05 avg 18:16
Yangiliklar

SHaxmatchilarimiz "Qonaev Cup 2025" turniridagi ishtiroklarini boshlashdi
Uchta guruhda tashkil etilayotgan musobaqaning umumiy mukofot jamg'armasi 100 000 AQSH dollaridan iborat. Turnirda 19 davlatdan jami 268 nafar shaxmatchi sovrinli o'rinlar uchun bahslarga kirishdi. O'zbekiston sharafini 5 nafar shaxmatchimiz himoya qilyapti.
Mukofot jamg'armasi 78 000 dollarni tashkil etuvchi "Masters" guruhida Muhammadzohid Suyarov (2488) va Humoyun Begmuratov (2466), 15 000 dollar sovrin puliga ega "Challengers" guruhida esa grossmeysterimiz Aleksey Barsov (2323), shuningdek Miraziz Matyakubov (2260) hamda Azamat Daurimbetov (2199) o'z omadini sinab ko'rmoqda.
Birinchi turda Muhammadzohid Suyarov qora donalarda qozog'istonlik Satbek Axmedinov (2375) bilan durangga imzo chekdi. Humoyun Begmuratov ham qora donalarda o'ynab, mezbonlar vakili Ayaulim Kaldarova (2220) bilan murosaga keldi.
"Challengers" guruhida qatnashayotgan uch nafar vakilimizning bari 1-turda g'alabaga erishdi. Tajribali Aleksey Barsov oq donalarda FIDE bayrog'i ostida o'ynayotgan Grigoriy Fyodorovni taslim etdi. Miraziz Matyakubov va Azamat Daurimbetov esa mos ravishda qozog'istonlik shaxmatchilar Darmen Dauren hamda Dmitriy Danilovdan ustun keldi.
Fikrlar