So’nggi yangiliklar

19:30Қоч Ўзбекистон келяпти: Богдан Гусков тарихий имконият остонасида, Рамазон Темиров эса ўз йўлини давом эттиради (мутолаа учун) 0 19:05Дастин Порье фаолиятидаги энг кучли рақибни айтди. Бу Ислам Махачев эмас 0 18:39Алекс Перейра навбатдаги жангини қачон ўтказишини маълум қилди 0 18:14Равшан Эрматов U-20 Жаҳон чемпионати санаси, янги стадион очилиши ҳамда Осиё кубоги мезбонлиги ҳақида гапирди 0 17:45UFC тарихида ўзбекистонлик жангчилар илк марта бундай натижага эришишди 0 17:23Магомед Анкалаев: "Мен билан жангга тайёргарлик кўриш учун 10 йил керак!" 0 16:57Ўзбекистон Davis Cup - Group III турниридаги иштирокини бошлаш арафасида 0 16:30Дешам Испанияга қарши ўйин олдидан: "Улар яққол фаворит" 0 15:58Царукяннинг жанги чемпионлик мақомида бўлади + ПОСТЕР 0 15:19Нурсултон Рўзибоев янгиланган рейтингда ТОП-15'га кириб олди 0 14:56Пауло Коста нега Анкалаев билан жангдан бош тортганини маълум қилди 0 14:23Колумбия футболчиси ўлим таҳдидлари туфайли ЖЧ-2026`дан сўнг ватанига қайтмади 0 13:49FIDE Жаҳон Кубоги форматида ўзгаришлар бўлди 0 13:22Дастин Порье Макгрегорга: "Сени яна калтаклашга тайёрман" 0 12:57Аичи-Нагоя 2026: Uzbekistan Aquatics, волейбол ва велоспорт федерацияларида тайёргарлик жараёнлари муҳокама қилинди 0

14 iyu 19:30
Yangiliklar

Boks/MMA, Qiziqarli!

Qoch O'zbekiston kelyapti: Bogdan Guskov tarixiy imkoniyat ostonasida, Ramazon Temirov esa o'z yo'lini davom ettiradi (mutolaa uchun)

25 iyul kuni UFC yana bir bor Abu-Dabi shahridagi "Etihad Arena"da katta turnir tashkil qiladi.

Bu galgi oqshom o'zbekistonlik MMA muxlislari uchun alohida ahamiyatga ega. CHunki turnirda bir emas, ikki nafar vakilimiz oktagonga ko'tariladi. Eng muhimi, Bogdan Guskov faoliyatidagi eng katta jangni o'tkazsa, Ramazon Temirov UFC'dan navbatdagi muhim sinovini qabul qilib oladi.

Bir telefon qo'ng'irog'i — butun faoliyatni o'zgartirishi mumkin

Dastlab Magomed Ankalaevning raqibi Xalil Rauntri bo'lishi rejalashtirilgan edi. Biroq amerikalik jangchi jarohat tufayli turnirdan chiqib ketgach, UFC qisqa muddat ichida uning o'rniga munosib raqib izladi. Tanlov esa O'zbekiston sharafini himoya qilayotgan Bogdan Guskovda to'xtadi.

Bu qaror Guskov uchun oddiy almashtirish emas. U birinchi marta UFC turnirining markaziy jangida ishtirok etadi. Bu esa nafaqat katta etibor, balki divizionning eng yuqori pog'onalariga chiqish uchun ulkan imkoniyat hamdir. Yana bir fakt: bu nafaqat Bogdan, balki butun O'zbekiston tarixida hamyurtlarimizning ilk marta UFC Main Event'ida ishtirok etishi bo'ladi. Aynan mazkur jangda g'alaba qozonish orqali Bogdan keyingi bahsda chempionlik kamari uchun jang qilish imkonini qo'lga kiritishi ehtimoli yuqori.

Ankalaev — divizionning eng xavfli raqiblaridan biri

Magomed Ankalaev so'nggi yillarda yarim og'ir vazn toifasidagi eng barqaror jangchilardan biri sifatida etirof etiladi. Sambo maktabi va kuchli grepplingga ega rossiyalik fayter uzoq vaqt chempionlik uchun kurashib keldi va divizionning eng kuchli vakillari bilan jang qildi. Uning uslubi xavfsizlikka asoslangan bo'lsa-da, har qanday xatoni jazolay oladigan yuqori darajadagi texnikaga ega.

