09 iyu 12:38
Yangiliklar

SHaxmatchi qizlarimiz FIDE Jahon kubogining ikkinchi bosqichiga yo'l olishdi
Ushbu nufuzli musobaqada O'zbekiston terma jamoasining uch nafar etakchi vakilalari ham bahs olib borishyapti. Ikki shaxmatchimiz Jahon kubogi birinchi bosqichining har ikki uchrashuvida g'alaba qozonib, ikkinchi davraga yo'l olishgandi. Kecha tay-brekda g'alaba qozongan Umida Omonova ham ular safiga qo'shildi.
Omonova franciyalik raqibasi Sofi Milliet bilan asosiy ikki partiyada duranga imzo chekkandi. SHaxmatchilarning tay-brekdagi uchrashuvida Umida ustun ekanini amalda isbotladi. Gulruhbegim Tohirjonova kubalik ayol grossmeyster Erisbel Miranda Lalensni, Afruza Hamdamova perulik Fiorella Kontreras Huammanni 2:0 hisobida taslim etgandi.
Bugun Jahon kubogining ikkinchi bosqich bahslari bo'lib o'tadi. Gulruhbegim xitoylik xalqaro sport ustasi Lu Miaoyiga, Umida Evropa chempioni, polshalik Alina Kalinskayaga qarshi dona suradi. Afruza Hamdamovani esa jiddiy sinov kutib turibdi. Yoshlar o'rtasida ikki karra jahon chempioni bo'lgan shaxmatchimiz hindistonlik grossmeyster, rapid yo'nalishida ikki karra jahon chempioni Hampi Koneru sinovidan o'tadi.
Ikkinchi bosqich partiyalari bizning vaqt bilan soat 16:00da boshlanadi.
Fikrlar