04 sen 07:01
Yangiliklar
US Open 2026. Birinchi raketkamiz ikkinchi davrada dunyoning 20-raketkasiga qarshi kortga chiqdi
O'zbekistonning birinchi raketkasi Mariya Timofeeva 1/64 final uchrashuvida sloveniyalik Tamara Zidanshekni 6/3, 7/5 hisobida mag'lubiyatga uchratgandi. Afsuski, vakilamiz 1/32 final bahsida dunyoning 20-raketkasi, belgiyalik Elize Mertensga 2/6, 6/7(5) hisobida imkoniyatni boy berib qo'ydi. Mariya ikkinchi setda 3/5 hisobida o'yinni boy bera turib, tay-brekka qadar o'yinni olib borishga muvaffaq bo'ldi. Tay-brekda ham 5/3 hisobida oldinda edi, ammo tajriba yakunda o'z so'zini aytdi.
Taqqoslash uchun, Timofeeva hozirda WTA reytingida 86, Elize Mertens 20-o'rinni egallab turibdi. Tennischilarning o'zaro ikkinchi uchrashuvida ham Elize g'alaba qozondi. Bir soatu 48 daqiqa davom etgan uchrashuv davomida ikkala tennis malikasi ham 3 tadan qo'shxatoga yo'l qo'ydi. Eyslar bo'yicha esa Mariya ustunlik qildi - 2 ga 0.
Mariya Timofeeva US Open turniridagi ishtirokidan 130 reyting ochkosi hamda 190 ming AQSH dollari miqdorida mukofot puli ishlab oldi.

Fikrlar