14 okt 14:02
Yangiliklar
Vlado Radmanovich: "Katanec noyabr oyida terma jamoani o'zi boshqaradi" (o'yinoldi to'liq matbuot anjumani)
"Birinchi navbatda terma jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanecning sog'lig'i kundan-kunga yaxshilanib borayotgani haqida aytib o'tmoqchiman. Noyabr oyidagi o'yinlarda bosh murabbiyimiz terma jamoa bilan birga bo'ladi. BAAni o'z uyimizda hech qachon mag'lub eta olmaganmiz. Har bir uchrashuv biz uchun birdek ahamiyatga ega. Ertangi maqsadimiz g'alaba qozonish", - dedi Vlado Radmanovich.
"Biz ertaga kuchli jamoaga qarshi maydonga tushamiz. Stadionga tashrif buyuradigan ko'pgina muxlislarning maqsadini amalga oshirishi uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz", - dedi Odiljon Hamrobekov.
- Srechko Katanec o'z davrida BAA terma jamoasida ishlagan. Janob Katanec BAA futboli haqida etarlicha malmuotga ega. Ushbu jihat bizga yordam berishi mumkinmi?
- Srechko Katanec BAA terma jamoasini boshqargan davrida O'zbekiston terma jamoasini mag'lubiyatga uchratgan. Bu bizga foyda keltirishi aniq. BAA futboli haqida etarlicha malumotga egamiz deb o'ylayman. To'g'ri, Katanec BAA terma jamoasini boshqarganiga ancha vaqt bo'ldi, ammo ushbu mamlakat futbolining holatidan xabardormiz.
- Eronga qarshi uchrashuvda murabbiylar shtabi o'yin davomida reakciya bildirishga biroz kechikishdi. Ushbu kamchiliklar bosh murabbiyning yo'qligi sabab kuzatilyaptimi?
- Bunday holat bo'lishi tabiiy. Bosh murabbiy maydon chetida bo'lmayotgani o'z so'zini aytmoqda. Fikringizga qo'shilaman, biz qaror qabul qilishda biroz kechikdik, biroq ayrim bir holatlarda o'zgartirishlar jamoa zarariga ishlashi mumkin. Qaysi futbolchi qanday holatda ekanligini bosh murabbiydek bilmasligimiz mumkin.
- BAA terma jamoasini qanchalik o'rganib chiqdingizlar. BAA O'zbekistonga qanchalik jiddiy qarshilik ko'rsata olishi mumkin?
- BAA terma jamoasini uch marotaba tahlil qilib chiqdik. Raqibimizning himoya chizig'i ancha kuchli, ular zich himoyalanishni yaxshi ko'radilar. Raqibimizning so'nggi uchta o'yinini ko'rib chiqdik. Biz ertaga raqibga ko'proq bosim o'tkazishni maqsad qilganmiz, ammo terma jamoamizning hujum chizig'idagi muhim futbolchisi Abbosbek Fayzullaev kechagi mashg'ulotlarda jarohat oldi. Urunovning ham jarohati bor. Ushbu yo'qotishlar bizga muammo tug'dirishi mumkin.
- O'tgan uchrashuvda biz ko'p vaziyatlarga ega bo'ldik, ammo gol ura olmadik. Gol urishda bizga nima etishmayapti deb o'ylaysiz?
Odil Hamrobekov: Har bir futbolchi maydonga jamoamga foyda olib kelaman va gol uraman deb maydonga tushadi. Har bir vaziyatdan unumli foydalanishning iloji yo'q. Futbol shunisi bilan qiziq. Ertangi uchrashuvda muxlislarni xursand qilish uchun barchasiga tayyormiz.
- Srechko Katanec boshchiligidagi O'zbekiston terma jamoasi o'zidan kuchliroq bo'lgan jamoalarga qarshi yaxshi natija qayd etmoqda. Masalan, Eronga qarshi o'yinlar. Darajasi bizdan pastroq jamoalarni ham mag'lub etyapmiz, masalan Turkmaniston, ammo biz bilan teng kuchli jamoalarga qarshi yaxshi natija qayd etmayapmiz. Masalan, biz bilan darajasi deyarli bir xil bo'lgan Qatarga mag'lub bo'ldik, ertangi raqibimizning potenciali ham biz bilan teng. Teng kuchli jamoalarga qarshi kerakli natijaga erisha olmayotganimizning sababi nimada? Tavakkalsiz o'ynash uslubimizning kamchiligi shudir balki?
