18 avg 21:55
Yangiliklar
Tennis. O'zbekiston terma jamoasi Osiyo o'yinlarida qanday ishtirok etgan?
SHu bois bugun siz azizlarga vatanimiz mustaqillikka erishganidan so'ng, terma jamoamiz Osiyo o'yinlarida sportning tennis turida qanday natijalarga erishganligi haqida qisqacha malumotlarni taqdim etmoqchimiz.
1991 yil O'zbekiston Mustaqillikka erishgach Osiyo va jaxon arenalarida alohida bir davlat sifatida ishtirok etish huquqiga ega bo'ldi.
Terma jamoamiz ilk bor 1994 yil Yaponiyaning Xirosima shahrida bo'lib o'tgan Osiyo o'yinlarida ishtirok etadi. Bu musobaqada ikki nafar tennischimiz ishtirok etgan xalos. Dmitriy Tomasheevich ikkinchi raundgacha, Oleg Ogorodov esa chorak finalgacha etib borishadi. Bu o'yinlar biz uchun tajriba maktabini o'tab bergan desak mubolag'a bo'lmaydi.
1998 yil Tailand poytaxti Bangkok shahri mezbonlik qilgan Osiyo o'yinlarida yurtimiz sharafini besh nafar tennischimiz himoya qiladi. Erkaklardan Oleg Ogorodov, Dmitriy Tomasheevich va Vadim Kucenko, ayollardan esa Iroda To'laganova va Liliya Biktikovalar bahslarda qatnashishgan. Yakkalikda omadi kelmagan hamyurtlarimiz, jamoaviy bahslarda (Ogorodov/Tomasheevich/Kucenko) bronza medallarini qo'lga kiritishadi. Bu medal O'zbekiston terma jamoasining tennis bo'yicha Osiyo o'yinlarida qo'lga kiritgan ilk medaliga aylanadi. Terma jamoamiz sportning tennis turida umumjamoa hisobida sakkizinchi o'rinni egallaydi.
2002 yil Osiyo o'yinlari Janubiy Koreyaning Pusan shahrida bo'lib o'tgan. Musobaqada yurtimiz sharafini yana besh nafar tennischi ximoya qiladi. Bu bahslar terma jamoamiz uchun hozirgi kungacha bo'lib o'tgan Osiyo o'yinlari ichida eng sermahsuli hisoblanadi. Iroda To'laganova, Ivanna Isroilova, Oleg Ogorodov, Dmitriy Tomasheevich va Vadim Kucenkolardan iborat termamiz to'rt marta shohsupaga ko'tarilishadi. Iroda To'laganova barcha raqiblarini mag'lub etib, hozirgi kungacha tennischilarimiz uchun yagona bo'lib turgan oltin medalni qo'lga kiritadi. Oleg Ogorodov yakkalikda bronza medali bilan taqdirlanadi. To'laganova/Ogorodov tandemi mikstda bronzani qo'lga kiritishgan bo'lsa, jamoaviy bahslarda Ogorodov/Tomasheevich/Kucenko triosi to'rt yil avvalgidek bronza medallariga ega chiqishadi. SHu tariqa terma jamoamiz tennis bahslarida bitta oltin va uchta bronza medallarini qo'lga kiritib, umumjamoa hisobida oltinchi o'rinni egallaydi.
2006 yilgi Osiyo o'yinlarini o'tkazish huquqini Qatar davlati qo'lga kiritadi. Dohada bo'lib o'tgan Osiyo o'yinlarida terma jamoamizda avlodlar almashinuvi bo'lib o'tadi. Tajribali tennischilarimiz terma jamoadagi faoliyatlarini yakunlab, o'sib kelayotgan yosh avlod vakillariga o'z o'rinlarini bo'shatib berishadi (Bu yilgi Osiyo o'yinlaridan farqli ravishda). O'sha yili yurtimiz sharafini yigitlarimizdan Denis Istomin, Farrux Do'stov, Murod Inoyatov va Sarvar Ikromovlar, qizlarimizdan esa Iroda To'laganova, Albina Xabibulina, Oqgul Omonmurodova va Dilyara Saidxo'jaevalar ximoya qilishgandi. Samaradorlik jixatdan ushbu musobaqa medallarga boy bo'lmasada, yosh tennischilarimiz uchun katta tajriba maktabini o'tab bergan bo'lsa ajabmas. Musobaqada yurtdoshlarimiz bitta bronza medali bilan kifoyalanishadi. Qizlarimizdan iborat kvartetimiz qo'lga kiritgan bronza bizni umumjamoa xisobida sakkizinchi o'rinni egallashimizni taminlaydi.
