillar davomida yurtimiz boksi rivoji uchun xizmat qiladi. 


-Siz boksni rivojlantirishga oid farmoyish haqida gapirdingiz. Bu qanday bo'ladi?

-Nasib qilsa, ushbu farmoyish O'zbekistonda boksni yana bir necha pog'ona ko'tarish uchun xizmat qiladi. Bu orqali mamlakatimizda boks ommaviyligini yanada oshirishni maqsad qilib qo'yganmiz. Qisqacha qilib aytsak, bu yaqin 10 yilda boksni yangi saviyaga olib chiqish uchun strategik reja bo'ladi.


-2019 yili kattalar o'rtasidagi O'zbekiston chempionati yuqori saviyada tashkil etildi. Bungacha mazkur chempionat u qadar katta tayyorgarlik bilan tashkil etilmagandi. Bu orqali federaciya xalqaro musobaqalar o'tkazishga tayyorgarlik ko'rmoqdami?

-To'g'ri aytdingiz. 2019 yili boks bo'yicha O'zbekiston chempionatini yuqori saviyada tashkil etishga harakat qildik va buni uddaladik deb ham o'ylayman. CHempionatimizda o'tkazilgan janglar Rossiya telekanali orqali ham namoyish etildi. Bunday muhitda jang qilgan bokschilarimiz xalqaro musobaqa nafasini his qilgan bo'lsalar ajab emas. Hozircha yosh bokschilar uchun bir qator xalqaro turnirlar o'tkazyapmiz. Umuman olganda, kelajakda yirik musobaqalar o'tkazish maqsadimiz ham yo'q emas. O'tgan yilgi Respublika chempionati bizga yangi nomlarni taqdim etdi. Aynan mana shunday musobaqalar orqali selekciya yo'nalishini ham rivojlantirib bormoqdamiz. Respublikamizning chekka-chekka hududlarida bolakaylar boks bilan shug'ullanishmoqda.

Yana shuni aytishni istardimki, biz 2021 yildan boshlab "Sidney Jekson xotira turniri"ni qayta tiklamoqchimiz. Ushbu musobaqa avval ham o'tkazilgan. Bu safar endi mazkur turnir "A" klass toifasidagi musobaqa bo'ladi. Yani, musobaqa nufuzini ko'taramiz. Unga boks olamida dunyo etakchilari hisoblangan Kuba, Rossiya, Qozog'iston, AQSH, Yaponiya, Xitoy, Hindiston kabi mamlakat bokschilarini taklif qilib, yuqori saviyadagi nufuzli musobaqa tashkil etmoqchimiz. Ushbu musobaqani AIBAning 2021 yilgi taqvim rejasiga ham kiritganmiz.

Bundan tashqari Osiyo chempionatini ham tashkil etish rejasi yo'q emas. 

O'zbekiston chempionati-2019


-Keling endi xalqaro munosabatlar haqida suhbatlashsak. 

-Federaciyamiz faoliyatida xalqaro aloqalarni rivojlantirish ham eng ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Xalqaro aloqalarni mustahkamlash orqali havaskor boksda o'z o'rniga ega bo'lgan Kuba terma jamoasi vakillari bilan Gavanada qo'shma o'quv-mashg'ulot yig'inlarida ishtirok etdik. Qolaversa, Ozarbayjon, Janubiy Koreya, Xitoy, Angliya, Polsha, Vengriya kabi terma jamoasi vakillari bokschilarimiz bilan birga yig'in olib borishdi. 

Ayni paytda Qozog'iston, Irlandiya, Indoneziya va boshqa bir qator boksi rivojlangan mamlakatlar federaciyalaridan yig'in borasida takliflar bo'lmoqda. Ammo, ularning barchasi bilan yig'in o'tkazishning iloji yo'q. Bu jismoniy tomonlama, vaqt tomonlama imkonsiz. Bu ham yurtimiz boksining qay darajada nufuzga ega ekanligidan darak berib turibdi. Biz bilan o'quv-mashg'ulot yig'inlari o'tkazishni istab ko'plab mamlakatlardan takliflar kelib tushmoqda. Biz o'z navbatida murabbiylar shtabi bilan kelishgan holda xorijiy bokschilar bilan qo'shma yig'inlarni rejaga kiritamiz.

-O'zbekistonlik murabbiylar ham ayni paytda xorijiy terma jamoalarda faoliyat olib borishmoqda. Bu ham o'zbek boksiga berilgan yuqori baho desak adashmagan bo'lamiz. 