- Fikringizga qo'shilaman. Eron terma jamoasi mintaqadagi eng kuchli jamoalardan biri hisoblanadi. Eronga qarshi so'nggi uchta uchrashvda mag'lub bo'lmadik. O'tgan yilgi uchrashuvda Eron darvozasiga ikkita gol urdik ham. Bu esa so'nggi uch yilda o'sishga erishganimizni anglatadi. Biz rivojlanishda davom etishimiz kerak.
- O'runov, Fayzullaev va Ashurmatovlarni yo'qotdik. Ushbu yo'qotishlar tufayli taktikamiz o'zgarishi mumkinmi? Masalan, 3-4-3dan 4-2-3-1 uslubiga. Ertaga maydonda Azizbek Turg'unboevni ko'rishimiz mumkinmi?
- Men hech qachon taktika haqida omma oldida gapirmayman. Sababi taktika haqida ertalabgacha bahslashib o'tirishimiz mumkin. O'yin uslubimiz o'zgarmaydi, jarohatlanganlarning o'rnini bosa oladigan futbolchilarimiz bor. Qanotdagi yo'qotishlarning o'rnini bosa olamiz. Masalan, siz aytib o'tgan Turg'unboev. Markaziy hujumchisiz jarohat olib qolganida, bu katta yo'qotish bo'lar edi. Zaxiramizda asosiy hujumchining o'rnini munosib bosa oladigan futbolchi yo'q. Biz ancha vaqtdan beri shu uslub ostida o'ynab kelmoqdamiz. O'zgartirish qilishning hojati yo'q, lekin o'yin davomida taktikani o'zgartirish yoki tavakkalga qo'l urishga majbur bo'lsak, biz buni qilishimiz aniq.
- So'nggi 15 daqiqada Eron terma jamoasi ko'proq to'pga egalik qildi va shu damda terma jamoamiz futbolchilari o'rtasida tushunmovchiliklar kuzatilgandek. Sababi biz ko'proq hujum qilishimiz kerak edi, ammo Eron ko'proq to'pga egalik qildi va vaziyatlar yaratdi. Maydondagi futbolchilar o'yin vaqtida o'z qarorlarini qabul qila oladimi?
Odil Hamrobekov: Maydondagi futbolchilar o'zaro suhbatlashib yoki kelishib olib, taktikani o'zgartirsa, bu murabbiylarga nisbatan hurmatsizlik bo'ladi. Murabbiylar shtabi haftalar davomida raqibni o'rganib chiqishadi. Eronga qarshi uchrashuvdagi so'nggi 15 daqiqada Srechko Katanecning yo'qligi yaqqol sezildi.
- Zaxiramizda yaxshi hujumchi yo'qligi haqida gapirib o'tdingiz, ammo Eronga qarshi uchrashuvda Bobir Abdiholiqov deyarli maydonga tushirildi, ammo eng so'nggi pallada o'zgarishni bekor qildingiz. Bunga sabab nima bo'ldi? Siz hozirgina tavakkal qilishdan qo'rqmaymiz dedingiz. Masalan, Eronga qarshi o'tgan yilgi uchrashuvda Sergeevga imkoniyat berilgandi va u hisobni tenglashtirgandi. Yana bir bor bunday tavakkal yurish qilishimizga nima etishmayapti? Hozirgi vaqtda bunday tavakkalchilikka qo'l urilmayotganining asosiy sababi zaxiradagi futbolchilarimizdan qoniqish hosil qilinmayotganidanmi?
- Fikringizga qo'shilaman. O'yin davomida har xil vaziyat bo'lishi mumkin. Agar tavakkal qilish kerak bo'lsa, biz bunga tayyormiz. Biz albatta tavakkal qilamiz.
Fikrlar