So’nggi yangiliklar

04:14UFC Нурсултон Рўзибоевнинг навбатдаги жангини эълон қилди (+ПОСТЕР) 0 19:02Шавкат Раҳмонов қачон октагонга қайтишини айтди 0 18:39"UFC 318 турнири у учун ташкил этилмоқда" — Дана Уайт 0 18:17Усман: "Бундан қутилишим керак эди" 0 17:53Бэйл Англия клуби эгаларидан бирига айланиши мумкин 0 17:26Махачевнинг мураббийи: "Яримўрта вазнга ўтиш режаси Топурия пайдо бўлгунича ҳам бор эди" 0 17:01Топурия – Оливейра тўқнашуви учун захира жангчиси маълум 0 16:38Германияда ҳали мағлубиятга учрамаган боксчи ўлдириб кетилди 0 16:16Уч нафар ўзбекистонлик футболчи Англия клубида кўрикдан ўтиш учун жўнаб кетди 0 15:52UFC on ESPN 69 турнири иштирокчилари гонорарлари эълон қилинди: Усманда энг кўпи эмас 0 15:30Нигина Абдураимова узоқ йиллардан кейин терма жамоа сафида! Теннисчиларимиз Billie Jean King Cup турниридаги иштирокини бошлади 0 15:08Ислам Махачевнинг ММАда яна нечта жанги қолгани айтилди 0 14:45Неймарнинг келажаги маълум 0 14:24Новак Жокович: "Менга мотивация бериб турадиган биргина мусобақа қолди" 0 14:03Эдди Хирн Энтони Жошуанинг эҳтимолий рақибларини санади 0

05 apr 16:55
Yangiliklar

Futbol

O'zbekiston MTJ va Olimpiya terma jamoalari Afrika jamoalariga qarshi o'yin borasida hisobot topshirdi

Teglar :  FutbolO'zbekiston
O'zbekiston Futbol Associaciyasining Terma jamoalar boshqarmasi O'zbekiston milliy terma jamoasining mart oyida o'tkazgan o'quv-mashg'ulot yig'ini va o'rtoqlik o'yinlari bo'yicha hisobotini tingladi.

Asosan yosh futbolchilardan tarkib topgan milliy terma jamoa 19 mart kuni Toshkentda yig'inga kirdi. Poytaxtdagi mashg'ulotlardan so'ng, Temur Kapadze va murabbiylar kengashi azolari boshchiligidagi milliy terma jamoa o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazish uchun Marokashga jo'nab ketdi.O'zbekiston va Marokashda bo'lib o'tgan yig'in davomida 24 futbolchi 7 ta jismoniy, 5 ta nazariy mashg'ulotlarda ishtirok etib, 2018 yilgi jahon chempionatining ishtirokchisi bo'lgan Senegal va Marokash terma jamoalari bilan xalqaro o'rtoqlik uchrashuvida ishtirok etdi.

Birinchi o'yin 23 mart kuni Kasablankada Afrika qitasidagi saralash musobaqasida eng ko'p ochko yiqqan jamoa - Senegalga qarshi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston terma jamoasi g'alabani qo'ldan boy berdi va 1-1 hisobida durang o'ynadi.

5 kun o'tib, O'zbekiston terma jamoasi oxirgi 13 ta o'yinda biror marta ham mag'lubiyatga uchramagan Marokash terma jamoasi bilan o'ynadi. O'zbekiston terma jamoasi yoshlari uchun ulkan tajriba maktabini o'tab bergan o'yinda Marokash 2-0 hisobida ustun keldi.

O'zbekiston terma jamoasini boshqarish vakolatiga ega bo'lgan murabbiylar kengashi azolari bo'lib o'tgan mashg'ulotlar va o'rtoqlik uchrashuvlarida jamoa oldiga 3 ta asosiy vazifani qo'ydi.

