24 may 13:50
Yangiliklar
19 yoshidayoq "Ulkan toj" sovrinini yutgan afsona - Rafael Nadal haqida
Olamsport.com arxividan:
Ushbu musobaqa haqida gap ketganida tennis muxlislari ko'z o'ngiga grunt kortlar qiroli - Rafael Nadal keladi. Ana shu nufuzli musobaqa oldidan dunyo tennisi yulduzi, ispaniyalik torrido Rafael Nadal haqidagi malumotlarni etiboringizga taqdim etishga qaror qildik.
To'liq ismi - Rafael Nadal Parera. 1986 yilning 3 iyunida Ispaniyaning Manakor shahrida dunyoga kelgan. Otasi Sebastyan Nadal - biznesmen, shaxsiy sug'urta kompaniya va restoraniga ega. Onasi - uy bekasi. Mariya Isabel ismli singlisi bor. Rafa uch yoshidan tennis bilan shug'ullanishni boshlaydi. Unga yoshligidan tennis sirlarini amakisi Toni Nadal o'rgatib kelgan. Nadal yoshligida tennisdan tashqari futbol bilan ham tengma-teng shug'ullanib boradi.
Sakkiz yoshga to'lgan Rafael o'n ikki yoshgacha bo'lgan tennischilar o'rtasida o'z mintaqasida tengsiz deb topiladi. O'n ikki yoshida Ispaniya va Evropada o'z yoshida ko'plab musobaqalarda g'oliblikni qo'lga kiritadi, shu bilan birga futbolni xam tashlab qo'ymaydi. SHunda otasi unga futbolni yoki tennisni tanlashi kerakligini aytadi. Nadal tennisni tanlaydi va futbol bilan shug'ullanishni to'xtatadi.
Rafael Nadal o'n to'rt yoshga to'lganida Ispaniya tennis federaciyasi tomonidan unga Barselonaga ko'chib o'tish taklifi beriladi. U erda tennis sirlarini yanada chuqurroq o'rganish mumkin edi. Ammo otasi bunga ko'nmaydi. Gap shundaki, otasi uning o'qishi pasayib ketishidan xavfsiraydi. Keyin amakisi Toni Nadal ham yaxshi tennischi bo'lish uchun albatta Amerika yoki boshqa yurtlarga chiqish shart emasligini, o'zi tug'ilib o'sgan joyda ham yaxshi tennischi bo'lib etishishi mumkinligini aytadi. SHunday qilib, Rafa Monakorda qoladi va tennis uchun kerak bo'lgan barcha harajatlarni Ispaniya tennis federaciyasi emas, balki uning otasi qoplaydi.
Nadal o'n besh yoshida professional tennisdagi faoliyatini boshlaydi. O'sha yili Nadal ikkita ITF musobaqasida qatnashadi. Qahramonimiz 2002 yili, 16 yoshida o'smirlar o'rtasidagi "Uimbldon"' musobaqasining yarim finalga qadar etib boradi. 2003 yil ikkita "CHellenjer" musobaqasida zafar quchib, kattalar o'rtasidagi "Uimbldon"ning uchinchi davrasigacha etib boradi.
Rafa 17 yoshidayoq dunyo reytingning 51-o'rnigacha ko'tarila olgan.
2004 yil "Avstraliya Open"ning uchinchi davrasida Leyton Xyuittga uch setda mag'lub bo'ladi. Mart oyida Mayamidagi "Masters"da Rojer Federerni mag'lub etib shov-shuvga sabab bo'ladi. 18 yoshu 6 oylik bo'lgan Nadal Ispaniya terma jamoasi bilan ilk bor "Devis kubogi"da g'alaba qozonadi. AQSH terma jamoasiga qarshi hal qiluvchi bahsda hisob 2-2 bo'lib turgan vaziyatda, dunyo reytingi peshqadami Endi Roddik ustidan g'alaba qozonadi.
2005 yilgi "Avstraliya Open" musobaqasining to'rtinchi davrasida yana o'sha Leyton Xyuittga, bu safar besh set yakuniga ko'ra imkoniyatni boy beradi. Ikki oy o'tib Mayamidagi "Masters" finalida Federerga qarshi kortga chiqadi. Setlar bo'yicha 2-0 xisobida oldinda borayotgan Nadal yakunda besh setda 6/2,7/6,6/7,6/3,6/1 hisobida mag'lub bo'ladi (o'sha vaqtlar "Masters"lar besh setdan iborat bo'lgan). Bu uchrashuv ham o'sha payt katta shov-shuvlarga sabab bo'lgandi.
