10 okt 14:10
Yangiliklar

Jo'rabek, Humoyun va SHonig'mat “Toshkent CHellenjer”ida mag'lub bo'lishdi
Sovrin jamg'armasi 125 ming dollarni tashkil qiluvchi ushbu turnirda dunyoning 20dan ziyod davlatidan ko'zga ko'ringan tennischilar ishtirok etyapti. CHexiyalik Irji Veseli turnirning birinchi raketkasi sifatida etirof etilgan.
Bugun asosiy to'rning ilk davrasida uch nafar tennischimiz kortga chiqdi. Afsuski, ularning barchasi reytingda o'zlaridan ancha yuqorida turgan raketka ustalariga imkoniyatni boy berishdi.
Jo'rabek Karimov Bosniya va Gercegoviniya vakili Mirza Basichga 4:6, 3:6, Humoyun Sultonov o'tgan yilgi finalchi, slovakiyalik Lukash Lackoga 4:6, 3:6, SHonig'mat SHofayziev esa Yannik Mertensga 4:6, 2:6 hisobida yutqazib qo'ydi.
Ertaga Sanjar Fayziev rossiyalik Evgeniy Donskoyga, musobaqaning amaldagi g'olibi Denis Istomin esa franciyalik Gleb Saxarovga qarshi kortga chiqadi. Toshkent shahrida tug'ilgan Saxarov ayni paytda Franciya sharafini himoya qilyapti. Gleb dunyo reytingida 273-pog'onadan joy olgan.
Fikrlar