26 sen 16:45
Yangiliklar

"Toshkent Open"dagi sharmandalik. Ikkinchi kundayoq O'zbekistonlik tennischilar turnirdan chiqib ketdilar
Kecha start olgan musobaqaning ikkinchi kunidayoq o'zbekistonlik sportchilarning barchasi musobaqadan chiqib ketdi. Yakkalik bahslarida uch nafar tennischimiz ishtirok etdi. Avvaliga mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi (afsuski shunaqa) Sabina SHaripova shveycariyalik Stefani Voejilga yutqazib, "estafeta"ni boshlab bergan bo'lsa, Oqgul Omonmurodova ukrainalik Katerina Kozlovaga mag'lubiyatga uchradi. Bugun esa Nigina Abduraimova "anana"ga sodiq qolgan holda ilk davrada yaponiyalik tennischiga imkoniyatni boy berdi.
Qolaversa, kecha bo'lib o'tgan juftlik bahslarida ishtirok etgan Abduraimova/Omonmurodova juftligi ilk o'yinda yutqazib qo'ygandi. Yaqindagina katta tennisga qaytgan Iroda To'laganova esa turnirning birinchi raqamli tennischisi Kristina Plishkova bilan juftlik hosil qilgan holda turnirda ishtirok etdi va mag'lubiyatga uchradi. Undan ginamiz yo'q. Dunyoning sobiq 16-raqamli tennischisiga yillar o'z tasirini ko'rsatibdi. Ammo, uning turnirdagi ishtiroki barchamiz uchun syurpriz bo'lgani aniq. SHunisi uchun rahmat aytib qolmoqchimiz. Iroda To'laganovani yana turnirlarda ko'rishdan xursand bo'lgan bo'lardik. Beloruslik Lidziya Morozova bilan juftlik bahsida qatnashgan Sabinaxon ham bugun mag'lubiyatga uchradi. SHu tariqa Toshkentda bo'lib o'tayotgan nufuzli tennis turnirining ikkinchi kunidayoq o'zbekistonlik sportchilarning barchasi musobaqadagi ishtirokini yakunladi.
Malumot o'rnida shuni aytib o'tishni istardikki, turnirning birinchi bosqichida ishtirok etgan tennischilarning xar biri 2220 AQSH dollari hamda 1 reyting ochkosiga ega bo'ladi. Afsus... Boshqa gapimiz yo'q!
Fikrlar