06 iyu 10:31
Yangiliklar

Superunited Rapid & Blitz Croatia. Abdusattorov blic bahslarining birinchi kunini yaxshi o'tkazdi
Mukofot jamg'armasi 175 000 AQSH dollarini tashkil etuvchi musobaqa rapid va blic yo'nalishlarida o'tkazilyapti. Unda Magnus Karlsen, Gukesh Dommaradju, Fabiano Karuana singari shaxmat yulduzlari qatorida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ham sovrinli o'rinlar uchun dona surmoqda.
Musobaqaning to'rtinchi kuni shaxmatchilar blic bahslarining 9 ta turida o'zaro hisob-kitob qilishdi. Nodirbek Abdusattorov 9 ta partiyaning 4 tasida g'alaba qozonib, 2 tasida durang o'ynadi. Magnus Karlsen, Uesli So va Fabiano Karuanaga imkoniyatni boy berib qo'ydi. Amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaradju, shuningdek, Yan-Krishtoff Duda, Ivan Sarich va Alireza Firuzdjani mag'lubiyatga uchratdi. Anish Giri va Rameshbabu Praggnanandha bilan durangga imzo chekdi.
SHu tariqa, Nodirbek Abdusattorov 9 imkoniyatdan 5 ochko jamg'arib, qo'shimcha ko'rsatkichlarga ko'ra 4-o'rinni egallab turibdi. Uchinchi o'rindan joy olgan Yan-Krishtoff Duda hisobida ham 5 ochko bor. Magnus Karlsen 7,5 ochko bilan yakka peshqadam bo'lib oldi. Ikkinchi o'rindagi Uesli So 6,5 ochko jamg'argan. Bugun blic bahslarida yana 9 ta partiya o'tkaziladi.
Fikrlar