22 iyu 15:21
Yangiliklar
Denis Istomin haqida siz bilgan va bilmagan faktlar
Denis Olegovich Istomin – 09.07.1986 (33 yosh)
Bo'yi: 1.88 m
Vazni: 88 kg
Ishlab topgan jamg'armasi: $ 6 135 208
Rossiyaning Orenburg shahrida tug'ilgan, 3 oyligida oilasi O'zbekistonga ko'chib kelgan.
«Otam Toshkentdan va qarindoshlarim ham shu shaharda yashashgan. Butun oilamiz yig'ilib, shu erga ko'chib kelganmiz», – dedi Denis Istomin.
2004 yildan boshlangan tennisdagi faoliyatida hozirgi kungacha onasi Klaudiya unga murabbiylik qilib keladi. Jahon turlarida hech bir o'yinchi bunday murabbiyga ega emas. U onasi murabbiy bo'lgan klubda tennis bilan shug'ullanishni boshladi.
Uning tennischi bo'lish orzusi 14 yoshida avtohalokatga uchrab, jiddiy jarohat olganida deyarli tugadi. Oyoq soni parchalanib ketdi, qo'li uch joydan sindi, panjalar shikastlandi.
«Bu O'zbekistonda sodir bo'ldi. Biz kichik Futures turniriga ketayotgan edik, yo'lda baxtsiz hodisa yuz berdi. Mashinamiz 4 marotaba ag'darilib ketdi. Natijada oyog'imni sindirdim, qolgan bolalar engil jarohatlar olishdi», – deydi Istomin.
Uch oy ichida kasalxonada Istominning tanasiga 80 ta chok tushdi. Jarohatdan so'ng Denis ikki yil davomida tennis o'ynay olmadi. Bu juda og'ir va engib o'tish qiyin davr bo'lgan, ammo u onasining qo'llab-quvvatlashi tufayli sportni tark etmadi. Uni o'ziga ishontirdi.
Denis Istomin: «SHifokorlar menga boshqa tennis o'ynay olmaysan, deyishgan edi. Bugun esa men dunyoning ikkinchi raketkasi Novak Jokovichni yutdim».
Baxtsiz hodisadan so'ng tennisga qaytish uchun kurash, shubhasiz, Denisning ruhiyatini kuchaytirdi va uni o'z fikrida qatiylashtirdi.
Kun kelib, Denis ilk marta ATP dunyo turnesida o'ynash lazzatini tuydi, u erda faoliyati uchun foydali bo'lgan tajribalar to'pladi. Birinchi uchrashuvdayoq uni markaziy kortga qo'yishdi (bu har doim har qanday o'yinchi uchun qiziqarli, ayniqsa birinchi marotaba bo'lsa) «Hayajon bo'lishiga qaramay, juda quvonchli tuyg'u edi. Men yaxshi o'yin namoyish qildim va tomoshabinlar olqishlashganda, yoqimli zavqni his qildim va menga kuch bag'ishladi», – dedi Istomin.
Bugungi kunda Istomin ATR reytingining 156-pog'onasini egallab turibdi, ammo u o'z vaqtida TOP-50 talikka kirgan. U ilk bor 2009 yilda 100 talikka kirib, pog'onama-pog'ona o'sishda davom etdi va karerasidagi eng yuqori cho'qqiga ko'tarildi. 2012 yilda u o'zining «personal best» ko'rsatkichini namoyish etdi va dunyodagi 33-raketkaga aylandi. Denis O'zbekistonning doimiy ravishda birinchi raketkasi bo'lib kelyapti.
2017 yilgi Avstraliya ochiq chempionatida Denis Istomin amaldagi chempion Novak Jokovichni 7:6 (8), 5:7, 2:6, 7:6 (5), 6:4 hisobida mag'lubiyatga uchratib, mavsumning birinchi «Dubulg'a» turnirining asosiy sensaciyasini yaratdi.
