02 okt 06:29
Yangiliklar
G'alabalarning katta dovoni
Davlat siyosati darajasida o'tkazilayotgan yig'ilishlar, qabul qilinayotgan qarorlar, dasturlar, “Yo'l xaritalari”ning mundarijasi xalqimiz salomatligini mustahkamlash, ommaviy sportni rivojlantirish, xalqaro sport maydonlarida Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan sportchilar tarkibi va sifatini yanada takomillashtirishga qaratilmoqda. Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev raisligida 4 sentyabr kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ham ushbu masalalar muhokama qilinib, zarur ko'rsatmalar berildi.
Yig'ilishda takidlanganidek, jismoniy tarbiya va sport sohasi boshqaruvini takomillashtirish maqsadida ommaviylikni oshirish borasida bir qator xayrli, istiqbolli ishlar amalga oshirildi. Biri biridan ko'rkam, xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy sport inshootlari bilan birgalikda joylarda ixtisoslashtirilgan mashg'ulot maydonchalari, majmualar barpo etildi. Yurtimizda ommaviy sport tadbirlari o'tkazilishi faollashdi. Xalqaro musobaqalarda sportchilarimizning qo'lga kiritayotgan natijalari sifat va salmoq jihatidan yangi bosqichga ko'tarildi.
Rag'bat va etibor mukofotga munosib
Ammo erishilgan natijalar, ko'zlangan katta g'alabalar yo'lida olib borilayotgan tizimli ishlarning samaradorligini yanada oshirishda hal qilinishi lozim bo'lgan, echimini kutayotgan vazifalar ham borki, bundan ko'z yumib bo'lmaydi. Osiyo va Olimpiya o'yinlari, qita va jahon chempionatlaridagi ulkan g'alabalar ommaviy sport tadbirlarining sifati va tizimliligi orqali qo'lga kiritiladi. SHu jihatdan, joylarda tashkil etilayotgan musobaqalar soni va saviyasi, ularga yoshlarni jalb etish ishlari hozircha talab darajasida emas. Raqamlarga murojaat qilsak, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi taqvim rejasi asosida o'tkazilgan 230 musobaqada Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Toshkent, Xorazm, Farg'ona va Qashqadaryo viloyatlaridan jamoalar ishtirok etmagan. Achinarli holat, shunday emasmi?! Tasavvur qiling, o'sha musobaqalarda mutasaddilarning etiborsizligi, loqaydligi natijasida qanchadan-qancha yoshlarimiz mamlakat miqyosidagi musobaqalarda qatnashishdan bebahra qoldi. Axir, o'sha yoshlar orasida bo'lajak chempionlar, Vatanimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qila oladigan zabardast sportchilar bo'lishi mumkin edimi? Albatta...
Bokschi Muhammadqodir Abdullaev, erkin kurashchi Dilshod Mansurov, futbolchi Odil Ahmedov yoki bugungi kun qahramoni Eldor SHomurodov, dzyudo bo'yicha uch karra Olimpiya o'yinlari sovrindori Rishod Sobirov yoki yaqinda aynan Sobirovning vaznida Tokio tatamisida mo'jiza ko'rsatgan SHarofiddin Lutfullaev bundan 10 yillar muqaddam yosh, o'spirin bola bo'lgani, ular o'sha Andijonu Buxorodan ming bir mashaqqat bilan katta sport maydonlariga talpingani, musobaqalarda qatnashganini bugun barcha yaxshi biladi.
Andijon Olimpiya zaxiralari maktab-internatining kurash murabbiyi Sobir Pardaev Surxondaryodan Bobur yurtiga Lutfullaevni olib kelib, dzyudo sporti sirlarini o'rgata boshlaganida yoshgina bu qoramag'iz yigitcha yillar o'tib yurt orini dunyo maydonlarida munosib himoya qiladigan chapdast polvon bo'ladi, deyishsa o'sha paytlar manaman degan murabbiylar ham ishonmasdi. Respublika birinchiliklari, turli musobaqalarda goh g'alabaga erishib, goh nohaqliklarga duch kelib, “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada o'yinlarida toblangan Lutfullaev haqli ravishda 60 kilogramm vaznda bugun dzyudo bo'yicha olimpiada reytingini boshqarmoqda. Uning jahon chempionatida kumush medalni qo'lga kiritgani Vatanimiz shuhratiga shuhrat qo'shayotganidan dalolat emasmi?
