11 iyu 11:32
Yangiliklar

Ikki shaxmatchimiz bugun FIDE Jahon kubogining ikkinchi bosqich tay-brek bahsida o'ynaydi
Ushbu nufuzli musobaqada O'zbekiston terma jamoasining uch nafar etakchi vakilalari ham bahs olib borishmoqda. SHaxmatchi qizlarimiz Jahon kubogining birinchi bosqichida raqibalarini mag'lub etishga muvaffaq bo'lishgan edi. Ikkinchi davrada tabiiyki, kuchli raqibalar hamyurtlarimizni qarshi olishdi.
Gulruhbegim Tohirjonova ilk uchrashuvda xitoylik xalqaro sport ustasi Lu Miaoyiga, yoshlar o'rtasida jahon chempioni Afruza Hamdamova hindistonlik grossmeyster, rapid yo'nalishida ikki karra jahon chempioni Hampi Koneruga imkoniyatni boy bergan, Umida Omonova esa Evropa chempioni, polshalik Alina Kalinskaya bilan durang o'ynagan edi.
Tohirjonova javob partiyasida xitoylik raqibasini chiroyli tarzda mag'lub etib, ikki o'yin natijasiga ko'ra muvozanatni tikladi. Bugun tay-brekda uchinchi davra taqdiri hal bo'ladi. Afruza Hamdamova javob uchrashuvida nomdor raqibasi bilan durang o'ynadi, ammo ikki o'yin natijasiga ko'ra Jahon kubogidagi ishtirokini yakunladi. Umida Omonova esa bu safar ham Kalinskaya bilan murosaga keldi. U ham bugun tay-brekda o'z omadini sinab ko'radi.
Fikrlar