19 okt 09:34
Yangiliklar
WTA Ningbo Open. Kamilla Rahimova ham asosiy to'rga yo'l oldi
Polina Kudermetovadan keyin Kamilla Rahimova ham asosiy to'r yo'llanmasini qo'lga kiritdi. O'zbekistonning birinchi raketkasi saralashning final uchrashuvida rossiyalik Tatyana Prozorovani qiyinchilik bilan mag'lubiyatga uchratdi.
Uch soatu 52 daqiqa davom etgan murakkab bahsda saralash turnirida sakkizinchi raqam ostida tasniflangan vakilamiz 7/6(4), 4/6, 6/4 hisobida g'alaba qozondi. Kamilla 3 ta eys (raqibasida - 0) zarbasini amalga oshirib, 8 ta qo'shxatoga (raqibasida - 3) yo'l qo'ydi. Bu tennischilarning o'zaro o'tkazgan ikkinchi uchrashuvi bo'ldi - 2:0. Ikki yil oldin o'tgan ilk bahsda ham Rahimova Prozorovadan ustun kelgan edi.
Taqqoslash uchun, Kamilla ayni paytda WTA reytingida 69, Tatyana esa 120-o'rinni egallab turibdi. Bugun Rahimova asosiy to'rning ilk davra uchrashuvida dunyoning 28-raketkasi chexiyalik Mariya Bouzkovaga qarshi kortga chiqadi. Ushbu bahs bizning vaqt bilan soat 14:30da boshlanadi.

Fikrlar