20 noy 08:47
Yangiliklar
FIFA agentlarga qarshi “urush ochdi”
Pullik TV'ning sezilarli darajadagi o'sish surati tufayli futbol deyarli media-biznesga aylandi, ko'p narsalar yulduz futbolchilarning nafaqat maydonda, balki undan tashqaridagi harakatiga ham bog'liq bo'lib qoldi. 2010 yilning boshidan beri ular klublarga pul topishda tobora ko'proq yordam berib kelmoqdalar, ammo buning evaziga juda ko'p narsani talab qilmoqdalar: bazida – pulni, bazida – hokimiyat(murabbiy tanlashga tasir ko'rsatish yoki hatto klub siyosatini boshqarish)ni. Va shuni takidlash kerakki, yulduzlar faoliyatini boshqaradigan odamlar ham ular bilan birgalikda ko'tarilib kelishmoqda.
Futbol agentlarining daromadlari keskin tarzda o'smoqda. Malumotlarga qaraganda, 2015 yildan 2019 yilgacha komissiyalar ikki baravarga oshdi va yiliga 653 million dollarni tashkil etyapti. Neftlix'ning daromadi xuddi shu tempda yuqorilab boryapti – qo'shimchasiga yiliga taxminan 30% foyda ko'rmoqda.
Ushbu ko'lam faqat sizni ajablantirayotgani yo'q. CHunki endilikda futbol agentlariga hatto Gollivuddan investiciya kelib tusha boshlagan.
Masalan, Creative Artists Agency (kinoda o'nlab yulduzlar ishini yuritmoqda – Skarlett Yoxanssondan Penelopa Krusgacha va Rayan Goslingdan tortib Robert De Nirogacha, musiqada – Beyonse va boshqalar) Base Soccer Agency futbol agentligini sotib oldi (Son Xyon Min, Rafael Varan va Fyodor CHalov).
ICM Partners (Semuel Leroy Jekson va boshqalar) 1992 yilda Jonatan Barnett tomonidan asos solingan (asosiy aktivi – Garet Beyl) eng yirik futbol agentliklaridan biri Stellar'ni xarid qildi.
600 million dollarlik ushbu ulkan biznesning aksar qismi aynan shu kabi super agentlarga tegishli. Odatda ular tarkibiga Mino Rayola, Jorje Mendesh va Jonatan Barnett kiradi (ular har yili 50 millionga yaqin pul ishlashadi).
Bu tizim qanday ishlaydi?
Birinchidan, super agentlar dunyoning eng yaxshi o'yinchilarining ishlarini yuritadi. Transfer summa qancha ko'p bo'lsa, komissiya shunchalik katta bo'ladi.
Ikkinchidan, Rayola va Mendesh maxsus sxemadan foydalanadilar. Ular muzokara jarayonida ayrim paytlarda nafaqat futbolchining, balki ikkala klub – "sotuvchi" va "xaridor"ning ham manfaatlarini himoya qilishadi. Bu FIFAning amaldagi qoidalariga ko'ra taqiqlanmagan – faqat klublar va vositachi o'rtasida yozma kelishuv talab qilinadi, xolos.
Bunday sxemada agent narxlar diskriminaciyasiga qo'l uradi: u sotib oluvchi klubning imkoniyatlari chegarasini biladi va sotuvchining qancha summaga umid bog'lashini yaxshi tushunadi. O'zaro kelishuvga erishilgach, miqdordagi farq (summa) vositachining cho'ntagiga tushadi.
Namuna sifatida Pol Pogbaning "Yuventus"dan "Manchester Yunayted"ga o'tishini ko'rsatish mumkin. "Manchester Yunayted" bu kelishuv uchun 105 million evro sarfladi, ammo uning to'rtdan bir qismi Turinga etib bormadi: "Yuventus" sobiq bosh menejeri Beppe Marottaning so'zlariga ko'ra, klub agent Mino Rayolaga 27 million bergan. Football Leaks’ning yozishicha, niderlandiyalik 49 million ishlab olgan.
- xuddi shu 27 million – "Yuventus"dan (18 milliondan tashqari, agar Pogba 90 milliondan ortiq summaga sotilsa+ bitimning har bir keyingi 5 mln.lik qiymati uchun 3 milliondan);
- shuningdek, Rayola MYUdan yana 22 million olgan.
Darhaqiqat, ko'p pul ishlab topish uchun har doim ham barcha tomonlarning vakili bo'lish shart emas. 2020 yil yozida Jorje Mendesh agentligi hujumchi Fabiu Silvaning "Vulverxempton"ga sotilishi ortidan "Portu"dan 7 million evro oldi – u hech qachon futbolchining manfaatlarini himoya qilmagan, ammo klublar o'rtasiga juda qulay "joylashib olgan". Birinchidan, Mendesh – "bo'rilar"ning norasmiy sport direktori va klub investorlari uning agentligida o'z ulushiga ega (quyida batafsilroq to'xtalib o'tilgan). Ikkinchidan, Mendesh Portugaliyada katta obro'ga ega va shunchaki "Portu"ga sotuvchi tomonning agenti bo'lishni taklif qildi. "Portu" prezidenti Jorje Pintu Da Koshta natijalar haqida quvonch bilan aytib berdi:
"Mendesh "Portu" uchun ajoyib agent edi. Fabiu shartnomasida "10 million evroga sotish" degan band bor edi, biz esa uni 40 mln.ga sotdik. Aslida biz qo'shimcha 20 million ishlab oldik".
Da Koshta hisob-kitobda adashmadi. Jami 40 milliondan faqat 30 millioni klubga etib keldi: 7 millionga Mendesh ega chiqdi (bu transferning 17,5 foizini tashkil qiladi), yana 3 million futbolchining agentiga tegdi.
