12 jan 15:32
Yangiliklar
Farg'ona sportida masuliyat va maqsadlar ulkan (Tahlil va talqin)
Muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan 2024 yilning—“Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili” deb elon qilinishi barchamizni yosh avlod kamolotiga etiborni oshirish, yangi-yangi tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashga chaqiradi.
Sir emas, Vatanni ulug'lashda sportning, sportchilarning o'rni beqiyos. Ortda qolgan “Sifatli talim va insonga etibor yili”da Farg'ona viloyat sportida qanday o'zgarishlar bo'ldi? Qanday natijalar qo'lga kiritildi va qanaqa kamchiliklarga yo'l qo'yildi?
Quyida shular haqida muxtsar to'xtalamiz.
Farg'ona viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi tasarrufida 26 ta sport maktabi, to'rtta ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyat yuritadi.
Farg'ona Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi murabbiylari esa viloyat va respublika terma jamoalariga munosib o'rinbosarlar etkazib berish ishida kamarbasta bo'lishayotir.
Yuqoridagi talim muassasalarida 1467 nafar murabbiy ishlayotgan bo'lib, ulardan 902 nafari oliy malumotli mutaxassislardir.
9 nafar O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan murabbiyimizning salohiyati sportchilarga yuksak marralar sari qo'shqanot. 309 nafar trener oliy toifali bo'lib, bu 2022 yildagiga qaraganda 91 nafarga ko'pdir.
Tabiiy savol tug'iladi: “SHuncha murabbiy qancha sportsevarga mashg'ulot o'tyapti?”
Sport maktablarida 27974 nafar, ixtisoslashtirilgan sport maktablarida 2381, Olimpiya va paralimpiya tayyorlash markazida 451, jami 30806 nafar yosh sportchi 52 ta sport turidan o'z mahoratini oshirmoqda. SHulardan 30 ta sport turi olimpiya oilasiga, 4 tasi milliy va 18 tasi noollimpiya turlarga mansub ekanini ham eslatib o'tish joiz.
Bilasiz, Farg'ona viloyati aholisi zich yashaydi va ko'pgina xonadonlarda sport bilan shug'ullanish oilaviy ananaga aylanib ulgurgan.
O'zbek sportchilarining yozgi Olimpiada hamda Osiyo o'yinlarida qo'lga kiritayotgan natijalaridan ruhlanib, mashqlarga kelayotganlar soni sezilarli darajada oshdi. SHu bois, sport maktablarida aholi soni va ixtisoslashuviga ko'ra olimpiya oilasiga mansub qo'shimcha 360 ta sport sekciyasi tashkil etildi. Muntazam shug'ullanuvchilar soni 2022 yilga nisbatan 3240 nafarga yoki 3,2 foizga oshdi.
Etiborlisi, 810 nafar 4-6 yoshli o'g'il-qiz yangi tizim asosida sog'lomlashtirish guruhlariga qabul qilindi.
Davlatimiz rahbarining ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan g'amxo'rligi samarasi o'laroq, “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarori elon qilindi. Natijada har bir mahalla fuqarosi nafaqat o'zi qiziqqan sport turi bilan shug'ullanishi, balki “Besh tashabbus” Olimpiadasi doirasida ko'p bosqichli musobaqalarda o'z omadini sinab ko'rish imkoniga ega bo'ldi.
Mazkur bahslarda g'olib va sovrindor bo'lgan jamoalar (sportsevarlar) mahallasiga sport maydonchalari qurib berilishi esa barchani birdek xushnud etmoqda.
Viloyatimiz sportchilari 2023 yil davomida xalqaro turnirlar, respublika musobaqalari, Osiyo hamda Jahon chempionati bahslarida 2 584 ta medal qo'lga kiritishdi. SHundan 691 tasi oltin, 790 tasi kumush hamda
1 103 tasi bronza medallaridir.
Taqqoslansa, 2023 yilda 2022 yildagiga qaraganda 111 ta medal oshiq qo'lga kiritilgan. O'zbekiston milliy terma jamoasiga jami 619 nafar sportchi etkazib berildi. SHundan 355 nafar sportchi terma jamoalarning asosiy tarkibidan joy oldi.
Azaldan Farg'ona yakkama yakka kurash sport turlaridan bayroqdor viloyat. Vodiydan engilmas belbog'li kurash, boks, taekvondo ustalari etishib chiqqan. Biroq so'nggi yillarda sportning o'yin turlari bo'yicha ham sezilarli o'sish ko'zga tashlanmoqda.
Futbol bo'yicha Farg'onaning “Neftchi” jamoasi O'zbekiston superligasida kuchli beshlikdan joy oldi. Farg'onaliklar ustozi Vitaliy Levchenko “Yilning eng yaxshi murabbiyi”, deb topildi.
2023 yilda Xanchjou (Xitoy) shahrida bo'lib o'tgan Osiyo o'yinlarida
21 nafar, Parosiyo o'yinlarida esa 11 nafar viloyatimiz sportchisi qatnashdi. SHundan “Neftchi” tarkibida to'p surgan to'rt nafar futbolchi U-23 termasi tarkibida Osiyo o'yinlarining bronza medaliga erishdi
Parosiyo o'yinlarida esa etti nafar sportchi 8 ta medalni qo'lga kiritdi.
Sportchilarni moddiy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, maishiy sharoitlarini yaxshilash bo'yicha 175 million so'mlik vitamin va farmokologik vositalar ajratildi. Moddiy yordam va yuqori natijalari uchun rag'bat pullari berildi.
SHuningdek, “Parij-2024” Olimpiya va Paralimpiya o'yinlariga imtiyozni qo'lga kiritgan va nomzod sportchilar uchun boshqarma tomonidan vitamin va farmokologik vositalar ajratilgan. Ular muntazam ravishda “Sportchilarni tibbiy va psixologik tayyorlash markazi” shifokori tomonidan nazoratda.
