03 iyu 12:25
Yangiliklar

Superunited Rapid & Blitz Croatia. Abdusattorov rapid bo'yicha uchta partiyada dona surdi
Mukofot jamg'armasi 175 000 AQSH dollarini tashkil etuvchi musobaqa rapid va blic yo'nalishlarida o'tkaziladi. Unda Magnus Karlsen, Gukesh Dommaradju, Fabiano Karuana singari shaxmat yulduzlari qatorida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ham sovrinli o'rinlar uchun dona surmoqda.
Musobaqa aylanma formatda o'tkazilyapti. Rapid bahslari 9, blic uchashuvlari esa 18 partiyadan iborat bo'ladi. Kecha musobaqaning ilk kuni rapid bahslari doirasida 3 ta tur partiyalari o'tkazildi. Nodirbek Abdusattorov 1-turda qora donalarda niderlandiyalik Anish Giriga imkoniyatni boy berib qo'ydi. Ikkinchi turda hindistonlik Rameshbabu Praggnanandha, uchinchi turda esa mezbonlar vakili Ivan Sarich bilan durangga imzo chekdi.
Turnirda g'alabaga 2, durangga 1 ochko beriladi. Grossmeysterimiz 6 imkoniyatdan 2 ochko to'plab, qo'shimcha ko'rsatkichlarga ko'ra 8-o'rinni egallab turibdi. To'rt ochkoga ega Magnus Karlsen qo'shimcha koeficentlarga ko'ra peshqadamlik qilmoqda.
Musobaqa ishtirokchilari: Nodirbek Abdusattorov (O'zbekiston), Magnus Karlsen (Norvegiya), Fabiano Karuana, Uesli So (ikkisi ham AQSH), Gukesh Dommaradju, Rameshbabu Praggnanandha (ikkisi ham Hindiston), Anish Giri (Niderlandiya), Yan-Krishtof Duda (Polsha), Alireza Firuzdja (Franciya), Ivan Sarich (Xorvatiya)
Fikrlar