2010 yili Xitoyning Guanjou shahrida bo'lib o'tgan musobaqada ham sakkiz nafar tennischi yurtimiz sharafini himoya qiladi. Bular Denis Istomin, Farrux Do'stov, Murod Inoyatov, Vaja Uzoqov, Albina Xabibulina, Oqgul Omonmurodova, Nigina Abduraimova va Sabina SHaripovalardir. Vakillarimiz bu gal yomon ishtirok etmadilar. Denis Istomin yakkalikda hal qiluvchi final uchrashuvigacha etib bordi va unda Samdev Devvarmanga yutqazib qo'yib, kumush medalni qo'lga kiritadi. Oqgul Omonmurodova ham yakkalikda final bahsida mezbonlar vakilasii Pen SHuaydan mag'lub bo'lib, yana bir kumush medalni hisobimizga yozib qo'yadi. Uchinchi kumush medalni yigitlarimiz kvarteti jamoaviy bahslarda qo'lga kiritishadi. SHu tariqa O'zbekiston terma jamoasi tennis bahslarida uchta kumush medalni qo'lga kiritib, umumjamoa hisobida o'zi uchun hozircha eng yuqori bo'lgan to'rtinchi o'rinni egallaydi.
2014 yilgi Osiyo o'yinlarini o'tkazish yana bir bor Janubiy Koreyaga ishonib topshirildi. Bu safar musobaqaga Incheon shahri mezbonlik qiladi. Termamiz tarkibidan Denis Istomin, Farrux Do'stov, Temur Ismoilov, Sanjar Fayziev, Oqgul Omonmurodova, Nigina Abduraimova, Sabina SHaripova va Albina Xabibulinalar o'rin egallashgandi. Terma jamoamiz hisobiga yagona bo'lgan bronza medalini yigitlarimiz kvarteti jamoaviy bahsda qo'lga kiritishadi. Medallarimiz yanada ko'proq bo'lishi mumkin edi, ammo etakchilarimiz Denis Istomin va Farrux Do'stovlar Osiyo o'yinlariga parallel ravishda o'tayotgan ATP turnirlarida qatnashish uchun oldindan ariza berib qo'yganliklari sabab, Osiyo o'yinlari yakkalik bahslarida ishtirok eta olishmadi. Ishtirok etgan taqdirda ham ATP tashkiloti ularni nomalum muddatga diskvalifikaciya qilishlari haqida ogohlantirishgan edi. Mana shu anglashilmovchilik bizga qimmatga tushadi. SHunday qilib, terma jamoamiz bitta bronza medali bilan umumjamoa hisobida sakkizinchi o'rinni egallaydi.
Mana oradan yana to'rt yil o'tib, Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlari mezbonlik qiladigan Osiyo o'yinlari ham boshlanmoqda. Bu safar ham terma jamoamiz sharafini sakkiz nafar tennischi ximoya qiladi. Yigitlarimizdan Denis Istomin, Jo'rabek Karimov, Sanjar Fayziev va Farrux Do'stovlar ishtirok etishsa, qizlarimizdan yurtimiz sharafini Sabina SHaripova, Nigina Abduraimova, Oqgul Omonmurodova va Iroda To'laganovalar ximoya qilishadi.
So'zim oxirida Farrux Do'stovga terma jamoamizga ko'p yillar davomida singgan mehnatini hisobga olib, hurmat saqlagan holda bir gap aytmoqchi edim. Terma jamoadagi o'rnini yosh, istedodli tennischimiz Xumoyun Sultonovga bo'shatib bersa maqsadga muvofiq bo'lardi. Do'stovda oxirgi yillar o'yin amaliyoti juda kam va uning holati ayni paytda terma jamoaga tortmaydi. Uni ustiga yaqindagina Qo'shni davlat Qozog'istonda bo'lib o'tgan "CHellenjer" turnirining dastlabki davrasida Humoyun Sultonov Farrux Do'stovni ikki setda osonlik bilan mag'lub etib, raqobatchisidan yaxshiroq tayyorgarlikka ega ekanligini isbotlab qo'ydi. Bu shaxsiy fikr edi albatta. O'zbekiston tennis federaciyasiga esa insof so'rab qolamiz.
Nima bo'lgan taqdirda ham start olayotgan Osiyo o'yinlarida nafaqat tennischilarimizdan, balki barcha sport turlaridan medallar shodasini kutib qolamiz!
Husniddin Mirzaliev
Fikrlar