13 sen 07:22
Yangiliklar
Medvedev US Open finalida Jokovichning rekordiga yo'l qo'ymadi
Dunyoning ikkinchi raketkasi bo'lib turgan rossiyalik tennischi hal qiluvchi final uchrashuvida sayyoramizning birinchi raketkasi, serbiyalik Novak Jokovichga qarshi kortga chiqdi va uch setda ham bir xil hisobdagi o'zi uchun tarixiy g'alabaga erishdi - 6/4, 6/4, 6/4.
Ikki soatu 17 daqiqa davom etgan finalda 25 yoshli Daniil 4 ta breyk-poynt, 16 ta eys zarbani amalga oshirdi. 34 yoshli Novak esa 6 ta eys zarbani ijro etdi. To'pni o'yinga kiritishda uch bor qo'sh xatoga yo'l qo'ydi. Tennischilarning o'zaro uchrashuvlarida Medvedev hisobni minimal ko'rinishda qisqartirdi - 4:5.
SHu tariqa, Daniil Medvedev faoliyatidagi ilk "Katta Dubulg'a" sovriniga ega chiqdi. Muvaffaqiyatli ishtirok rossiyalik tennischiga 2,500,000 dollar mukofot puli hamda 2000 reyting ochkosini taqdim etdi. Medvedev bu g'alabasi bilan Jokovichning bir mavsumda to'rtta "Katta Dubulg'a" turniri bosh sovrinini qo'lga kiritishiga to'sqinlik qilib qoldi.
Agar Novak Jokovich finalda g'alaba qozonganida, mavsumdagi barcha "Katta Dubulg'a" turnirlari bosh sovrinini qo'lga kiritar va bu bilan afsonaviy Rod Leyverning natijasini takrorlagan bo'lar edi. Serbiyalikning "Katta Dubulg'a"lardagi chempionlik titullari 20 taligicha qoldi. Aynan shuncha sovringa Rojer Federer va Rafael Nadal ham ega.
Fikrlar