30 avg 16:35
Yangiliklar
US Open 2026. Bugun Rahimova, ertaga Timofeeva asosiy to'rdagi ishtirokini boshlaydi
Musobaqaning asosiy to'rida ikki vakilamiz ham o'z mahoratini namoyish etadi. Qura natijasiga ko'ra, O'zbekistonning birinchi raketkasi Kamilla Rahimova 1/64 final uchrashuvida chexiyalik Barbora Kreychikovaga qarshi kortga chiqadi. Ushbu bahs bugun bizning vaqt bilan soat 20:00da boshlanadi. Rahimova ayni paytda WTA reytingida 88, Kreychikova 28-o'rinni egallab turibdi.
Mamlakatimizning ikkinchi raketkasi Mariya Timofeeva esa ertaga 1/64 final uchrashuvini o'tkazadi. Vakilamiz birinchi davrada sloveniyalik Tamara Zidanshek bilan hisob-kitob qiladi. Ularning uchrashuvi ertaga soat 22:00da boshlanishi belgilangan. Timofeeva hozirda WTA reytingida 92, Zidanshek esa 146-pog'onadan joy olgan.
Eslatib o'tamiz, uchinchi raketkamiz Polina Kudermetova garchi saralash turnirida birinchi raqam ostida tasniflangan bo'lsa-da, ilk davradayoq mag'lubiyat alamini totib ko'rgan va musobaqadagi ishtirokini erta yakunlagan edi.

Fikrlar