12 jan 13:01
Yangiliklar
SHaxmat mojarosi. Aslida nima bo'lgandi? SHaxmatchi qizlarimiz bilan INTERVYU
Ushbu voqelik ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvni keltirib chiqardi.
Olamsport.com sayti ushbu masala yuzasidan shaxmatchimizning opalari - Nafisa Mo'minova va Hulkar Tohirjonova bilan intervyu tashkil etdi.
Avvalroq ushbu intervyu videoko'rinishda taqdim etilgandi. Endilikda intervyuni matnli ko'rinishda o'qishingiz mumkin.
- Avvalambor olamsport.com sayti ofisiga xush kelibsiz. Sizlarni intervyuga taklif qilishimizdan asosiy sabablaridan biri - O'zbekiston shaxmat federaciyasi va Mo'minovlar oilasi bilan yuzaga kelgan muammoli holatga aniqlik kiritishdir. Yani Gulruhbegimning AQSH shaxmat federaciyasi bilan shartnoma imzolaganligiga O'zbekiston shaxmat federaciyasi ham o'z munosabatini bildirib o'tdi. Suhbatimiz jarayonida shu narsaga oydinlik kiritib olsak. Aslida nima bo'lgan edi?
Nafisa Mo'minova: Taklif uchun rahmat. Ushbu holat bu qadar muammoli tarzda yoyilib ketishini kutmagandim. Gulruhbegimni AQSH shaxmat federaciyasiga o'tishi noyabr oyida yuz bergan. Buni federaciyadagilarni o'zi ham bilardi. Bilasiz, bu jarayon osonlikcha amalga oshmaydi. FIDE tomonidan ham Gulruhbegimning AQSH shaxmat federaciyasiga o'tayotgani haqida xat kelgan. Mazkur jarayon qanday qilib tezda ommaga tarqalib ketganini tushuntirib o'tsam. Biz Franciyaning "Tremble" shaxmat klubida o'ynaymiz va klublar o'rtasidagi Evropa chempionatida onlayn tarzda ishtirok etdik. Bu Gulruhbegimning AQSHga o'tganidan keyingi ilk musobaqasi edi, turnirda u Amerika bayrog'i ostida ishtirok etdi. SHundan so'ng shaxmat ishqibozlari, turli saytlar bu haqida yozdi. Bilmadim, balki odamlar noto'g'ri qabul qildimi. Biz federaciya haqida umuman yomon fikr bildirmaganmiz.
Lekin ularning munosabati va yozgan maqolasi biroz ranjitdi. 2014 yilni yodga oladigan bo'lsak, o'shanda Olimpiadaga meni saralashsiz birinchi raqam sifatida olishgan. Ikkinchi raqam ostida esa 2014 yilgi O'zbekiston chempioni Sarvinoz Qurbonboeva ishtirok etishi ko'zda tutilgandi. Uchinchi bo'lib esa singlim Hulkar qatnashishi kerak edi. Terma jamoamiz bosh murabbiyi Vladimir Nikolaevich Elgin ham buni bilardi. U nomzod sifatida, ham reyting sifatida to'g'ri kelardi. Qolgan ikki o'rin uchun saralash turniri o'tkazilgan. Hulkar o'sha vaqt BAAda Osiyo chempionatida ishtirok etayotgandi. Saralashda Gulruhbegim bilan Sevara Boymuradova to'qnash kelgan. Uchinchi bo'lib esa Moxinur Qahramonova ismli qiz chiqqan. Federaciyada esa tushunarsiz ishlar bo'lgan. Ularning rejasi bo'yicha saralashda uchinchi o'rinni olgan shaxmatchi Olimpiadaga borishi, Hulkar esa bormasligi kerak edi. Bir oiladan uchta shaxmatchi mumkin emas degan gaplar bo'lgan.
- Demak, bunday gaplarning yuzaga kelishini sababi bir oiladan bo'lganingizmi?
- Ha, shu darajaga borib etdiki, bu borada o'sha vaqtdagi sport vaziri Murod Aliev bilan ham gaplashganman. Rektorimiz SHoakram aka edilar. O'rtada muzokaralar ham bo'lib o'tgan. Agar shunday bo'lsa, bitta partiya o'ynashsin dedim. Agar singlim 10 partiyadan bittasida yutqazsa bormasligini, bu jamoada o'ynamasligimizni takidladim. Men O'zbekistonni yaxshi ko'raman, yurtim uchun o'ynagim keladi. Lekin bunday tartibda tuzilgan jamoada o'ynamasligimni aytdim. Agar tarkibni bosh murabbiy hal qila olmaydigan bo'lsa, federaciya aniqlaydigan taqdirda u jamoadan yaxshi natija kutamizmi?
- O'sha vaqtda federaciyada shaxmatni tushunadigan, aynan shu sport turiga aloqador insonlar bor edimi?
Hulkar Tohirojonova: SHaxmatni proffessional darajada tushunadigan inson, bu - bosh murabbiy. Qolganlar shaxmatni tushunsa ham, ularning aytganidan chetga chiqa olmaydi. O'sha voqeadan so'ng umuman shaxmat o'ynaganim yo'q. Faqat bir marotaba AQSHda "Thanx giving" turnirida ishtirok etdim. So'nggi turnirim o'sha edi. So'nggi reytingim ushbu turnirda qoldi.
- Ijroiqo'm yig'ilishida bosh murabbiy ham bo'lganligi to'g'rimi? Bayonnomaga bosh murabbiyning fikrlari kiritilmagan...
- Federaciyaning bayonnomasida nima uchundir shuni ko'rmadim. Ozgina shubhaga ham bordim. Bosh murabbiy o'sha vaqt fikrini bildirgan.
- Nafisa, hozirda shaxmat o'ynayapsizmi?
- Hozirda faqat Franciya klubida iltimos qilishgani uchun o'ynab bermoqdaman. 2019 yilning qish oyida ular bilan kelishuvga erishdik. O'tgan yili may oyida turnirda ishtirok etishim kerak edi, lekin pandemiya sabab qatnasha olmadim.
- "Sky Chess"dagi faoliyatingiz davom etyaptimi?
- Albatta, iqtidorli bolalar chiqmoqda. Yaqinda Muhammadzohid "Erkin Vohidov" turnirida ishtirok etdi. Proffessionallar ichida sovrindorlar qatoridan joy oldi.
- O'zbekiston shaxmat federaciyasining chiqargan maqolasida kechirim so'ralgani borasida ham fikrlar keltirilgan...
Hulkar Tohirjonova: Biz hech qachon kechirim so'rab ularni oldiga bormaganmiz va bormaymiz ham. Agarda xato bizdan o'tganida boshqa gap edi. Proffessional inson bir shaxmatchining taqdirini hal qila olmayapti. Vladimir Nikolaevich Elgin tajribali murabbiy hisoblanadi. Xalqaro toifadagi sport ustasi. Nima uchun u insonning gapi o'tmaydida, boshqalar bizning taqdirimizni hal qilishadi? Saralash turniriga kelganda o'ynashing kerak emas deyishgan. U vaqtda O'zbekistonda bo'lmaganman. Xatda rad etdi deb yozishgan. Men qanday qilib rad qilishim mumkin? Saralashda o'ynatishsa yo'q demasdim. Ikkinchidan xatda kechirim so'rab keldi deyilgani ham xato hisoblanadi. Aziza Umarova yozgan barcha malumotlar to'g'ri. Uning gaplarini ham asossiz deb topishgan. Taxmina Turdalieva bilan 2000 yildan beri bitta yosh toifasida o'ynaganmiz. Bu muammolar 2000 yilda Osiyo chempionatiga borishim kerak bo'lgan paytda boshlangan. Taxminani yuboramiz deyishganda dadam "o'zaro o'yin o'ynab ko'rishsin" deganlar. 2002 yil Farg'onada Osiyo chempionati o'tkazilgan. U erda hech qanday razryadga ega bo'lmagan shaxmatchilar ham o'ynagan. Lekin Nafisa Mo'minovani qo'yishmagan, turnirning badal puli bor deyishgan. Dadam 100 dollar to'laganlar, keyinchalik 300 dollar deyishgan. Keyin esa qo'ya olmaymiz deyishgan. Hammaning oldida opamni iqtidorsiz shaxmatchi, shuning uchun qo'ymaymiz deb aytishgandi. Yosh bolaga hammani orasida qanday qilib bu gaplarni aytish mumkin? Birinchidan, bu tarbiyasizlikning bir ko'rinishi, ikkinchidan esa ruhiy bosim. SHu paytgacha hech qaerda gapirmadik. Federaciya shunday ketyaptimi, biz ham shunday ketamiz.
- Hozirda muhit qanday?
- Bizni yo'qotadigan narsamiz yo'q. Singlim AQSH shaxmat federaciyasiga o'tib ketdi, federaciya asossiz uni terma jamoadan chetga chiqarib tashladi. O'qishga kirgan bo'lsa uni O'zbekiston terma jamoasidan chiqarib tashlashga nima haqqi bor edi? Onlayn Olimpiada bo'lib o'tdi, hech qanday taklif bo'lmadi. Terma jamoaga ham taklif qilmaydigan bo'lsa, bunday federaciyada nima qilaman dedi.
- Balki jahl ustida chiqarilgan qarordir?
Nafisa Mo'minova: Uning o'zi qarorni qabul qildi. O'sishim uchun kerak dedi, dadam bizni shunday tarbiyalaganlar: hamma o'zi uchun o'zi qaror qabul qiladi. Biz faqat qarorini hurmat qildik. 2014 yil o'sha voqealardan keyin ikkita Gran-pri musobaqasi qolgandi. O'shandan so'ng shaxmatdagi faoliyatimni tugatdim. O'zbekiston terma jamoasida 2016 yilgi Osiyo kubogida o'ynadim. Vladimir Nikolaevichning hurmati uchun o'ynadik. O'ynash niyatim bor edi, keyin faqat Oliy ligada o'ynasamgina qaytishim mumkinligini takidlashdi. Zaxira ko'p bo'lsa, raqobat kuchli bo'lsa o'ynab o'zingizni ko'rsatishingiz mumkin. Lekin bizda qizlar orasida zaxira umuman yo'q. Kimni ayta olamiz? 4-5 yil oldin o'ynagan tarkib yana o'ynamoqda. Men kimga nimani isbotlayman?
- Qizlarimiz orasida Bahora Abdusattorovani aytishimiz mumkin, ular o'sishdan to'xtab qoldimi?
- Ularning natijalari haqida yangilik eshitmadim. SHuningdek, xatda Nafisaning xalqaro unvonlar olishi uchun Gran-Pri tashkil qilib berdik, 300 ming dollar sarfladik deya keltirilgan. Xuddiki, men uchun sarflashgandek. Federaciyadagilar musobaqani o'tkazish uchun olishgandir. Ular aynan men uchun tashkil qilishganiga ishonmayman. Bu payt men xalqaro grossmeyster unvonini olib bo'lgandim, men uchun tashkil qilishni keragi yo'q edi. O'zbekistonda reyting bo'yicha faqat men o'ynashim mumkin edi, xolos. Bir necha ming dollarlarlab pul oldi deyishgan, to'rtta bosqichda ishtirok etgan bo'lsam 8 yoki 9 ming dollar olgan bo'lishim mumkin. Ochiq aytishim kerak, proffessional murabbiyning bir soati 100 dollar turadi. Proffessional shaxmatchi haftada 6 soatdan 7 soatgacha professional murabbiy bilan ishlashi kerak. Qancha harajat kelishini hisoblab chiqingchi? Bir marotaba menda shunday imkoniyat bo'lgan. Gulruhbegim ham o'smirlar o'rtasidagi rasmiy turnirda sovrindor bo'lgan, lekin pul to'lanmagan. Barcha turnirlarga dadam olib yuradi. O'zbekiston sharafini himoya qilayotgandan keyin ozgina qo'llab quvvatlash kerak deb o'ylayman. Agar dadam homiylik qilmaganlarida biz shu darajaga chiqmagan bo'lar edik. Federaciya xatda dadasi, oila azosi aralashishga haqqi yo'q deb yozgan. Lekin dadam bizning rasmiy murabbiyimiz bo'ladi. Ham bir nechta funkciyalarni bajarganlar. SHu bois bizning nomimizdan to'laqonli gapirishga haqqilari bor deb o'ylayman. Biroq dadam O'zbekiston terma jamoasida o'ynashimizga qarshi bo'lmaganlar, qarorni o'zimiz chiqarishimizni aytganlar. Ijtimoiy tarmoqlarda to'polon ko'tarish niyatimiz yo'q edi. Ammo federaciyaning yozgan xatiga javob bermasak bo'lmasdi. Ular ustimizdan mag'zava ag'darishdi desak ham bo'ladi. Men O'zbekistondan chiqib boshqa federaciya bilan shartnoma imzlashim yoki shu erda qolib boshqa ish bilan shug'ullanishim kerak edi. Ikkinchi yo'lni tanladim, maktabimni ochdim. Osiyo chempionati, Jahon chempionatlarida natija ko'rsata oladigan bolalarimiz bor. Gulruhbegimda ham shunday holat bo'lishini istamadik.
Kamoliddin Alimov va Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi
Fikrlar