04 avg 10:29
Yangiliklar
Sindarov hamon Grand Chess Tour: Saint Louis Rapid & Blitz 2026 peshqadamlar safida
Ushbu nufuzli turnirda hamyurtimiz Javohir Sindarov ham muvaffaqiyatli dona surmoqda. Musobaqaning ikkinchi kuni rapid bo'yicha yana uchta tur uchrashuvlari o'tkazildi. Bu safar ham Javohir mag'lubiyatga uchramadi. U o'tkazilgan uchta partiyada raqiblari bilan durangga imzo chekdi. To'rtinchi turda peshqadam Rameshbabu Praggnanandha (Hindiston), 5-turda Levon Aronyan (AQSH), 6-turda esa qora donalarda Fabiano Karuana (AQSH) bilan murosaga keldi.

Ikkinchi kungi bahslardan so'ng hindistonlik Rameshbabu Praggnanandha peshqadamligini saqlab qoldi. U 9 ochko bilan turnir jadvalida karvonboshiligini davom ettirmoqda. Bir g'alaba va 5 durangga ega Javohir Sindarov 7 ochko bilan sof 2-o'rinni band etgan. Besh nafar grossmeyster hisobida 6 ochkodan bor.

Bugun rapid bo'yicha so'nggi 3 ta tur partiyalari o'ynaladi. Uchrashuvlar bizning vaqt bilan soat 22:00da boshlanadi. Ettinchi turda Javohir oq donalarda amerikalik Lener Domingesga qarshi bahs olib boradi.
Malumot uchun, uchrashuvlar rapid va blic yo'nalishlarida tashkil etiladi. Rapidda vaqt nazorati 25+10, blicda esa 5+2 formatida bo'lib o'tadi.

Ishtirokchilarning to'liq tarkibi: Javohir Sindarov (O'zbekiston), Fabiano Karuano, Levon Aronyan, Uesli So, Lener Dominges, Avonder Liang (barchasi AQSH), Vinsent Keymer (Germaniya), Anish Giri, Yorden van Forest (ikkisi ham Niderlandiya), Rameshbabu Praggnanandha (Hindiston).
Fikrlar