03 apr 14:01
Yangiliklar
O'zbekistonda 2025 yil Osiyo o'yinlarini o'tkazish bo'yicha qaror loyihasi muhokamaga qo'yildi
Quyida qaror loyihasi bilan to'liq tanishishingiz mumkin.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O'zbekiston sport delegaciyasi 2019 yilning 28 sentyabr kuni Qatarning Doha shahrida bo'lib o'tgan Osiyo Olimpiya Kengashining 73-ijroqo'm yig'ilishida ishtirok etdi.
O'zbekiston sport delegaciyasi Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti SHayx Axmad Al-Faxad Al-Sabax hamda Osiyo Olimpiya Kengash azolari bilan bir qator uchrashuvlar o'tkazdi. Unda O'zbekistonda 2025 yilda yoshlar o'rtasida IV yozgi Osiyo o'yinlari va 2030 yilda XXI yozgi Osiyo o'yinlari o'tkazilishi masalalari muhokama qilindi.
SHuningdek, Ijroqo'm kun tartibiga ko'ra Toshkentda 2025 yilda yoshlar o'rtasida IV yozgi Osiyo o'yinlarini o'tkazish bo'yicha 10 daqiqalik taqdimot o'tkazildi.
O'zbekistonda 2025 yilda yoshlar o'rtasida IV yozgi Osiyo o'yinlarini o'tkazish bo'yicha taqdimotdan so'ng, O'zbekistonda barcha sharoitlar, shu jumladan ushbu xalqaro musobaqani o'tkazish bo'yicha zarur sport infratuzilmasini tayyorlash bo'yicha olib borilayotgan ishlarni inobatga olib, Osiyo Olimpiya Kengashi Toshkentda ushbu nufuzli tadbirni o'tkazishga rozilik bildirdi.
Bundan tashqari, O'zbekistonda 2030 yilda XXI yozgi Osiyo o'yinlari o'tkazilishi bo'yicha taqdim qilingan talabnoma qabul qilindi
hamda 2020-2021 yillarda bo'lib o'tadigan navbatdagi Osiyo Olimpiya Kengashining yig'ilishida ko'rib chiqilishi malum qilindi.
Yoshlar o'rtasidagi yozgi Osiyo o'yinlari 43 ta xorijiy mamlakatdan, kamida 9 ta sport turidan 14-17 yoshli sportchilar o'rtasida o'tkaziladi.
Birinchi yoshlar o'rtasida yozgi Osiyo o'yinlari 2009 yilda Singapurda, 2013 yilda Nankin (Xitoy), 2017 yilda Xambantotada (SHri-Lanka), o'tkazilgan bo'lsa, 2021 yilda SHantau (Xitoy), 2025 yilda Toshkent va Samarqand shahrida (O'zbekiston) o'tkazilishi rejalashtirilgan.
O'zbekistonda 2025 yilda yoshlar o'rtasida yozgi Osiyo o'yinlarini o'tkazish orqali mamlakatning obro'si, brend sifatida mamlakat to'g'risidagi malumotlar orqali mehmonlarning xabardorligini oshirish, mamlakat infratuzilmasini rivojlantirish, turizmni rivojlantirish va investiciyalarni jalb qilish, nafaqat poytaxt, balki mamlakat hududlari qiyofasini yaxshilash natijasida mamlakatning ichki qiyofasiga ham o'z ijobiy tasirini ko'rsatadi.
SHu bilan bir qatorda, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, jahon standartlariga to'liq javob bera oladigan yagona sport infratuzilmasini yaratish borasida mamlakatning mavjud imkoniyatlaridan to'liq foydalanilmayapti. Xususan:
birinchidan, mustaqillikka erishilgandan so'ng shu kunga qadar xalqaro talablarga javob bera oladigan sport infratuzilmasi (shu jumladan, olimpiya shaharchasi) yaratilmagan;
ikkinchidan, yirik xalqaro kompleks musobaqa o'tkazish uchun xalqaro talablarga to'liq javob bera oladigan logistika, transport infratuzilmasi mavjud emasligi bois, yozgi Osiyo va Olimpiya o'yinlari O'zbekistonda shu kunga qadar o'tkazilmagan.
O'zbekiston Respublikasida yirik nufuzli xalqaro sport musobaqalarini o'tkazishga tayyorgarlik ko'rish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O'zbekistonda 2025 yil yoshlar o'rtasida IV yozgi Osiyo o'yinlarini o'tkazishni tashkil etish uchun munosib infratuzilmani yaratishga mo'ljallangan chora-tadbirlar dasturi (keyingi o'rinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq;
O'zbekistonda 2025 yil yoshlar o'rtasida IV yozgi Osiyo o'yinlarini o'tkazishni tashkil etish uchun munosib infratuzilmani yaratishga mo'ljallangan chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo'yicha respublika ishchi guruhi (keyingi o'rinlarda ishchi guruh deb ataladi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Dasturning asosiy yo'nalishlari etib belgilansin:
O'zbekistonda 2025 yil yoshlar o'rtasida IV yozgi Osiyo o'yinlarini (keyingi o'rinlarda musobaqalar deb ataladi) o'tkazish bo'yicha tashkiliy masalalarni amalga oshirish;
musobaqalarni o'tkazish bo'yicha xorijiy tajribani o'rganish;
musobaqalarni o'tkazish bo'yicha respublikada mavjud bo'lgan sport inshootlari, logistika, transport va mehmonxona infratuzilmalarini o'rganish hamda yangilarini barpo etish bo'yicha takliflar tayyorlash.
3. Ishchi guruh (A.A. Abduxakimov):
musobaqalarni o'tkazish bo'yicha tashkiliy masalalarni tezkor va sifatli hal etsin;
Dasturda nazarda tutilgan barcha tadbirlar to'liq amalga oshirilishi yuzasidan masul vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirsin;
o'rganilgan xalqaro tajriba natijalarini tahlil qilish va musobaqalarni o'tkazishni tashkil etishda samarali foydalansin;
mavjud infratuzilmalar quvvatini tahlil qilish asosida amalga oshirilishi zarur bo'lgan chora-tadbirlarni belgilash, qo'shimcha infratuzilmalarni yaratishga bo'lgan sarf-xarajatlarni, shuningdek, taqdim etilgan malumotlar, takliflar va hisob-kitoblarni kompleks tahlil qilish asosida takliflar ishlab chiqsin hamda 2021 yil 10 yanvarga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o'z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan ishlab chiqilgan hududiy dasturlarda belgilangan chora-tadbirlar o'z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taminlasin.
4. Quyidagilar:
musobaqalarni o'tkazish bo'yicha tashkiliy masalalar bilan bog'liq xarajatlar O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasiga ajratilgan byudjet mablag'lari, xorijiy investorlarning mablag'lari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;
musobaqalarni o'tkazish uchun tanlovga buyurtma berish, badal puli, kafolat depoziti hamda O'zbekistonda musobaqalarni targ'ibot (reklama) qilish uchun mablag'larni Osiyo Olimpiya Kengashiga o'tkazib berish O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 2025 yilgacha har yili O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasiga ajratilgan byudjet va xorijiy investorlarning mablag'lari hisobidan amalga oshirilishi inobatga olinsin.
5. O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining buyurtmanomalariga muvofiq sport turlari bo'yicha xalqaro federaciyalar (uyushmalar), Osiyo federaciyalari (uyushmalari) va Osiyo Olimpiya Kengashi vakillariga vizalarni konsullik va boshqa yig'imlar undirmasdan, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida rasmiylashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazir o'rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri
A. Aripov
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati
Fikrlar