Birinchisi, jamoa tarkibini yoshartirish tamoyillariga rioya qilgan holda jismonan baquvvat bo'lgan kuchli jamoalarga qarshi o'yinlar uchun mos taktik sxemani aniqlab olishdan iborat bo'ldi. Bu ish uddalansa, terma jamoa yoshlarining o'ziga bo'lgan ishonchi ortar, to'p nazorati va hujumga o'tish salohiyati o'sishi kutilgan edi.

Ikkinchisi esa, futbolchilarning kuch va salohiyati borasida hech kimdan kam emasligini ularning tafakkuriga singdirish va har qanday jamoa bilan o'ynash mumkinligini uqtirishdan iborat bo'ldi. Bu eng avvalo raqibdan cho'chib o'yinni boshlash, hujumga o'tish va oldinga tashlanishdagi dadillik darajasini ko'tarish uchun o'ylab chiqilgan edi.

Uchinchisi, 24 nafar futbolchilarning bugungi kungi funkcional tayyorgarligini maksimum darajada sinovdan o'tkazish edi. Bu esa o'zagi Osiyo o'yinlarida ishtirok etadigan milliy terma jamoa ro'yxatining doimiy ravishda yangilanib borishi va jamoadagi raqobatni o'stirishga qaratilgan edi.

“Senegalga qarshi o'yinda terma jamoa futbolchilari qo'yilgan vazifalarni maksimum darajada bajarishga harakat qilishdi va bu narsa qayd etilgan natijada ham aks etdi. Tan olish kerak, himoya chizig'ida ham, hujumda ham o'yinni tashkil qilishda qilinishi kerak bo'lgan ishlarning ko'pligi sezilib turdi, biroq yakunda jamoa o'z oldiga qo'ygan vazifani uddaladi”, - deb xulosa qiladi Murabbiylar kengashi.

Kengash Marokashga qarshi uchrashuvda futbolchilar o'z oldiga qo'yilgan vazifalarni bajara olmadilar deb hisobladi. “Birinchidan, tarkibda yangi va yosh futbolchilar maydonga tushdi. Ular o'yin boshlarida o'zlarini biroz yo'qotib qo'ydilar va 3-daqiqadayoq gol o'tkazib yubordilar”, - deb yoziladi hisobotda. Murabbiylar kengashining fikriga ko'ra, Marokashga qarshi o'yinda maydon markazida to'p bilan va to'psiz o'yinda qaror qabul qilishning kechikishi natijasida juda ko'p holatlarda kurash boy berildi. Tanaffusdan keyin jamoa biroz o'ziga keldi va O'zbekiston yoshlarining o'yinida nostandart harakatlar, kutilmagan fint va zarbalar ko'zga tashlana boshlandi. “Ikkinchi gol bo'lmaganida, jamoa durang uchun yaxshi harakat qildi. Ammo, ularning motivaciyasini ikkinchi gol o'zgartirib yubordi. SHu nuqtai-nazardan olib qaralganda, bunday vaziyatlarda jamoaga cho'kmaslikni o'rgatish borasida amaliy ishlar qilinishi kerak”, - deyiladi hisobotda.

Yig'in tugagach terma jamoalar boshqarmasi va murabbiylar kengashi o'yinni to'liqligicha taxlil qilib chiqdi va amalga oshirilishi kerak bo'lgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqdi. Har bir futbolchiga o'zi o'ynaydigan klubda shug'ullanishida rioya qilinishi kerak bo'lgan individual tayyorgarlik dasturi berildi. Ular esa may oyidagi yangi yig'ingacha monitoring qilib boriladi.

Malumot o'rnida aytib o'tish kerakki, O'FA terma jamoalar boshqarmasining ish rejasida 19 mayda safarda Eron, 7 iyun kuni safarda Urugvay terma jamoalariga qarshi o'rtoqlik uchrashuvlari va o'quv-mashg'ulot yig'inlari bor.

Mazkur uchrashuvlardagi asosiy maqsad – milliy terma jamoani yoshartirish va uning o'zagini Osiyo o'yinlarida ishtirok etadigan yosh futbolchilar bilan to'ldirishdan iboratdir. SHu sababli ham may va iyun oyidagi jahon chempionatining navbatdagi ikki ishtirokchisiga qarshi o'yinlarda milliy terma jamoa yoshartirilgan tarkibda harakat qiladi.



