09 okt 19:04
Yangiliklar

Vadim Abramov: "Yamanni "doska"da mag'lub etib bo'ldik, endi maydonda ham yutishimiz kerak"
"Barcha kimga qarshi o'ynashimizni juda yaxshi biladi, shu bois nima deyishni ham bilmayman. Hamma o'yinning ahamiyatini tushunib turibdi. Yigitlar jangovor holatda", - dedi Vadim Abramov.
"Bosh murabbiyning fikriga qo'shilaman. Barcha futbolchilar Yaman bilan bahsning ahamiyatini tushunib turishibdi. Endi xato qilishga haqqimiz yo'q", - deydi Odil Ahmedov.
- Yamanni o'rganib chiqdingiz va nima sizni tashvishga solmoqda?
- Yaman tartibli o'ynaydi, oddiy o'ynaydi, ammo Saudiya Arabistoni va Singapurga ikkita gol urishga erishdi. Hujumchi tezda oldinga o'tadi va ochiladi. Oddiy va natijali futbol. Himoyada "avtobus" qo'yishadi va katta kuch bilan himoyalanishadi. Darvozabon yaxshi o'ynaydi, omadi ham keladi, omad kuchlilarga kulib boqadi. Bugungi kunda Yamanda chempionat o'yinlari bo'lmayapti, shu bois ular anchadan buyon terma jamoada shug'ullanishmoqda. Yani istalgan paytda yig'ilib mashg'ulotlar o'tkazishyapti.
- Raqiblar bizni Kuper taktikasi bo'yicha o'rgangan. Ertaga boshqacha taktikada o'ynaymiz va bu bizning ustunligimiz bo'ladimi?
- Umid qilamanki, biz boshqacha o'ynaymiz. Ammo, aynan qanday o'ynashimizni bilmayman. Doskada Yamanni mag'lub etib bo'ldik, endi ularni maydonda yutish qoldi, xolos. Qadrdon devorlar doim yordam berishadi va ertaga ko'plab muxlislar qarshisida g'alaba qozonishni istayman.
- Ertaga Ahmedov asosiy tarkibda maydonga tushadimi?
- Odil Ahmedovda kichik jarohat bor edi. Bugungi rasmiy mashg'ulotdan keyin buni hal qilamiz.
- Siz uchun hozir nima muhim? Natijami yoki chiroyli o'yin?
- Bu guruhdan chiqishga harakat qilamiz. Agar yaxshi o'ynasak, ochkolar ham bo'ladi. Ham chiroyli o'yin namoyish etish, ham natijaga erishishga harakat qilamiz.
- Agar keyingi bosqichga chiqa olsak, Osiyo Kubogiga ham yo'llanmani qo'lga kiritamiz. SHu tomonlama ham bosim yo'qmi?
- Hozir faqat Yaman haqida o'ylayapmiz. Undan keyin esa Singapurga safar qilamiz. Uzoq parvozdan keyin futbolchilar tiklanib, g'alaba qozonishlari kerak bo'ladi. Bu ham o'ziga yarasha qiyin.
- Kuper davrida futbolchilar bitta qobiq ichida o'ynashgandi. Futbolchilarni o'sha qobiqdan chiqara oldingizmi? O'z uslubingizga moslashtira oldingizmi?
- Kuper haqida hech nima deya olmayman. O'z falsafamni yigitlarga etkazib berishga harakat qildim. Olimpiya terma jamoasi bilan bahsda nimadir o'xshadi, nimadir o'xshamadi. Ertangi o'yinda o'z futbolchilarimga ishonaman.
- O'z vaqtida Sahob Jo'raev degan himoyachimiz bo'lardi. U to'pni butun gavdasi bilan qaytarardi, kerak bo'lsa, yuzi bilan ham to'pni to'sardi. Hozir esa bunday himoyachi yo'q...
- Qaysidir futbolchini bitta o'yindagi yaxshi harakati yoki bitta qo'pol xatosi bilan baholash to'g'ri emas. Masalan, oldinlari Maksim SHackix terma jamoada jonini berib o'ynamaydi deyishardi. Hozirgi kunda esa Odil Ahmedov ham tanqid ostida, yoshi o'tib qoldi, yaxshi o'ynamayapti, deyishmoqda. Ammo ishontirib aytamanki, terma jamoaga kelgan har bir futbolchi g'alaba uchun borini beradi. Futbolda kimdir yutadi, kimdir mag'lub bo'ladi. Bu tepada yozib qo'yilgan, bitta mag'lubiyat bilan hayot to'xtab qolmaydi.
- Bu katta ehtimol bilan siz uchun so'nggi JCH saralash bosqichi. Siz jamoa sardori sifatida yigitlarni o'z ortingizdan etaklashga tayyormisiz?
Odil Ahmedov: - Ertaga nima bo'lishini hech kim bilmaydi. Terma jamoada doim g'alaba qozonishni istaganman. Bu erda kim Jahon chempionatiga chiqishni istasa, men undan 100 foiz ko'p xohlaganman. Klublarda sovrinlar yutganman, ammo terma jamoada hozircha hech nima yutganim yo'q. Orzuim - terma bilan ham sovrin yutib, o'z muzeyimga qo'shib qo'yish.
- Falastin bilan o'yindan keyin yigitlar bosim ostida qolib ketishgandi. Terma jamoadagi muhit yaxshilandimi, yigitlar ertangi bahsga ruhan tayyormi?
Odil Ahmedov: - Terma jamoada doim muhit yaxshi bo'lgan. Har bir murabbiy taktikasining ijobiy va salbiy tomonlari bo'ladi. Himoyaviy o'yin bizga to'g'ri kelmaganligi tufayli Kuper ham istefoga chiqarildi deb o'ylayman.
- Terma jamoa anchadan buyon "Bunyodkor"da o'ynayotgandi, ertaga esa bahs "Paxtakor"da bo'ladi...
Odil Ahmedov: - Yaxshi futbol va o'yin ko'rsatish uchun yaxshi maydon kerak. "Paxtakor" stadioni bugungi kunda o'yin o'tkazish uchun eng ideal maydon bo'lsa kerak.
Narzulla Saydullaev yozib oldi
Fikrlar