"Bu juda zo'r kelishuv va unda Mendeshning o'rni juda katta", – deya o'z so'zlarini yakunladi "Portu" prezidenti.
FIFA shu kabi “agentlar hukumati”ga qarshi kurashishga qaror qildi.
FIFA rejasi – qatiy to'lov foizi va transferlar shaffofligi
2014 yilda FIFA, aksincha, agentlik biznesi ustidan nazoratni olib tashladi va eng muhimlarini milliy federaciyalarga topshirdi. Hatto majburiy licenziyalashni ham, chunki deyarli hech kim undan o'tmagan. SHu tufayli 2015 yildan 2018 yilgacha Britaniyada futbol bo'yicha vositachilar soni 10 baravar o'sdi.
SHuningdek, FIFA agentlarga maksimal to'lovlarni cheklamadi – futbolchining yillik maoshidan 3% yoki transfer summadan 3% miqdoridagi meyor tavsiya qilindi. Har bir mamlakatda milliy federaciyalar o'zlari mustaqil ravishda bir qarorga kelishdi.
Misol uchun, Rossiyada amaldagi agentlik qoidalari (2020 yil iyunida kuchga kirgan) agentning maksimal rag'batini futbolchi maoshining 10 foizigacha cheklaydi. Yangi reglament (2021 yil 1 yanvardan boshlab) to'siqlarni olib tashlaydi va FIFAga tegishli bo'ladi, chunki endi hamma narsa global darajada sodda va shaffof bo'ladi.
- 2021 yil kuzidan FIFA barcha agentlik komissiyalari to'g'risidagi malumotlarni nashr etib borishni rejalashtirmoqda.
- Sotuvchi klub agentlari transfer summaning atigi 10 foizini olishlari mumkin (Mendeshning "Portu" va Fabiu Silva bilan bog'liq voqeasi boshqa takrorlanmaydi).
- Xaridor klub vakillari futbolchining yillik maoshining 3 foiz qismini olishi mumkin.
- Agar agent ham xaridor, ham o'yinchi manfaatini himoya etsa, yillik daromadning maksimal 6 foizini olishi mumkin.
- Rayola va Mendesh yaratgan “uch tomonlama sxemalar” taqiqlanadi.
Agar agent mumkin bo'lgan maksimal to'lov(6%)ni oladigan bo'lsa, klub sababini tushuntirishi kerak. Agar bu FIFAni qoniqtirmasa, klub jazolanadi.
Yangi qoidalar faqat molliyaviy masalalarni cheklamaydi. Endilikda futbolchilarning qarindoshlari o'yinchini agentlik licenziyasisiz himoya qila olmaydilar va liga yoki klub akciyalariga egalik qiluvchi jismoniy yoki yuridik shaxslarning agentlar ishiga aralashishi qatiyan taqiqlanadi. SHubhasiz, ikkinchisi Jorje Mendesh va "Vulverxempton"ning xitoylik egalari o'rtasidagi aloqaga qarshi qaratilgan (ingliz klubi singari Mendeshning Gestifute agentligi akciyalarining 15 foizi Fosun International egalari bo'lmish xitoyliklarga tegishli).
Agentlar qarshi. Rayola hatto Infantinoga qarshi urush boshladi
Albatta, agentlarga yangi choralar yoqmadi. Hech kim kamroq pul ishlashni xohlamaydi-da.
"Biz transfer bozorida agentlarning tushunchasini o'zgartirishimiz kerak. Katta miqdordagi mablag' salbiy oqibatlarga olib keladi, deb aytmayapman, lekin bazida pul agentni mijoz uchun noto'g'ri yo'ldan ketishiga olib keladi", – deb tushuntirdi FIFAning futbolni tartibga solish bo'yicha direktori Jeyms Kitching.
Katta komissiyalar, muxlislarning vositachilarga bo'lgan salbiy munosabati, oshirilgan transfer narxlar va global koronavirus inqirozi – FIFA agentlarga qarshi kurashish uchun eng qulay paytni tanladi.
Ammo vositachilarning o'zlari pul o'tkazmalarining shaffofligi va daromadlarning cheklanishida ijobiy narsani ko'rmaydilar. Ular uchun bu futbolni tozalash usuli emas, balki "gunohkor echki"ni topishga urinishdir.
"Men FIFA buni sarlavhaga chiqish uchun qilayotganiga butun qalbim bilan ishonaman. Federaciya rahbariyati qayta saylanishni istaydi. Vositachilar – oson nishon. Biz futbolchilarga g'amxo'rlik qilamiz va ularga yordam beramiz. FIFA nima bilan shug'ullanayotganimizni bilmaydi, lekin u biz uchun qoidalarni belgilaydi", – dedi Garet Beylning agenti Jonatan Barnett fevralda AS’ga.
Agentlar taslim bo'lishni xohlamaydilar. Jumladan, Mino Rayola mart oyida FIFA prezidenti Janni Infantinoni ochiqchasiga tanqid qilib, shunday degandi:
"Men Infantino kabi sport biznesining ishtirokchisiman. Agar u FIFAda ishlamaganida, pochta orqali oyiga uch million emas, balki 3500 frank ishlab topgan bo'lar edi. U xudo emasligini tushuntirish uchun SHveycariyaga etib keldim".
Rayola qatiy poziciyaga ega. U FIFAni monopolist deb ataydi, rasmiylarni korrupciya uchun tanqid qilib, futbol hukumatiga o'zgartirish kiritish lozimligini takidlab keladi. Ammo bu befoydadek tuyuladi. CHunki FIFAdan ko'ra agentlarni ko'proq yomon ko'rishadi.
SHerzod Nurmatov tayyorladi
Fikrlar