12 sen 17:17
Yangiliklar
Bugun final. Jokovich yangi tarix yarata oladimi yoxud Medvedev "Katta Dubulg'a"dagi ilk sovrinini qo'lga kiritadimi? Final uchrashuviga PREVYU
AQSH Ochiq chempionatining final uchrashuvi "Arthur Ashe Stadium" kortida Toshkent vaqti bilan 12 sentyabrdan 13 sentyabrga o'tar kechasi soat 01:00 da boshlanadi.
Hal qiluvchi bosqichga ayollar o'rtasidagi finaldan farqli ravishda jahonning birinchi va ikkinchi raqamli raketka ustalari serbiyalik Novak Jokovich va rossiyalik Daniil Medvedev etib keldi.
Bugun Novak Jokovich yana bir rekordni takrorlashi mumkin. Yo'q, bu Federer yoki Nadalga tegishli emas. Bu 1969 yilda qayd etilgan rekord. Avstraliyalik Rod Leyver «Katta Dubulg'a» turkumidagi barcha turnirlar: Australian Open, Rolan Garros, Wimbledon va US Open'ni bir yilda qo'lga kiritgan so'nggi tennischi hisoblanadi. Jokovich oradan 52 yil o'tib ushbu rekordni takrorlashi mumkin. Bugungi chempionlik nafaqat Novak uchun balki, tennis olami uchun Ochiq eradagi yangi sahifa bo'ladi.
Hozirda 83 yoshda bo'lgan o'tmishning tirik afsonasi Rod Leyver bu haqida shunday dedi: “Agar Novak «Katta Dubulg'a»dagi 4 turnirni birlashtira olsa, men uni qo'lini siqib qo'yishdan xursand bo'lardim. U bizning safimizga qo'shilishidan juda xursand bo'laman. Menimcha, Jokovich bu haqida gapirishni xohlamaydi. Sababi bu Novak uchun qo'shimcha bosim bo'ladi va unga muammo tug'dirishi mumkin”, - dedi Leyver.
Jokovich final uchrashuvi haqida gapirar ekan: «US Open'dagi to'rtinchi sovrinim sari ketmoqdaman. Boshqa narsa haqida o'ylayotganim yo'q. Finalda g'alaba qozonsam nima bo'lishini tushunib turibman. SHuning uchun ham ushbu bahsga faoliyatimdagi eng oxirgisi kabi yondoshaman»,-deya takidlab o'tdi.
Rossiyalik 25 yoshli tennischi uchun US Open finali faoliyatidagi birinchisi emas. U 2-marotaba US Open finaliga chiqdi. 2019 yilda Daniil ispaniyalik Rafael Nadalga qarshi finalda kortga chiqqan va 4 soatu 50 daqiqa davom etgan murosasiz uchrashuvda 5 set natijasiga ko'ra alamli tarzda 5/7, 3/6, 7/5, 6/4, 4/6 hisobida imkoniyatni boy berib qo'ygan edi. Bugun u ana shu final uchun ham chempionlikni qo'lga kiritishga harakat qiladi. Zero, US Open finaliga chiqish u uchun ham oson kechmadi.
"Taktika jihatidan Australian Open finali menga ko'p narsani o'rgatdi. CHunki o'shanda Novak avvalgi o'yinlaridan boshqacha o'ynagan va men bunga tayyor emas edim. Endi esa men tayyorman. Hisob qanday bo'lishidan qatiy nazar men oxirigacha kurashaman va Melburndagiga qaraganda bor kuchimni beraman. Agar uni mag'lub etsam, «Katta Dubulga»dagi 4-turnirni yuta olmasligiga to'sqinlik qilgan inson sifatida tarixda qolaman. Bu narsa menga tasir qilmaydi, aksincha, bu holat unga bosim yuklaydi”,-dedi Medvedev bo'lajak final uchrashuvi haqida fikr bildirar ekan.
Final bahsi Novak Jokovich va Daniil Medvedev o'rtasidagi o'zaro to'qqizinchi to'qnashuv bo'ladi. G'alabalar soni bo'yicha Novak 5:3 hisobida oldinda bormoqda. Medvedev oxirgi 5 uchrashuvning uchtasida g'alaba qozongan, ammo u «Katta Dubulg'a» turkumidagi turnirlarda serbiyalik raqibini mag'lub eta olmagan. Jokovich esa 2021 yilgi Australian Open turnirining finalida Daniilni mag'lub etishga muvaffaq bo'lgan edi.
Rossiyalik jahonning ikkinchi raketkasi ustidan qozonilgan g'alaba Jokovich uchun «Ulkan Toj» turkumiga kiruvchi turnirlardagi 21-chempionlikni keltiradi. Bu nimani anglatadi? Albatta yana bir rekordni. Avvaliga Jokovich Nadal va Federerga tenglashib oldi, endi esa ulardan bu borada o'tib ketishi mumkin.
Bugungi uchrashuv uchun muxlis va mutaxassislar o'z taxminlarini bildirmoqda va ko'pchilik Novak Jokovichning imkoniyatini yuqori baholamoqda. Men ham Jokovichning faoliyatini doimiy kuzatuvchisi sifatida uning g'alaba qozonishiga shubha qilmayapman. Bugun Jokovich chempionlik uchun borini beradi. U tennis olamidagi barcha rekordlarni yangilashni yaxshi ko'radi va doimo shunga intiladi. Yana bir tarix sahifalaridan o'chmaydigan natija uchun esa bir qadam qoldi. Albatta, Daniil Medvedev ham chempionlik uchun harakat qiladi. Agarda u chempionlikka ega chiqsa faoliyatidagi ilk «Katta Dubulg'a» unvonini qo'lga kiritadi. Bir necha soatlardan so'ng tennis ixlosmandlari kutgan mavsumning so'nggi «Katta Dubulg'a» turnirining final uchashuvi boshlanadi. Bizning vaqtga tun yarmiga to'g'ri kelsada, barchangizni yangi tarix veqeligini guvohi bo'lishga chorlab qolamiz. Novak Jokovhichning «Ulkan Toj»dagi 21-chempionligi yoki rekordlarga to'sqinlik qilib qoladigan Daniil Medvedevning «Katta Dubulg'a» dagi ilk tarixiy sovrini? Barchasini o'zingiz kuzating.
Xurshida Abdikulova tayyorladi
Fikrlar