14 dek 13:14
Yangiliklar
Champions Chess Tour. Nodirbek Abdusattorov 1/2 finalning ilk setida Uesli Soni mag'lub etdi
Umumiy mukofot jamg'armasi 500 000 AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu musobaqaning final bosqichida dunyoning sakkiz nafar kuchli grossmeysteri qatorida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov (2727) ham ishtirok etyapti.
Kecha yarim final bosqichining juftliklardagi birinchi set bahslari o'tkazildi va quvonarlisi, Nodirbek amerikalik nomdor raqibi Uesli Soni 2,5:1,5 hisobida mag'lubiyatga uchratdi. Birinchi setning ilk partiyasida So g'olib chiqqan bo'lsa, keyin Abdusattorov ketma-ket ikki partiyani o'z foydasiga hal qildi. To'rtinchi partiyada tomonlar durangga imzo chekishdi. Aynan So guruh bosqichini birinchi o'rinda yakunlagan edi.
Ikkinchi yarim final juftligida esa amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen amerikalik Fabiano Karuana 3:2 hisobida dog'da qoldirdi. Bugun 1/2 finalda ikkinchi set partiyalari o'ynaladi. Agar Nodirbek Abdusattorov bugun ham g'alaba qozona olsa, final chiptasini qo'lga kiritadi. Agar uchrashuv durang natija bilan yakunlansa, bugunning o'zida hal qiluvchi uchinchi set o'ynaladi.
Fikrlar