01 avg 11:40
Yangiliklar
Umagdagi turnir bosh sovrini Yannik Sinnerda!
Final uchrashuvida biroz kutilmagan natija qayd etildi. Reytingda 10-pog'onadan joy olgan italiyalik Yannik Sinner dunyoning beshinchi raketkasi, ispaniyalik Karlos Alkarazni 6/7(5), 6/1, 6/1 hisobida mag'lub etib, bosh sovrin sohibiga aylandi.
Tennischilar kortda 148 daqiqa harakat qilishgan. O'zaro uchrashuvlarda hisob tenglashdi - 2:2. Sinner 2 ta, Alkaraz esa 6 ta eys zarbasini amalga oshirgan. Yannik faoliyatida ilk bor Top-5`dagi tennischini mag'lub etdi. Ungacha hisob Top-5`dagilar foydasiga 0:13 edi.
Sinner mavsumdagi birinchi, faoliyatidagi oltinchi sovrinni qo'lga kiritdi. Xorvatiyadagi muvaffaqiyatli ishtirok italiyalikka 81,310 evro mukofot puli hamda 250 reyting ochkosi keltirdi. Yannik grunt qoplamali turnirlardagi birinchi sovriniga aynan Umagda ega chiqdi.
Qiziq tomoni shundaki, Alkaraz ketma-ket ikkinchi finalda yutqazdi. O'tgan hafta u Gamburg turnirining finalida Lorenco Muzettiga imkoniyatni boy bergan edi.
Fikrlar