Bugun mahallalarda, chekka-chekka hududlarda minglab shunday sportchilar kamolga etayotgani bor gap. Faqat bunday istedodlarni topish, saralash, ular qalbida sportga mehru muhabbat uyg'otish, mashg'ulotlarga jalb qilmoq uchun rag'bat va etibor kerak. Rag'batni yoshlar qalbiga o'qituvchi-murabbiylar joylaydi. Ularga zarur shart-sharoitlarni yaratish esa mutasaddilar vazifasi. SHu manoda, musobaqalarda g'olib bo'lgan o'quvchi, talabalarni tayyorlagan, voyaga etkazgan jismoniy tarbiya o'qituvchilari va ustozlarini munosib rag'batlantirish maqsadida, ish haqiga qo'shimcha ustama, o'qituvchilik darajasiga tegishli toifa va ilmiy unvonlar berish hamda mamlakat birinchiligida o'quvchisi g'olib bo'lgan murabbiyga "O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jismoniy tarbiya o'qituvchisi" faxriy unvonini joriy etish taklifi davlatimiz rahbari tomonidan alohida etirof etilgani har jihatdan adolatli bo'ldi.
Har bir hududning o'z "sevimli"si bor
Ommaviy sport tadbirlari, xalqaro musobaqalarda qo'lga kiritilayotgan natijalar mundarijasiga etibor berilsa, hududlar kesishmasidagi sport turlarining rivojlanish holati oydinlashadi. Yaqinda zo'r muvaffaqiyat bilan havaskor mahalla jamoalari o'rtasidagi "CHarm to'p" respublika turnirida 13-14 va 18-30 yoshli futbolsevar yoshlarning sovrinli o'rinlari qaysi mahallalarga nasib etgani ham hududlarda millionlar o'yini qay darajada ommaviylashgani, joylarda bu jabhadagi ishlar ko'lami tobora kengayganini ko'rsatyapti. Andijonning boks, Surxondaryoning kurash, Taxiatoshning og'ir atletika, Samarqandning eshkak eshish, Namanganning olis Iskovot qishlog'ida Ilhomjon Turdiev murabbiyligidagi voleybolchi qizlar maktablari misolida ham shu fikrni davom ettirish mumkin.
Yig'ilishda takidlanganidek, mamlakaktimizning ayrim shahar va tumanlarida tayyor sport obektlari va sharoitlar bo'lsa-da, ommaviy sport musobaqalari o'tkazish va shu orqali professional sportchilarni ko'paytirish bo'yicha qilinayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar ko'ngildagidek emas. SHuning uchun, har bir hududda qaysi sport turi rivojlangani, mavjud infratuzilmasi, aholining, ayniqsa, yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, ularni aniq sport turlariga ixtisoslashtirish zarurligi belgilandi. Biroq bu o'sha maskanlarda boshqa sport turlari bilan shug'ullanilmaydi degani emas. SHu kunlarda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutaxassislari tomonidan har bir shahar va tumanni chuqur o'rganib, aniq sport turlariga ixtisoslashtirish bo'yicha tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda "Yo'l xarita"larini ishlab chiqish borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yana bir etiborli jihat. Umumtalim, sport maktablari va oliy talim muassasalari o'rtasida o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinadi. Oliy talim muassasalarini sport inshootlari, kadrlar salohiyati, hududlarning xususiyatidan kelib chiqqan holda, ularni malum bir sport turlariga ixtisoslashtirish belgilandi. Masalan, Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetini qo'l to'pi va taekvondoga, Qarshi davlat universitetini kurash va dzyudoga, Samarqand davlat universitetini basketbol va futbolga, Farg'ona davlat universitetini suzish va belbog'li kurashga, Andijon davlat universitetini boks va mini-futbolga ixtisoslashtirish mumkinligi prezident Mirziyoev tomonidan aytildi.
Bu o'z-o'zidan yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish bilan birga hudud, talim muassasalari va tegishli sport federaciyalarining hamkorlik zanjirini vujudga keltiradi. Va muhimi, professional sportga mahoratlilarni saralash maydonini kengaytiradi. Asosiysi, ushbu tizimning joriy etilishi orqali mamlakatimizda yaxlit sport selekciyasi maktabi yo'lga qo'yilishiga zamin yaratiladi.
Fikrlar