34 yashar atlet 24 ta jang o'tkazgan bo'lsa, ulardan 21 tasida g'alaba qozongan, 2 tasida mag'lub bo'lgan va yana bir jangda durangga rozi bo'lgan. Magomed mag'lubiyatlaridan birini aynan so'nggi jangida qabul qilib oldi. Tarix alamli. U 2025 yil mart oyida braziliyalik Aleks Pereyrani ochkolar hisobiga ko'ra mag'lub etib, yarim og'ir vaznda UFC chempionligini qo'lga kiritgandi. Ammo o'sha yilning 4 oktyabr kuni hammasi o'zgarib ketdi. Revansh jangida Pereyra Ankalaevni birinchi raundning o'zida dahshatli nokautga uchratdi va Magomeddan titulni tortib oldi. Ankalaev Abu-Dabiga aynan mana shunday alamzadalik bilan etib kelyapti. Bu alamzadalik manzili aslida Xalil Rauntri bo'lishi kerak edi, ammo Bogdan Guskov yana bir marta tavakkalchi ekanini ko'rsatdi.

Angrenlik Guskov nimasi bilan xavfli?

Bogdan Guskov esa mutlaqo boshqacha uslubdagi jangchi. Uning ishtirokidagi deyarli har bir jang muxlislarga tomosha taqdim etadi. Agressiv pressing, kuchli zarbalar va muddatidan oldin g'alaba qozonish qobiliyati uning asosiy quroli hisoblanadi.

UFC'ga kelganidan beri o'zbekistonlik fayter bir nechta muhim g'alabalarni qo'lga kiritdi va yarim og'ir vaznda o'zini jiddiy raqobatchi sifatida namoyon qildi. Endi esa uning oldida reytingning yuqori qismiga sakrash, titul uchun jang qilish imkoniyati paydo bo'ldi. Agar Guskov Ankalaevni mag'lub eta olsa, chempionlik poygasiga eng yaqin nomzodlardan biriga aylanishi mumkin.

Qisqa tayyorgarlik — eng katta sinov

Albatta, bu jangning murakkab jihati ham bor. Guskov raqib almashganidan keyin juda qisqa vaqt ichida tayyorgarlik ko'rishga majbur bo'ladi. U dastlab 1 avgust kuni Polsha vakili, afsonaviy sobiq chempion Yan Blaxovichga qarshi revansh jangini o'tkazishi rejalashtirilgadi. Biroq UFC taklifi kelgach, butun rejalar o'zgardi va u Ankalaevga qarshi asosiy jangga rozilik bildirdi.

CHunki bunday imkoniyat har doim ham uchramaydi. Ammo aynan shu Bogdan uchun eng katta sinovga aylanadi. Xuddi bir paytlar Volkan Ozdemirga qarshi bo'lgani kabi.

Temirov ham diqqat markazida

Abu-Dabida yana bir o'zbekistonlik jangchi — Ramazon Temirov ham oktagonga chiqadi. O'ta engil vazn toifasida harakat qilayotgan Temirov UFC'dagi har bir chiqishi bilan o'z nufuzini oshirib bormoqda.

Tezkorligi, yuqori tempda ishlashi va hujumkor uslubi bilan ajralib turadigan Ramazon Temirov Abu-Dabida avstraliyalik titul uchun sobiq davogar Stiv Erceg bilan bellashadi.

Ularning jangi co main event maqomida o'tadi.

Dastlab, o'zbekistonlik muxlislar faqatgina Ramazonning jangi uchun 25 iyul sanasini kutishgan bo'lsa, endi bu sana hamyurtlarimiz uchun tarixiyga aylanadi. Boisi, bungacha hech qachon ikki jangchimiz UFC'ning bir turnirida ishtirok etishmagandi.

O'zbekiston uchun tarixiy oqshom

So'nggi ikki yilda o'zbekistonlik jangchilar UFC'da tobora ko'proq ko'zga ko'rina boshladi. Nursulton Ro'ziboev, Bogdan Guskov, Ramazon Temirov kabi fayterlar dunyoning eng kuchli ligasida mamlakat bayrog'ini munosib himoya qilib kelmoqda. Hozirda Ramazondan tashqari har ikki vakilimiz Liga reytingidan joy olgan. Temirov esa bir yillik doping tufayli bu reytingni vaqtincha tark etishga majbur bo'ldi. Ammo Erceg ustidan qo'lga kiritiladigan g'alaba hamyurtimizni reytingga qaytishini kafolatlaydi.

25 iyul kunigi turnir esa bu jarayonning yana bir muhim bosqichiga aylanishi mumkin. Agar Guskov sensaciya qayd etsa, u yarim og'ir vaznda chempionlik uchun asosiy davogarlar safidan joy olishi mumkin. 

Abu-Dabi turnirida ikki nafar o'zbekistonlik jangchining bir kechada oktagonga chiqishi muxlislar uchun katta voqea. Endi barcha nigohlar 25 iyul kuni "Etihad Arena"ga qaratiladi. O'sha kecha nafaqat ikki jangchi, balki butun o'zbek MMA maktabi uchun muhim imtihon bo'ladi.

Reyting:    

Fikrlar

< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing