22 fev 08:05
Yangiliklar
Nodirbek Abdusattorov nomdor raqiblarini mag'lubiyatga uchratdi
Mukofot jamg'armasi 150 ming AQSH dollarini tashkil etuvchi mazkur turnirda sayyoramizning eng kuchli grossmeysterlari ishtirok etyapti. Ular orasida hamyurtimiz, rapid yo'nalishi bo'yicha amaldagi va shu bilan birga eng yosh jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov (2651) ham bor.
Kecha tunda dunyoning 16 nafar kuchli grossmeysterlari yana 4 ta partiyada o'zaro dona surishdi va quvonarlisi, Abdusattorov o'tkazilgan partiyalarida mag'lubiyatga uchramadi. Aksincha, reytingda o'zidan yuqorida turgan nomdor raqiblaridan ochko tortib oldi.
Yosh grossmeysterimiz 9-turda hindistonlik Pragnanandxa (2612) bilan durang o'ynadi. 10-turda vetnamlik Liem Kuang Le (2709) ustidan chiroyli g'alabaga erishdi. Keyin musobaqa jadvalida 3-o'rinda borayotgan kanadalik Erik Xansen (2606)ni mag'lubiyatga uchratdi. 12-turda esa xitoylik Liren Ding (2799) bilan murosaga keldi. Nodirbek 4 ta partiyada 2 g'alaba va 2 durang qayd etdi.
Malumot uchun, 16 xalqaro grossmeyster ishtirokidagi musobaqa rapid yo'nalishida o'tkazayotgan bo'lib, dastlab ishtirokchilar 15 turdan iborat saralash bosqichida o'zaro kuch sinashadi. SHaxmatchilar to'plagan har bir ochkosi uchun 250 dollardan mukofot olishadi. Saralash bosqichi yakuniga ko'ra eng yaxshi natija qayd etgan 8 nafar shaxmatchi pley-off bosqichida g'oliblik uchun kurash olib boradi. Bu bosqichda har bir o'yin muhim ahamiyatga ega va yutqazgan shaxmatchi uchun musobaqa tugaydi.
Eslatib o'tamiz, yaqinda Polshada o'tkazilgan jahon chempionatida Nodirbek Abdusattorov Magnus Karlsenni shov-shuvli tarzda mag'lubiyatga uchratgan edi. O'sha g'alaba tasodifiy bo'lmagani kechagi uchrashuvda o'z isbotini topdi.
Fikrlar
Эслатиб ўтамиз, яқинда Польшада ўтказилган жаҳон чемпионатида Нодирбек Абдусатторов Магнус Карлсенни шов-шувли тарзда мағлубиятга учратган эди. Ўша ғалаба тасодифий бўлмагани кечаги учрашувда ўз исботини топди." Ҳар куни шу маълумотни қайтаравермасдан, ким нечанчи ўриндалигини ҳам ёзинглар, барака топгирлар...