11 fev 12:27
Yangiliklar
Freestyle Chess Challenge. Abdusattorov bugun 1/4 finalda xitoylik shaxmatchiga qarshi o'ynaydi
Dunyoning kuchli sakkiz nafar grossmeysteri dona surayotgan Fisher shaxmati bo'yicha musobaqada hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ham muvaffaqiyatli odimlayapti. Kecha u saralash bosqichining so'nggi 7-turida rapid va blic yo'nalishlarida amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsenni mag'lubiyatga uchratib, pley-offga 1-o'rin bilan yo'l olgandi.
Turnir reglamentiga ko'ra, saralash bosqichi g'olibi pley-offda so'nggi 8-o'rin sohibi bilan o'ynaydi. Bugun 1/4 finalda Abdusattorov 7 ta uchrashuvning 6 tasida mag'lubiyatga uchrab, faqat bittasida durang o'ynagan xitoylik Din Lijenga qarshi dona suradi.
SHaxmatchilar o'zaro ikkita partiya o'ynashadi. Jami 40 ta yurishga 90 daqiqadan vaqt beriladi. Ikki partiyada g'olib aniqlanmagan taqdirda tay-brekka murojaat qilinadi. Pley-offning barcha bosqich uchrashuvlari bizning vaqt bilan soat 17:00da boshlanadi.
Nokaut tizimidagi 1/4 final juftliklari (11-12 fevral):
Alireza Firuzdja (Franciya, 2760) - Magnus Karlsen (Norvegiya, 2830)
Fabiano Karuana (AQSH, 2804) - Dommaradju Gukesh (Hindiston, 2743)
Nodirbek Abdusattorov (O'zbekiston, 2744) - Din Lijen (Xitoy, 2762)
Vinsent Kaymer (Germaniya, 2738) - Levon Aronyan (AQSH, 2725)
1/2 final: 13-14 fevral
Final: 15-16 fevral
Fikrlar