O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov mart oyida o'tkazilgan o'quv-mashg'ulot yig'inlari bo'yicha Murabbiylar kengashi va “Terma jamoalar” boshqarmasiga hisobot topshirdi.

SHu yilning 14 avgustidan 1 sentyabrigacha Indoneziyaning Jakarta shahrida bo'lib o'tadigan Osiyo o'yinlariga tayyorgarlik ko'rayotgan O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi mart oyida Andijon va Farg'onada 1 haftalik o'quv-mashg'ulot yig'inini o'tkazdi. Yig'in davomida jamoa Keniya yoshlar terma jamoasi bilan 2 ta o'rtoqlik o'yinida maydonga tushdi.

Yig'in davomida murabbiylar 4 ta asosiy vazifa ustida ish olib borishdi.

Birinchisi, Osiyo o'yinlariga boradigan futbolchilar ro'yxatini shakllantirish uchun nomzodlarning funkcional tayyorgarligini sinovdan o'tkazish bo'ldi. Ikkinchisi, himoya va hujumdagi o'yinni tashkil qilishda o'zaro o'yin va harakatlarni takomillashtirish bo'lib, bu borada maxsus dastur va reja asosida ish olib borildi. Uchinchi vazifa, futbolchilarning yuqori tezlikdagi texnik va taktik harakatlarni guruh va jamoa bo'lib ijro etish darajasini oshirishdan iborat bo'lib, buning uchun yuqori intensiv o'yin va pressingdagi o'yinning joyida ekanligiga etibor qaratildi. To'rtinchi vazifa esa, yuqori natijalarni qo'lga kiritadigan inoq va birlashgan jamoani tuzish bo'ldi.

Yig'inga O'zbekiston superligasidagi 11 ta jamoadan 24 nafar, Rossiya premer ligasidan esa bir vakil chaqirildi. Bu vaqtda milliy terma jamoa Marokashda yig'in o'tkazayotganligi munosabati bilan jamoaning 6 nafar azosi – Rustam Ashurmatov, Odilbek Hamrobekov, Javohir Siddiqov, Jasur Yaxshiboev, Botirali Ergashev, Akrom Komilovlar yig'inda qatnasha olmadi. Ularning o'rniga zahiradan 9 nafar yangi futbolchi taklif etildi: darvozabon – Umidjon Ergashev (Nasaf), himoyachi Avaz Mamatxo'jaev (Qo'qon 1912), yarim himoyachilar – SHarof Muhiddinov (Nasaf), Muhammadanas Hasanov (Qo'qon 1912), Oston Urunov (Navbahor), Aziz Turg'unboev (Navbahor), Islom Kenjaboev (Nasaf), Aziz Amanov (Lokomotiv) va Nurullo To'xtasinov (So'g'diyona) lar zahiradan chaqirilib, xalqaro o'yin amaliyotiga ega bo'ldilar. “Nasaf” azosi Doniyor Narzullaev va “Paxtakor” futbolchisi Doston Ibrohimovlar jarohatlari sabab yig'inni o'tkazib yuborishga majbur bo'ldilar.

Mart oyidagi yig'in davomida 8 ta jismoniy, 6 ta nazariy mashg'ulot o'tkazib, jamoa 2 ta o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.

Keniyaga qarshi birinchi uchrashuv 23 mart kuni Andijon shahrida bo'lib o'tdi. O'yin keskin kurashlarga boy bo'ldi, ammo O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi himoyadagi o'yinni yaxshi tashkil qila olmagani, hujumlarni tashkil etish va samarali tugatishda boshlang'ich harakatlarning sustligi, qolaversa, raqib jamoaning o'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rgani sababli chiroyli o'yin ko'rsata olmadi. Natijada esa O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi 1-2 hisobida mag'lubiyatga uchradi.