Istomin «wild card» orqali Avstraliya chempionatida asosiy to'rdan joy egalladi. Ilgari u ikki marotaba Australian Open musobaqasining uchinchi bosqichiga (2010, 2014) etib borgan va ikkalasida ham Novak Jokovichga yutqazgan edi.
Istomin “Katta Dubulg'a”da Jokovichni mag'lub etgan birinchi top-100 ga kirmagan ilk o'yinchi bo'ldi. Denis bungacha faqat 2012 yilda top-10 talikdagilardan David Ferrer ustidan g'alaba qozongan edi.
Istomin Katta to'rtlikdagi barcha tennischilariga qarshi o'ynadi. Eng qiyin bahs Rojer Federerga qarshi turish edi.
«Men har doim Federerga qarshi matchlarda qiynalganman, chunki u rang-barang o'yinchi. U hech qachon zarbani bir xil urmaydi, u doimo ritmni o'zgartirib boradi va o'yiningizni buzadi. Har gal turli zarbalarni yo'llaganda, ritmni yaxshi ko'ra olmay qolasiz. Menimcha, Rojer bu borada mahoratli», – deydi Denis.
Endi Marrey bilan uchrashuv haqida ham so'ylab berdi: «Menga uning o'yin uslubi yoqadi. Faqat o'yin uslubi emas, balki texnik tomonlari ham. SHuningdek, tennisga munosabati ham. U har doim birinchi o'rinni egallashini xohlaganman – u bunga loyiq. U bilan Mayamida o'ynagan paytimda, bunday taassurot qoldirmadi. O'shanda yaxshi harakat qilmagan. Balki yo charchagan, yoki jarohati pand bergandir. U juda ko'p xatolarga yo'l qo'ydi. Ammo principial jihatdan Endi juda yaxshi ish qildi va haqli ravishda birinchi o'rinda turadi”.
Faoliyati davomida Istomin ikkita ATR turnirini yutdi. Dastlab 2015 yil Nottingem (Buyuk Britaniya) finalida Sem Kuerrini mag'lub etdi, ushbu turnirning mukofot jamg'armasi 589 ming evroni tashkil qilgan. 2017 yilda esa Xitoyda o'tadigan «Chengdu Open» turniri finalida Markos Bagdatis ustidan zafar quchdi.
Denis Istominning sevimli musobaqasi WIMBLEDON
«Menga Uimbldon turniri yoqadi. CHunki men maysali kortlarni yaxshi ko'raman. Menga tashkilotchilik, qadimiy muhit juda manzur bo'ladi», – deydi Denis.
2018 yilda Denis Istomin Osiyo o'yinlarining oltin medalini qo'lga kiritdi va shu bilan birga Tokio-2020 Olimpiya o'yinlariga yo'llanma oldi. Finalda xitoylik Vu Ibinni 2/6, 6/2, 7/6 (7/2) hisobida mag'lubiyatga uchratdi.
Ko'rishdagi muammo tufayli Denis ko'zoynak bilan o'ynaydi. Bundan tashqari, ushbu aksessuardan faqat Yanko Tipsarevich ATR Turlarda foydalanadi. Ammo Jokovich linzalar bilan o'ynashni afzal ko'radi.
Denis Istominning butun tennis karerasidagi statistikasi:
ITF – 50 g'alaba / 21 mag'lubiyat
Challenger Tour – 204 g'alaba / 118 mag'lubiyat
ATP Tour & Grand Slam – 229 g'alaba / 261 mag'lubiyat
Denis o'z faoliyatida 2855 eysni (eys – havodan zarba) amalga oshirgan va 774 ta qo'shxatoga yo'l qo'ygan.
Denis har doim «dunyo reytingida birinchi bo'lish»ni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan.
«Tennis o'ynashni boshlagan har bir o'yinchi dunyoda birinchi o'rinda bo'lishni xohlaydi va men ham xuddi shuni orzu qilaman. Maqsadimga erishish uchun astoydil harakat qilib, mahoratimni oshirib boraman» – deydi Denis.
Fikrlar