28 iyu 11:14
Yangiliklar
Sanjar Rahmonov: “Floyd Meyvezer bilan 5 yillik shartnoma imzoladim”
Bu borada ayniqsa, xorijda, xususan AQSHda faoliyat olib borayotgan aksariyat bokschilarimizning muvaffaqiyatlari tahsinga loyiq. Ular orasida Sanjar Rahmonovning alohida o'rni bor.
O'tgan yildan boshlab dunyoga mashhur “Meyvezer Promoushens” kompaniyasi tarkibida ringga chiqayotgan andijonlik sportchimiz hozirga qadar to'rt g'alaba va bir durangga erishdi. Hozirda Andijonda bo'lib turgan tajribali sportchimiz saytimiz mehmoni bo'ldi.
- Sanjarbek, professonal boksga o'tishingizga nima turki berdi?
- Ko'pchilik etirof etganidek uslubim aynan professonal boksga to'g'ri kelardi. Yoshlikdan men birinchi raqam bo'lib ishlashni yaxshi ko'rardim. Hozir amerikalik boks ishqibozlari aynan bosim bilan ishlaydigan sportchilarni ko'proq yoqtirishadi. Undan tashqari o'z vaqtida Las-Vegas shahrida faoliyat olib borgan ustozimning ukasi Quvonchbek Tayg'onboev, shuningdek, Muhammadqodir Abdullaev kabi akalarimning janglarini ko'rib, menda ham Osiyo va jahon chempionatlarida katta natijalarga erishib, prof boksga o'tish niyatim bo'lgandi. O'zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutni yakunlaganimdan so'ng faoliyatimniyangi yangi yo'nalishda davom ettirish vaqti etganini angladim.
- Biror bir promouterdan taklif bo'lganmi?
- Yo'q. SHartnoma bilan taklif etishmagan. Katta boks konkursiga taklif etishgandi. Borganimdan keyin bazan Roy Jons bazida Floyd Meyvezerga qarashli zallarda mashg'ulotlar olib bordim. Sparring janglarimni kuzatib, murabbiylar tomonidan menga nisbatan qiziqishlar paydo bo'la boshladi. Yarim yilardan so'n Meyvezer kompaniyasidan taklif tushdi.
- Balki, kimdir Las-Vegasda qolishni maslahat bergandir?
- Ochig'i, Nyu-Yorkka bormoqchi edim. Bir murabbiy bilan hamkorlik qilishim kutilayotgandi. Ammo, tajribali bokschi akalarim G'ayrat Ahmedov, Ravshan Xudoynazarovning maslahati bilan Las-Vegasda qolishga qaror qildim. Aynan ular hozirgi murabbiyim Jui Kuper bilan uslubim, tabiatim to'g'ri kelishi va yosh sportchi uchun bu juda ham muhim ekanini aytib, yo'l-yo'riq qo'rsatdilar.
- Til borasida qiynalmayapsizmi?
- Soddaroq so'zlar bilan muloqot qila olaman. Bu safar borganimdan so'ng bu jixatga ham jiddiyroq etibor qaratmoqchiman.
- Sanjarbek, havaskor boksda etiborli natijalarga erishgansiz. Biroq, yanada kattaroq boks “qozonida” qaynay boshlaganingizdan so'ng qandaydir xatolaringizni anglayotgandirsiz?
- Bu narsa ko'p hayolimdan o'tadi. Agar hozirgi boksga qarashim, aqlim bo'lganida yanada kattaroq natijalarga erishgan bo'lardim. Negaki, o'sha paytlar vazn tashlash, jangga “nastroy” qilish, yuklamalarni ko'tarib, tushirishda xatolarga yo'l qo'yganimni anglayman. Albatta, hozir ham boksda o'rganadigan narsalarim ko'pu, ammo Amerikadagi ayrim murabbiylarning ish tajribasini ko'rib, yangi yangi xulosalar chiqaryapman. Biroq, nima bo'lganda ham murabbiylarimizning saboqlari Osiyo chempionati, Osiyo o'yinlari va jahon chempiontlaridan olgan tajribalarim tufayli professional boksda sekin asta o'z o'rnimga ega bo'lib boryapman.
- SHaxsan sportchi sifatida o'zingizda qanday xatolar bo'lgan ekan?