Ikkinchi o'yingacha bo'lgan davr oralig'ida jismoniy va nazariy mashg'ulotlarda birinchi o'yinlardagi xatolar ustida ishlandi. Mashqlarda, ayniqsa, himoya va hujumda umumjamoaviy harakatlarning takomillashuviga etibor kuchaytirildi. Bundan tashqari, standart vaziyatlar bo'yicha ham alohida dastur asosida mashqlar olib borildi.

Ikkinchi o'yin 26 mart kuni Farg'onada bo'lib o'tdi va unda O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi tarkibida qator o'zgarishlar amalga oshirildi. Bu safar o'yin O'zbekiston jamoasi azolarining tashabbusi ostida kechdi. Himoya va hujumda o'yinni tashkil qilish, to'pning nazoratini boy bermaslik, yuqori darajadagi kombinacion harakatlarni mujassamlashtirgan hujumkor o'yin namoyish etishning uddasidan chiqildi. O'yinda ko'plab hujumlar uyushtirildi, ammo ulardan foydalanish darajasi kam bo'ldi. Yakunda O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi 1-0 hisobidagi g'alaba bilan yig'inni yakunladi.

O'yindan keyin jamoa murabbiylar shtabi O'FA “Terma jamoalar” boshqarmasi bilan birgalikda ikkala o'yinni tahlil qildi. Keniyaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvlari va vodiydagi o'quv mashg'ulot yig'inlari yuqori saviyada tashkil qilinib, O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasining xalqaro maydondagi tajribasining yanada oshishiga xizmat qildi. Ayniqsa, Osiyo o'yinlari arafasida afrikalik jismonan baquvvat futbolchilarga qarshi o'yinlarning o'tkazilishi tayyorgarlikning borishi uchun kerakli jihatlar ustida ishlar olib borilishi kerakligini ko'rsatdi. Qolaversa, murabbiylar futbolchilarning funkcional holati, mahorati va psixologik barqarorligi bo'yicha qo'shimcha malumot va axborotga ega bo'ldi.

Keyingi yig'inlar oldidan jamoa oldiga himoyalanish asnosida standart vaziyatlarni bartaraf etish, tezkor va qarshi hujumlardagi beqarorlikni yo'qotish va vaziyatlardan unumli foydalanish hamda himoyada tartibli o'yin namoyish etish kabi jihatlarga etibor qaratilishi belgilab olindi.

Malumot o'rnida aytib o'tish kerakki, O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi Osiyo o'yinlariga tayyorgarlik strategiyasiga ega bo'lib, shu yilning boshidan beri ana shu strategiya asosida tayyorlangan dastur asosida Indoneziyadagi katta musobaqaga tayyorgarlik ko'rmoqda. Dastur 3 bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi musobaqaga odatiy tayyorgarlik asosida yig'inlar o'tkaziladi va bu hol aprelning oxirigacha davom etadi. Ikkinchi bosqichda esa, yig'inlar intensiv darajaga ko'tariladi va futbolchilarga beriladigan mashq va nagruzkalar nisbatan ko'payadi. Intensiv davr may va iyun oylarini o'z ichiga qamrab oladi. Iyul va avgust oylarida esa terma jamoa non-stop bosqichiga chiqadi va bu davrda bor etibor faqat va faqat Osiyo o'yinlariga qaratiladi.

Osiyo o'yinlarining futbol turniri 14 avgustdan 1 sentyabrga qadar Jakartaning 4 stadionida bo'lib o'tadi. Musobaqa reglamentiga ko'ra, jamoadagi futbolchilar 1995 yil 1 yanvarda yoki undan keyin tug'ilgan bo'lishi kerak. Faqatgina 3 nafar futbolchining yosh limitidan chiqilishiga ruxsat beriladi. Yakuniy qaydnoma uchun taqdim etiladigan futbolchilar ro'yxati 18 kishidan kam, 20 kishidan ko'p bo'lmasligi talab etiladi. Ayni paytda futbolchilarni ro'yxatga olish jarayoni davom etmoqda va u iyun oyiga qadar davom etadi. Qura tashlash marosimi esa, dastlabli malumotlarga ko'ra 27 iyulga rejalashtirilgan.

Reyting:    

Fikrlar

< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing