So’nggi yangiliklar

20:54Дзюдо федерацияси Париж-2024 Олимпиадаси олдидан матбуот анжумани ўтказди + ФОТОГАЛЕРЕЯ 0 19:45Порье Махачев билан реванш жангини истамоқда, Махачев эса бунга жавоб берди 0 19:22Олимпиада. Абдумалик Халоков ва Зайнаб Дайибековагача кимлар Ўзбекистон байроқдори бўлган? 0 19:00"Бавария" ўз футболчиси учун 50 млн ва бонуслар хоҳламоқда, МЮ эса ҳали расмий таклиф билан чиқмади 0 18:39Жон Жонс Миочич билан жангдан сўнг фаолиятини якунлайдими? 0 18:17Дастин Порье: "Менга пул керак эмас, қон керак" 0 17:53Алекс Перейра Магомед Анкалаевга жавоб қайтарди 1 17:30Роналду: "Бу охиргиси" 0 17:09Париж Олимпиадасига йўлланма қўлга киритган ўзбекистонлик спортчиларга қанча пул мукофоти берилганлиги маълум бўлди 0 16:47"Мен билан жанг Алекс учун қийин бўлади". Анкалаев Перейрага мурожаат қилди 0 16:24Ўзбекистон спорт делегациясини Париж Олимпиадасига расмий кузатиш маросимидан ФОТОГАЛЕРЕЯ (2-қисм) 0 16:02Испания терма жамоасининг яна бир футболчиси Саудияга йўл олишга яқин 0 15:40Эдди Хирн Сауль Альвареснинг навбатдаги жанги ҳақида гапирди 0 15:19Ўзбекистон делегациясини Париж-2024 Олимпиадасига тантанали кузатиш маросими бўлиб ўтди (+ФОТО) 0 14:57Ҳасанбой Дўсматов иккинчи чемпионлик ва Сакен Бибоссинов билан қарама-қаршилик ҳақида гапирди 0

16 okt 15:40
Yangiliklar

Futbol

Azamat Abduraimov: “Mendan yaxshi xokkeychi chiqardi”

Mashhur futbolchilarimizning asosiy kasblaridan tashqari boshqa qiziqishlari, nimalarni yoqtirishlari, umuman, ularning fel-atvorlari-yu xislatlari bilan sizlarni yaqindan tanishtirib borishni maqsad qildik.

Buning uchun qahramonlarimizga bir nechta blic-savollar bilan murojaat qilamiz. Bu orqali esa ularning yuqorida aytilgan jihatlaridan voqif bo'lamiz. Sahifamizning ilk qahramoni o'zbek futbolining XX asrdagi yorqin yulduzlaridan biri, Abduraimovlar sulolasining to'ng'ich vakili, XII Osiyo o'yinlari g'olibi, futbolimiz tarixidagi eng chiroyli gollardan birining muallifi Azamat Abduraimov bo'ladilar. Malumot uchun, suhbatdoshimiz 2002 yili futbolchilik faoliyatini yakunlagan.

- Azamat aka, sizga blic-savollarimiz bor. Agar tayyor bo'lsangiz, ularni berishni boshlaymiz.

- Tayyorman.

- Futbol bo'lmaganida, kasb sifatida qaysi sport turini tanlardingiz?

- Yoshligimda ko'plab sport turlariga qiziqqanman. Lekin ular orasida futboldan tashqari, basketbol va xokkey alohida ahamiyatga ega bo'lgan. Mana shu ikkisidan birini tanlardim. Bilasizmi, bo'yim pastligi uchun basketbol to'garagiga qabul qilishmagan edi.

- Futbolda erishgan eng katta muvaffaqiyatingiz?

- Menimcha, Abduraimovlar sulolasiga munosib davomchi bo'la olganim. Qolaversa, XII Osiyo o'yinlaridagi g'alabamizni ham faoliyatimdagi eng katta muvaffaqiyat deb bilaman.

- Sizni hayratga solgan gol?

- Zayniddin Zidanning Evropa CHempionlar Ligasida urgan goli. O'z ustidan oshirib, qaychi usulida darvozani ishg'ol qilgani haqiqatan ham chiroyli chiqqandi.

- Sport, xususan, futboldagi ilk xotiralaringiz?

- Otam bilan Paxtakor stadioniga borgan kunim. Dadam meni juda ko'p marotaba Paxtakor jamoasining mashg'ulot va o'yinlariga olib borganlar. SHonli klubning mashhur yulduzlari bilan hamsuhbat ham bo'lganman. U kunlarni aslo unutmayman.

- Futboldan tashqari sevimli sportchingiz?

- Basketbol afsonasi - Maykl Jordan.

- Faoliyatingizda nimanidir o'zgartirish imkoniyati bo'lganida...

- Tarixni ortga qaytarishning iloji yo'q. Agar menga shunday imkoniyat taqdim etilganida, faoliyatim davomida yo'l qo'ygan kamchilik va xatolarimni takrorlamasdim.

- Hayotingizda olgan eng foydali maslahatingiz?

- Birinchi galda otamdan tavsiya olishga harakat qilaman. Men uchun eng yaqin inson va shu bilan birga eng to'g'ri yo'lni ko'rsatadigan ham aynan otam bo'ladilar. Eng foydali maslahatlarni ulardan olganman. Bir gaplari hech yodimdan chiqmaydi: Futbolni alday olmaysan, agar shunga urinsang, katta xatoga yo'l qo'yasan. Aksincha, o'zing qanday aldanib qolganingni bilmay qolasan, derdilar. Hamisha halol o'yna va yasha, degan o'gitlarini ham esdan chiqarmayman.

- Mutolaa qilgan so'nggi kitobingiz?

- Bugungi kunda Ferber farishtalari imperiyasi asarini o'qiyapman. Afsuski, vaqt tig'izligidan shu kitobni hech tugata olmayapman.

- Qaysi taomni sevib istemol qilasiz?

- Oldin qozon kabobni yaxshi ko'rardim. O'zim ham tayyorlay olardim. Lekin so'nggi paytlarda vazn tashlayotganim uchun yog'li, kaloriyaga boy taomlarni istemol qilmayapman.

- Agar sport bo'lmaganida, qaysi kasbni tanlardingiz?

- Ikkinchi kasbim - jurnalistika. O'z vaqtida televidenie, radio va matbuot nashrlarida faoliyat yuritganman. Menimcha, aynan shu kasb orqali ro'zg'or tebratgan bo'lardim. Mavridi kelganda, bir narsani aytishim kerak. Do'stlarim Mirjalol Qosimov va Igor SHkvirin o'zlari haqida kitob yozishdi. O'ylashimcha, endi menga ham navbat etib keldi. SHu yil oxirlarida o'zim haqimda kitob yozishga o'tiraman.

- Qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?

- Paxtakorga.

- Yoshligingizda kimga havas qilgansiz? Kumiringiz bormi?

- Bizning tengqurlarimiz asosan Maradona muxlisi hisoblanishardi. Tabiiyki, men ham argentinalik futbol dahosiga havas qilganman. Hozirgacha uning o'yinlari yozilgan disklarni qaytadan ko'rib chiqaman, betakror harakatlaridan zavqlanaman.

- Sizning omad kalitingiz?

- Hamisha o'zimga va o'z kuchimga ishonganman. SHu jihat menga doimo omad keltirgan.

- Qiyin vaziyatga tushib qolganingizda har doim to'g'ri qaror qabul qilganmisiz?

- Yo'q. Bunday holatlarda aniq to'xtamga kelishga shoshilmayman. Yuqorida aytganimdek, yaqin insonlarim, xususan, otamdan maslahat olaman. Bazida o'zim qabul qilgan qarorlarim pand berib ham qo'ygan. SHu bois, etti o'lchab, bir kesaman.

- Yoshlikdagi orzularingiz ro'yobga chiqdimi?

- Albatta. Birinchi galda futbolchi sifatida faoliyat yuritishni xohlaganman. Qolaversa, otamga munosib izdosh bo'lishni niyat qilganman. Orzularim amalga oshdi. Ko'chada tanib qolishsa, darrov dastxat olishga urinishadi. Demak, meni tanishyapti, bu ham katta baxt.

- Tanqidni qanday qabul qilasiz?

- Tanqidni yaxshi ko'raman (kuladi). SHuning barobarida o'z tanqidchilarimni hurmat qilaman. Bilasizmi, xatolaringiz o'zingizga sezilmasligi, faqat chetdangina ko'rinishi mumkin. Agar qilayotgan ishim haqiqatan ham noto'g'ri bo'lsa, tan-qidlarni o'z o'rnida qabul qilaman. Meni to'g'ri yo'lga boshlaganlarga hurmat bilan qarayman.

- Imkoni bo'lganida, mashhurlar orasidan aynan kim bilan uchrashar edingiz?

- Afsonaviy Pele va Maradona bilan. Xuddi hozirgi bolalar Messi va Ronalduning yonida suratga tushishni istashganidek. SHu ikki futbol yulduzi bilan bir jamoada to'p surishni orzu qilaman. Lekin bu amalga oshmaydigan niyat bo'lsa kerak.

- Siz haqingizdagi kitobni kim yozishini istardingiz?

- Menimcha, o'zimdan boshqa hech kim ko'nglimdagidek yoza olmasa kerak. Jurnalistika sohasida ishlaganim bu borada qo'l kelsa, ajabmas. Yuqorida aytganimdek, yaqin kunlarda ana shu kitobni yozishni boshlayman.

- So'nggi paytlarda sizni xursand qilgan xabar yoki voqelik?

- SHubhasiz, o'g'limning dunyoga kelgani. Ellik yoshda farzandli bo'lish - bu alohida voqelik. Rafiqam bilan uni yurtimiz koriga yaraydigan inson sifatida voyaga etishi uchun harakat qilyapmiz. Tarbiyasiga alohida etibor qaratganmiz.

- O'g'lingizning futbolchi bo'lishini xohlarmidingiz?

- Albatta, istayman. Abduraimovlar sulolasiga munosib izdosh bo'lishiga ishonyapman. Hozirdan to'pni yaxshi ko'radi. Televizor orqali futbol o'yinlarini tushunsa-tushunmasa, tomosha qiladi. Farzandimning uchinchi avlod vakili sifatida bizning ishimizni davom ettirishini chin dildan xohlayman. Biz sportchilar oilasidanmiz. Ukam Jasur Abduraimovning qizi Nigina tennischi. U bugungi kunda terma jamoa azosi. Reytingda ham o'z o'rniga ega bo'lib bormoqda. Bo'sh vaqtlarimda uning o'yinlarini kuzatib boraman.

- Bugungi kunda nimalar bilan bandsiz?

- Otam ikkimiz futbol maktabi tashkil qilganmiz. Ana shu talim dargohida bolalarni qabul qilyapmiz. Mashg'ulotlarimiz O'FF qoshidagi suniy qoplamali maydonda o'tkaziladi. Dadam va men futbolda orttirgan tajribalarimizdan kelib chiqib, yosh avlodni tarbiyalashga etibor qaratyapmiz. SHu yo'l orqali o'zbek futboli rivojiga o'z hissamizni qo'shmoqchimiz. Futbol bilan shug'ullanish istagini bildirgan yoshlar ko'pchilikni tashkil qilmoqda. Har bir mashg'ulotimiz qiziqarli tarzda o'tkazilyapti.

- Tilaklaringiz?

- Milliy jamoamiz JCH-2018 3-saralash guruh bosqich uchrashuvlarini davom ettirmoqda. Termamizga keyingi o'yinlarda omad yor bo'lishiga tilakdoshman. Umid qilamanki, bu galgi ishtirokimiz yakunida biz jahon chempionati yo'llanmasini qo'lga kiritamiz. Bu bilan xalqimizning ko'p yillik orzusi ro'yobga chiqadi.


Reyting:    

Fikrlar

< so’nggi yangiliklarni ko’rish

Olamsport ni Facebook da o’qish
uchun "Yoqdi"ni bosing