-To'g'ri aytasiz. Yurtimiz bokschilari kabi murabbiylarimizga ham qiziqish xorijda kuchli. Hozirgi kunda bir qator o'zbekistonlik mutaxassislar chet mamlakat terma jamoalarida faoliyat olib borishmoqda. Bunga misol sifatida Olim Muhammedov (Janubiy Koreya), Vladimir SHin (Yaponiya), Alisher Rahimov (Nepal), SHerzod Abdurahmonov (Quvayt) va Hasan Muhammedov (BAA)ni keltirishim mumkin. Yuqorida sanab o'tilgan mamlakatlar aynan o'zbekistonlik mutaxassis orqali o'zlarida boksni rivojlantirishni maqsad qilishgan. SHuningdek, ayni paytda boshqa murabbiylarimizga ham chetdan takliflar borligini aytishim mumkin. 

-Bilamiz, siz Osiyo boks konfederaciyasi Ijroqo'mi azosi ham hisoblanasiz. Bu ham xalqaro aloqalarni mustahkamlash yo'lida ahamiyatga ega.

-To'g'ri, o'zim Osiyo boks konfederaciyasi Ijroqo'mi azosiman. Bundan tashqari bir qator hamyurtlarimiz, federaciyamiz mutasaddilari konfederaciyada komissiya azolari hisoblanishadi. Federaciyamiz bu yo'nalishda ham ishlamoqda.

2019 yil, aprel. Bangok. Osiyo boks konfederaciyasi Ijroqo'm yig'ilishi
2019 yil, aprel. Bangkok. Suratda o'rtada AIBA prezidenti Muhammad Mustazan, o'ng tomonda ASBC prezidenti Anas Alotaiba


-Siz O'zbekiston boks federaciyasidan tashqari, O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasida vice-prezident sifatida ham faoliyat olib borasiz. Ushbu faoliyatingiz haqida ham gapirib bersangiz. Boshqa sport turlarida licenziya qo'lga kiritib ulgurgan sportchilarimizning holati qay darajada?

-Licenziya qo'lga kiritgan, licenzion musobaqaga tayyorgarlik ko'rayotgan har bir sportchimiz nazoratda. Sport federaciyalari rahbarlari, murabbiylar tuzilgan reja asosida mashg'ulotlar tashkil etishgan. MOQ ularni har kuni nazorat qilmoqda. Bu borada tezkor shtab tuzilgan va ushbu shtab sportchilarimiz bilan muloqot qilib turibdi. Hattoki ularga uyda mashg'ulot olib borish uchun etarli sharoitlar yaratib berilmoqda. Bu yo'nalishda ham nazorat o'rnatilgan. 


-Ular ayni paytda nimalar bilan band?

-Sportchilarimiz karantin qoidalariga amal qilgan holda uyda bo'lib turishibdi. Lekin, bu mashg'ulotlar to'xtab qoldi degani emas. Sportchi va murabbiylar o'rtasida onlayn mashg'ulotlar yo'lga qo'yilgan. Terma jamoalar murabbiylari masofadan turib sportchilarga mashg'ulot o'tmoqdalar. Bular federaciya rahbarlari, MOQ va vazirlik tomonidan ham kuzatib borilmoqda. 

Bundan tashqari karantin vaqtida muxlislar zerikib qolmasliklari uchun turli loyihalar amalga oshirilmoqda.


-Suhbat uchun tashakkur. Fursatdan foydalanib, oldinda turgan masuliyatli musobaqalarda bokschilarimizga omad tilaymiz. 

-Rahmat. Suhbatimiz so'ngida barcha sportchilarimizga murojaat qilmoqchi edim. Ayni paytda yuzaga kelgan xavfli koronavirus pandemiyasi sabab mamlakatimizda karantin rejimi joriy qilingan. Sportchilarimiz ham qoidalarga amal qilib, o'rnatilgan tartibda uyda mashg'ulotlarni olib borishlarini tavsiya qilgan bo'lardim. Belgilangan qoidalarga amal qilsak, ishonamanki ushbu virusdan qutilamiz va yurtimiz bayrog'ini yanada yuqorilarga ko'taramiz.

Reyting:    

Fikrlar

   
06 apr 21:32:27
Mansur Baltaev
Нега Шахрам эмас Бобоусмон ,Икбол эмас Элнур ,Мадияр эмас Санжар боргани ҳақида савол берилмаган?
< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing