03 avg 10:10
Yangiliklar
Sindarov Grand Chess Tour: Saint Louis Rapid & Blitz 2026 peshqadamlar safida
Ushbu nufuzli turnirda hamyurtimiz Javohir Sindarov ham dona surmoqda. Musobaqaning birinchi kuni rapid bo'yicha uchta tur uchrashuvlari o'tkazildi. Javohir 1-turda oq donalarda niderlandiyalik duranglar qiroli Anish Giri, 2-turda germaniyalik Vinsent Keymer bilan murosaga keldi. Uchinchi turda esa niderland grossmeysteri Yorden van Forest mag'lub etildi.

SHu tariqa, birinchi kungi bahslardan so'ng hindistonlik Rameshbabu Praggnanandha 2 g'alaba va 1 durang evaziga 5 ochko bilan turnir jadvalida peshqadam bo'lib oldi. Bir g'alaba va 2 durangga ega Javohir Sindarov 4 ochko bilan qo'shimcha ko'rsatkichlarga ko'ra 2-o'rinni band etgan. AQSH vakili Uesli So hisobida ham 4 ochko bor.

Bugun rapid bo'yicha bahslar davom ettiriladi. Partiyalar bizning vaqt bilan soat 22:00da boshlanadi. To'rtinchi turda Javohir qora donalarda peshqadam Rameshbabuga qarshi bahs olib boradi.
Malumot uchun, uchrashuvlar rapid va blic yo'nalishlarida tashkil etiladi. Rapidda vaqt nazorati 25+10, blicda esa 5+2 formatida bo'lib o'tadi.
Ishtirokchilarning to'liq tarkibi: Javohir Sindarov (O'zbekiston), Fabiano Karuano, Levon Aronyan, Uesli So, Lener Dominges, Avonder Liang (barchasi AQSH), Vinsent Keymer (Germaniya), Anish Giri, Yorden van Forest (ikkisi ham Niderlandiya), Rameshbabu Praggnanandha (Hindiston).

Fikrlar