SHundan so'ng, Nadal grunt (tuproqli kortlar) mavsumini alo darajada o'tkazib, ketma-ket 24 uchrashuvda g'alaba qozonadi va mashhur Andre Agassining rekordini yangilaydi. Avvaliga Monte-Karlo "Masters"i finalida argentinalik Gilermo Koriyani, keyin Barselonada musobaqaning hal qiluvchi bahsida hamyurti Xuan Karlos Ferreroni, Rimdagi "Masters"da yana o'sha argentinalik Gilermo Koriyani mag'lub etadi. Bu g'alabalar unga jahon reytingida beshinchi o'ringa ko'tarilish imkonini beradi. Bu muvaffaqqiyatlar Rafael Nadalni Franciya ochiq chempionati favoritiga aylantirdi. Qaxramonimiz yarim finalda Rojer Federerni mag'lub etadi. Finalda esa, argentinalik Mariano Ruben Puertani mag'lub etadi va erkaklar orasida "Rolan Garros"da ilk bor qatnashib, o'sha yiliyoq chempion bo'lgan ilk tennischi sifatida tarixga kiradi. Bu g'alaba Nadalni reytingda uchinchi o'ringa ko'tarilishiga imkon yaratadi.
CHim kortlardagi ishtiroki esa omadsiz yakun topadi. Avvaliga Galleda ilk davrada, keyin "Uimbldon" bahslarida ikkinchi davrada Jil Myullerga imkoniyatni boy beradi.
"Uimbldon"dan so'ng ketma-ket 16 uchrashuvda g'alaba qozonib, uchta musobaqada g'oliblikni qo'lga kiritadi. Bu g'alabalar Nadalni 2005 yil 25 iyul kungi reytingda ikkinchi o'ringa olib chiqadi. Etibor bering, o'sha paytlar Nadal endi 19 yoshni qarshilagandi.
AQSH ochiq chempionatida ikkinchi bo'lib saralangan Nadal uchinchi davrada mag'lubiyatga uchraydi. Oktyabr oyida esa oyog'idan jaroxat oladi va mavsumni muddatidan oldin yakunlaydi.
2006 yil boshini jarohati sabab o'tkazib yuborgan Nadal grunt mavsumda ketma-ket 24ta uchrashuvda g'alaba qozonadi va to'rtta titulni o'ziniki qilib oladi. Monte-Karlo va Rimdagi "Masters"lar, Barselonadagi musobaqa va Franciya ochiq chempionati finalida g'oliblikni qo'lga kiritadi. Keyinroq, "Uimbldon", finalida Federer revansh olishga erishadi va to'rt set yakuniga ko'ra bu safar Rafani mag'lub etadi. AQSH ochiq chempionatining chorak finalida rossiyalik Mixail Yujniyga to'rt setda mag'lubiyatga uchraydi. Qaxramonimiz bu yilni xam ikkinchi o'rinda yakunlaydi (bungacha faqat Andre Agassi ketma-ket ikki yil 1994-95 mavsumni reytingda ikkinchi o'rinda yakunlay olgandi xolos).
2007 yil Rafael Nadal yil boshida Indian-Uellsdagi "Masters"da g'alaba qozonadi. Keyin grunt mavsumida yana to'rtta musobaqada g'alaba nashidasini suradi. Monte-Karlo va Rimdagi "Masters" musobaqalarida, Barselonada g'alaba qozonadi. Gamburgdagi musobaqa finalida Rojer Federerga imkoniyatni boy beradi. SHu tariqa, Rafaning tuproqli kortlardagi ketma-ket 81 g'alabali seriyasiga Federer nuqta qo'yadi. Nadalning 81 ta g'alabali seriyasi mutloq rekord hisoblanadi.