-
Bu xatolarimdan biri vazn tashlashda bo'lgan. Havaskor boksda 64 kgda tushardim.
Bo'y bastim shu vaznga to'g'ri kelgani va kelajak faoliyatimni shu vaznda ko'rganim
bois qiynalsamda, vaznimni ko'tara olmasdim. Vaholanki, erkin yurganimda 71-72 kg atrofida bo'lardim.
- Ortiqcha vazndan kechishning osonroq yo'lini o'rganganga o'xshaysiz?
Ha, albatta. Mana hozir vaznim 75 kg. Har bir jang oldidan 11 kg vazn tashlayman. Lekin jangga 20 kunlar qolganda qiyinchiliksiz bunga erishaman. Amerika iqlimi boshcharoq bo'lgani uchundir balki, bu osonroq kechadi. Ammo bir narsani aytishim kerak, u erdagi murabbiylar ko'proq suyuqliq ichishga majbur qiladi. Aytaylik, har bir jangga 15-20 kun qolganda bir kunda bir galon, yani salkam to'rt litr suvni ichishga undaydi. Agar ortib qolsa, yotishdan avval ham ichishni tavsiya qiladi. Hamkasblarim yaxshi biladiki, sportchi vazn tashlaganda ovqatdan emas, ko'proq suvdan qiynaladi. Aslida suv ko'p istemol qilganingizdan keyin kuchli mashg'ulotlar sabab organizmda cirkulyaciya yaxshi bo'lib, ter orqali ortiqcha vazndan oson xalos bo'lar ekansiz. Undan tashqari torozidan o'tish marosimiga uch to'rt soat qolganda maxsus vanna qabul qilasiz. Suvga ayrim suyuqliklar, tuz kabilar qo'shilgan bo'ladi. Unda ham sportchining badani o'z-o'zidan qizib, yana ancha vazn ketadi.
- Etiborlisi, professional boksdagi birinchi jangdayoq MGM Grand arenasida ringga chiqdingiz...
-
Meni ham bu narsa qattiq xayajonga soldi. Ilk jangim o'ziga xos imtihon edi.
Bellashuvga 20 kunlar qolganda menga: “Agar shu jangni chiroyli tarzda yutsang shartnoma
tuzamiz” deyishgandi. Bellashuvdan oldin qo'llarimni bintlab, zarba kuchini aniqlash
maqsadida elektron moslamalar qo'yilganidan so'ng qo'lqoplarga muhr bosilish
arafasida kutilmaganda qo'shni xonaga taklif etib qolishdi. Hayron bo'lib chiqsam,
besh yillik shartnomani ko'rsatishdi. SHartnomaga imzo chekib, yanada yaxshi kayfiyat
bilan ringga chiqdim va birinchi rauddayoq raqibimni nokautga uchratdim.
- Meyvezer klubiga kim taklif etdi?
- “TMT” jamoasida kimlar bilan hamkorlik qilish va shartnoma masalalari bilan asosan Meyvezerning ukasi Duan shug'ullanadi. Duan meni ikki uchta sinov janglarimni kuzatdi. Sparinglarda kamida 10-20 ta jangda g'alaba qozongan asosan amerikalik raqiblar bilan ishladim. Oxirgi sparringimni ko'rganidan keyin yana bir imtihonli sinov janggi o'tkazishimni aytishdi. Tayyorgarlik ko'rayotganimda esa rasman jangga hozirlik ko'rishimni aytishdi.
- Meyvezer bilan ilk uchrashuv qanday ro'y berdi?
- Birinchi rasmiy janggimga o'n kun qolganda u zalga keldi. Uning yaqin do'sti bo'lgan murabbiyim O'zbekistondan uning jamoasiga kelgan sportchi men ekanimni aytib, yaqindan tanishtirdi. Floyd o'z navbatida mashg'ulot va sparring janglarimni kuzatganini bildirib, kelajakdagi imkoniyatlarimga yuqori baholadi.
- U bilan tez-tez ko'rishib turasizlarmi? Uchrashuvda u ko'proq nimalarni gapiradi?
- Menga turli maslaxatlar beradi. Janglarimdagi yutuq va kamchiliklarimni aytib, o'z munosabatlarini bildiradi. Bo'lajak chempion deb ko'ngimni ko'tarib turadi.
- Mashg'ulotlarda u ko'proq nimalarga etibor beradi?
-
Ko'p kuzataman, chidamlilikka, yugurishga ko'p etibor qaratadi. Kechki paytlar 10-15
kmlar yuguradi. Sparring ishlaganda esa uning bir raundi 10 daqiqadan iborat
bo'ladi. Mashg'ulotlardagi tanaffus 30 soniya bo'lsa, u atiga 10 soniyalar dam olib yana ishini davom
ettiradi.
- “TMT” jamoasida hozirda necha nafar sportchi bor?
- Floyd Meyvezer bilan qo'shib hisoblaganda jami 22 nafar bokschi bor. Ularning aksariyati amerikalik sportchilar. SHuningdek, Osiyo qitasidan men va Evropadan aniqrog'i Ruminiyadan Ronald Gavril degan yana bir oq tanli bokschi bor.
- Ular orasida havaskor boksda etiborli natijalarga erishganlari bormi?
- Amerikada asosan professonal boksga yoshlikdan qiziqishgani bois, undaylar yo'q xisobi. Ammo men shuni tushundimki, havaskor boks professonal boksda yaxshi natijalarga erishish uchun juda ham muhim bosqich ekan.
- Jamoadagi muhit qanday?
- Alo darajada. Klub rahbarlari har ikki oyda bir turli tadbirlar, shoular uyushtirib turishadi. Xatto yaqinda Meyvezer qizining tug'ilgan kuniga ham bizni taklif etib, bayram uyushtirib berdi.
- Ushbu klub azosi bo'lishni istaganlar ko'pmi?
- Juda ham ko'p. Klub rahbarlari ham har tomonlama ko'rib, sinab, kelajakda katta natijalarga erishib, foyda keltirishi mumkin bo'lganlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'ymoqda.
- Etiborlisi, dastlabki yildayoq beshta jang o'tkazdingiz?
- SHartnomaga ko'ra ular shuncha jang tashkil etib berishlari kerak edi. 10 iyulda shartnoma tuzganimga bir yil bo'ladi. Ular ham biz ham o'z majburiyatlarimizni yuz foiz bajardik, desak xato bo'lmaydi. Bu quvonarli albatta. Agar sog'ligim ko'tarsa, tayyor bo'lsam yana musobaqa tashkil etib berishmoqchi.
- SHartnomaga ko'ra sir bo'lmasa bitta jangga qancha berishadi?
- Keling sir bo'la qolsin. Biroq, aytishim mumkinki, hozirgi topayotgan mablag'larim extiyojlarim va ozroq bo'lsada uyimdagilarga yordam berishimga etib turibdi.
- Professional boksning eng nozik tomonlaridan biri shartnoma hisoblanadi. Xatto Kostya Czyu ham faoliyatining dastlabki yillarida aldanib qolgandi?
-
To'g'ri aytasiz. Bu eng nozik masalalardan biri. Ayniqsa, endi professonal boksga
kirib kelayotgan biz kabi sportchi oson aldanib qolishi mumkin. SHukur, u erda bu
borada tajribali akalarim borligi uchun har tomonlama o'ylab, eng maqulini
tanladik.
Suhbatning davomini birozdan so'ng o'qishingiz mumkin...
Ulug'bek Hakimjonov suhbatlashdi, o'z muxbirimiz
BIZNING MA'LUMOT:
Sanjar Rahmonov – 1989 yil Andijon shahrida tug'ilgan. 11 yoshidan boshlab boks bilan shug'ullanadi. Birinchi murabbiyi – Ziyovuddin Tayg'onboev.
64 kgda ringa chiqadi. Bo'yi 171 sm.
Havaskor boksda:
Osiyo chempioni (Xitoy, 2009 yil)
Osiyo o'yinlarining bronza medali sohibi (Guanchjou, 2010 yil)
O'zbekiston chempioni (2013 yil)
Uch karra jahon chempionati ishtirokchisi (Milan 2009 yil, Boku 2011 yil, Olma-Ota 2013 yil). Ko'plab xalqaro turnirlar g'olibi.
Oilada uchta farzand. Sardor, Sanjar, Rayyona.
Dadasi Abdushukur Rahmonov – tadbirkor
Onasi
Umidaxon Rahmonova – o'qituvchi
Fikrlar