O'tgan yili viloyatda 40 dan ortiq nufuzli sport musobaqalari o'tkazildi.
Farg'onalik sport ishqibozlari har yilning boshida futbol bo'yicha “Farg'ona viloyat hokimi kubogi uchun” o'tadigan turnirni kuzatish imkoniga ega. Ko'pgina futbol jamoalari shu musobaqaga tashrif buyuradi va turnirda yangi mavsumga tayyorgarlik ko'rishadi.
Bundan tashqari, ot sporti, belbog'li kurash, shaxmat, engil atletika, sport gimnastikasi turlari bo'yicha o'tadigan musobaqalar ham ishqibozlar tomonidan juda qizg'in kutib olinadi. Futbol bahslarida esa stadionlar to'lib toshadi.
Natijadorlikka etibor qaratilsa, 2023 yilda viloyat sport maktablarida 133 nafar unvonli sportchi tayyorlandi. SHundan 113 nafari sport ustasi va qolgani xalqaro toifadagi sport ustasidir.
O'zbekiston chempionati, kubogi musobaqalari, xalqaro turnirlar, Osiyo va Jahon chempionati, Osiyo va Parosiyo o'yinlarida jami 3 394 ta medal qo'lga kiritilgani (948 ta oltin, 1055 ta kumush hamda 1391ta bronza) muvaffaqiyatlar zaminidir.
Sport majmualarining sharoitlarini yaxshilash bo'yicha harakatlar bor. Masalan, sport maktablarining 11 tasiga mahalliy byudjet hisobidan quyosh panellari o'rnatildi. Vazirlikning tegishli buyruqlari bilan yana 5 ta sport maktabiga quyosh panellari hamda suv isitish moslamalari o'rnatilib, foydalanishga topshirildi.
Viloyat sport jamoatchiligi respublikamizda davom etayotgan ezgu ishlardan biri—“Yashil makon” loyihasida ham faol ishtirok etishmoqda. Bugungacha ular tomonidan viloyat bo'ylab 8778 ta har xil daraxt ko'chatlari o'tqazildi. Bundan tashqari, Qo'qon shahridagi, Dang'ara, So'x, O'zbekiston tumanlaridagi sport maktablari xodimlari “Open-byudjet” tanlovida faol ishtirok etib, g'olib chiqishdi va viloyatga investiciya jalb qilindi.
Aholi “Besh tashabbus” sport musobaqalarini juda iliq qarshi olganini takidlash o'rinli. Masalan, mazkur musobaqaning birinchi mavsumida 1062 ta mahalladan jami 434 815 nafar fuqaro elektron platformasidan ro'yxatdan o'tkazilib, sport musobaqalarida 280 160 nafar yoshlar qamrab olindi.
Yakunda farg'onaliklar 11 ta sport turidan 33 ta medal (13 ta oltin, 10 ta kumush, 10 ta bronza) qo'lga kiritishdi va umumjamoa hisobida respublikada faxrli ikkinchi o'rinni egallashdi.
“Besh tashabbus Olimpiadasi”ning 1-mavsumida ishtirok etgan iqtidorli yoshlarni sport maktablariga selekciya qilish bo'yicha hududlarda ishlar yo'lga qo'yilib, bugunga qadar jami 822 nafar yigit-qiz sport maktablariga jalb etildi.
Mahallalarda “Workaut” maydonlari qurilmoqdaki, bundan aholi juda mamnun. CHunki birgina “Besh tashabbus” musobaqasidagi faolligi evaziga 28 ta mahallada sport maydonchalari qurib, foydalanishga topshirildi.
Yana sportning o'yin turlari haqida. Birgina Farg'ona viloyati hokimining topshirig'iga asosan shahar va tumanlarda jamoaviy sport turlaridan 51ta sport klubi tashkil etildi.Yani, 19 ta futbol, 18 ta voleybol, 8 ta basketbol hamda 6 ta gandbol klublari shular jumlasidan va ular bugungi kunda rivojlanish pallasida. Bugungi kunda ushbu klublarda jami 1296 nafar yosh sportchi (shundan 209 nafari qizlar) shug'ullanmoqda. Ularning mashg'ulotlarini olib borish uchun sport maktablaridan 67 nafar trener biriktirildi.
Tashkilot va idoralarda sport va sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish maqsadida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Viloyatda 1725 ta tashkilot mavjud bo'lib, ularning1095 tasida targ'ibotchi lavozimi joriy etilgan. SHundan 71 ta tashkilotda targ'ibotchilarga 20 foiz ustama to'lab borilmoqda.
Tahlil qilinsa, bu raqamlar etarli emas. Demak, bu boradagi ishlarni jonlantirish zarur...
Sportda erishilgan g'alabalarni saqlab qolish juda muhim. Yanada yaxshiroq natijalar sari intilmoq esa murabbiy va sportchilarimizning ustuvor maqsadiga aylangan. Biz Olimpiada yili hisoblangan 2024 yilda ham muxlislarni davomli yutuqlar, xalqaro va respublika musobaqalardagi medallar shodasi bilan xursand qilishni ko'zlaganmiz. Bu tuyg'u bizning kuchimizga kuch qo'shadi.
Zero, Farg'ona eli mehnatsevarlikni, halollikni, vatanparvarlikni yuksak darajada qadrlaydi. Vatan orini, shu aziz yurt shanini munosib himoya qilgan farzandlarini ardoqlaydi, ular bilan faxrlanadi!
Nodirbek XAKIMOV, Farg'ona viloyati Yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi boshlig'i
Fikrlar