Hozirgi kungacha bu rekordni xech kim yangilay olgani yo'q. Rafael Nadalning "gruntlar qiroli" deb atalishiga sabab xam mana shu rekordi xisoblanadi. Barselona va Rimdagi musobaqalar oralig'ida Nadal Federerni Malorkadagi "Qoplamalar jangi" nomli ko'rgazmali musobaqada mag'lub etadi. Ko'rgazmali turnirning bunday nomlanishiga sabab, kortning yarmi tuproqli, yarmi esa chimdan iborat edi. Keyinroq nadal "Rolan Garros" finalida Rojer Federerni mag'lub etadi. Maysali kortlar mavsumini Londonda boshlaydi, lekin o'tgan yilgidek chorak finalda to'xtatiladi. "Uimbldon" bahslarida olti uchrashuvda zafar quchib finalgacha etib boradi. Hal qiluvchi o'yinda besh setda Rodjer Federerga mag'lub bo'ladi. Takidlab o'tish lozimki, ushbu final 2001 yildan buyon "Uimbldon" musobaqasidagi ilk besh setlik uchashuv edi. Yilning ikkinchi yarmida Nadal turli xil jarohatlar bilan kurashadi.
2008 yilni qahramonimiz CHennai shaxrida boshlaydi. U erda finalda rossiyalik Mixail Yujniyga 6/0,6/1 hisobida yutqazib qo'yadi. Undan so'ng, "Avstraliya Open" yarim finalida franciyalik Jo-Vilfred Congaga, Dubayda chorak finalda Endi Roddikka, shuningdek Indian-Uells "Masters"i yarim finalida Novak Jokovichga mag'lub bo'ladi. Mayamidagi musobaqa finalida esa rossiyalik Nikolay Davidenkoga mag'lubiyatga uchraydi.
Grunt mavsumida odatga ko'ra to'rtta musobaqada qatnashgan sportchi Monte-Karlo “Masters”i, Barselona va Gamburgda, xamda ''Rolan Garros''da g'alaba qozonadi. CHim mavsumida esa faoliyatidagi ilk bor maysali kortlardagi titulini ''Queen’s Club'' musobaqasida qo'lga kiritadi. “Uimbldon” finalida kimsan Federerni besh setlik trillerda taslim etadi. O'sha yili Xitoyning Pekin shahrida bo'lib o'tgan Olimpiya o'yinlarida oltin medalni qo'lga kiritgan Nadal reytingda Federerni ikkinchi o'ringa surib qo'yadi (o'sha vaqtlar olimpiya o'yinlaridagi g'alabalar uchun reyting ochkolari berilgan).
Rafael Nadalni grunt kortlar qiroli deb atashimizga bir nechta sabablar bor. Nadal faoliyati davomida umumiy hisobda 17 bor “Katta dubulg'a” musobaqalarida g'alaba qozongan bo'lsa, ulardan o'n bittasi ''Rolan Garros''ga to'g'ri keladi. Bu mutloq rekord xisoblanadi. Bir marta ''Avstralian Open''da, ikki marta ''Uimbldon''da va uch marotaba AQSH Ochiq chempionati bosh mukofotini qo'lga kiritgan. Nadal undan tashqari to'rt marta Ispaniya terma jamoasi bilan norasmiy jahon chempionati hisoblangan “Devis kubogi” musobaqasida g'alaba qozongan. To'rt karra (ATP) yilning eng yaxshi tennischisi (2008, 2010, 2013, 2017 yillar). 34 marta “Masters” musobaqalarida g'alabaga erishgan. 2005 yilning 8 aprelidan to 2007 yilning 20 mayiga qadar tuproqli kortlarda ketma-ket 81 ta g'alabaga ega. Umumiy hisobda grunt qoplamali kortlarda 58 ta titulga ega. Bu tennis tarixida rekord nataja hisoblanadi.
Nadalning 10ta "Rolan Garros" finalidan keyingi holati
Rafael Nadalning eng muhim ko'rsatkichlaridan biri shuki, u 2005 yildan hozirgi kungacha ATP reytingida kuchli o'nlikni tark etmadi. Yaqin kunlarda start oladigan ''Rolan Garros'' da ham chempionlik uchun asosiy davogarlardan biri bo'lib turibdi. Xaqiqattan xam buyuk tennischi! SHunday emasmi?
Qayd etish lozimki, ushbu mavsumda Rafaning ishlari ko'ngildagidek kechmayapti. Biroq, Rimdagi turnirga kelibgina u o'ziga o'xshadi. Oldinda yilning eng muhim 4 turniridan biri turibdi. Ko'ramiz, yaqinlashib kelayotgan "Rolan Garros"da u o'z chempionlik unvonini himoya qila olarmikin?
Husniddin Mirzaliev tayyorladi
Fikrlar