25 fev 13:19
Yangiliklar
“Istiqlol”da yirik hisobdagi g'alaba, Jeparovdan golli uzatma
CHempionlar Ligasining ketma-ket 2 ta turida 4 ochko olib, o'z guruhida etakchi bo'lib turgan Server Jeparov jamoadoshlari, endi Eron chempionatida ham yorqin g'alabani qo'lga kiritishdi.
38 ochko jamg'arib, turnir jadvalida ikkinchi bo'lib turgan “Fulad” uyiga borgan “Istiqlol”, 4:1 hisobida zafar quchdi. Bellashuvni boshlang'ich tarkibda o'tkazgan Jeparov 4-daqiqadayoq sherigiga golli uzatma berdi. Senegallik Mame Baba Tiam esa imkoniyatdan unumli foydalandi. Mazkur gol tehronliklar shijoatini oshirdi. Natijada hisob 18-daqiqadayoq 1:3 ko'rinishini olgandi.
Jeparov maydonda 75 daqiqa harakat qildi. Keyinroq germaniyalik bosh murabbiy SHefer uning o'rniga himoyaviy taktikaga yordam beruvchi futbolchini maydonga tushirdi.
Mazkur g'alabadan keyin “Istiqlol” turnir jadvalida kuchli uchlikka kirib oldi. Bir yo'la 5 ta jamoa hisobida 38 tadan ochko bor ekani, fors chempionatidagi kurash va raqobatning qay holatda ekanini ko'rsatishi mumkin.
Fikrlar